Asror G‘ofurov: Meni terma jamoaga chaqirmasliklari tushlarimga ham kirib chiqadi

  • 28 noyabr, 2018, 10:45
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muxlislarimizga Asror G‘ofurov nomi u qadar tanish eshitilmasligi mumkin. Boisi ushbu futbolchi garchi o‘zbekistonlik bo‘lsa-da, hali o‘zimizning chempionatda biror marta ishtirok etmagan. U asosan Turkiya chempionatida faoliyat olib bormoqda. Shu bois hamma ishqibozlarimiz G‘ofurov haqida bilaverishmaydi. Asosan yarim himoya chizig‘ida to‘p suradigan mazkur o‘yinchi bilan kuni kecha bog‘lanib, bir qator o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javoblar oldik.

Tecno

- Hozircha hammasi yaxshi ketmoqda. Mersin shahrining “Ichelspor” jamoasi sharafini himoya qilyapman, - deya gap boshladi, futbolchi. - Faoliyatim ham o‘z maromida. Chempionat davomida 9-turdan so‘ng 3-o‘rindamiz. Oldinda esa yana 17 ta tur bor. O‘tgan yilgidek yana chempion bo‘lishni xohlayman. Bu erda yaratilgan sharoitlar borasida nolishga haqqim yo‘q. Jamoada mendan tashqari ukrainalik legionerlar ham to‘p surishadi.

- Siz Turkiya 4-ligasida to‘p suryapsiz-a?

- Ha, 4-ligasidaman.

- Bilishimcha, Turkiya anchadan beri faoliyatingizni davom ettirib kelyapsiz. Ayting-chi, shuncha yildan beri u erda sizni nima ushlab turibdi?

- Qiziq va o‘ylantiradigan savol. Futbolga bo‘lgan sevgi deyishim mumkin. Bu erdagi muxlislik, shart-sharoitlar, futboldagi haqiqatlik tufayli o‘zimni chinakam futbolchidek his qilaman. Bu erda insonlar futbolni yuragidek sevishadi. Odamlar stadionlarga chiroyli o‘yinlar ko‘ramiz deb kelishadi. Agar yutqazgan taqdirimizda ham yana muxlislik qilishda davom etishadi, har doim har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlab, dalda berishadi.

- Lekin siz asosan Turkiyaning quyi ligalarida o‘ynab yuribsiz. U erda legioner sifatida yanada yuqoriroq ligalarda to‘p surishni istamaysizmi?

- Bu omadmi yoki omadsizlikmi, bu oddiy narsa. Bu erda 4-liganing 1-2- va 3-ligalardan unchalik farqi yo‘q. Shuningdek, Turkiyada 2- va 3-ligalarda legionerlar to‘p surishlari mumkin emas. Balki shu sababli ham men 4-ligadadirman. Ammo men ham o‘z vaqtida 1-ligada o‘ynaganman.

- Bu bilan siz o‘ynayotgan 4-liganing saviyasini u qadar past emas, demoqchimisiz?

- Men o‘ynayotgan chempionatni 4-liga deb hech kim o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani uchun ko‘pchilik saviyasini past deb o‘ylashadi. Ularni bu fikrlar noto‘g‘riligiga ishonishlari qiyin. Hattoki, qarindoshlarim ham bunga ishonishmaydi.

- Asror, Turkiyada to‘p surib o‘z oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?

- Maqsadim Turkiyaning Superligasiga o‘tib, u erdan Evropaga ketishni istayman. Maqsadsiz inson bo‘lmaydi. Bu – futbol va unda ertaga qanday syurprizlar bo‘lishini ham bilmaymiz. Futbol ichida juda ko‘plab o‘yinchilarning tarixlari bor. Ular avvaliga past ligalarda o‘ynab, keyinchalik kuchli klublarda to‘p surishgan. Men ham umid qilaman va sabr qilaman. Shu bois doim o‘z vaqtimni kutaman, imkon bo‘lishi bilan bundan foydalanaman. Turkiyada besh yildan beri faoliyat olib boryapman. Shu kungacha “Beshiktosh”, “Manisaspor”, “Sokespor”, “Chorluspor”, “Gebzespor” va endilikda “Ichelspor”daman.

- Mahalliy turk tilini ham allaqachon o‘zlashtirib olgandirsiz?

- Ha, albatta.

- Besh yillik faoliyatingiz davomida u erda siz uchun yoddan chiqmaydigan voqealar ham bo‘ldimi?

- Albatta. “Gebzespor” bilan chempion bo‘ldim. Shu bilan birga mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldim. Bundan tashqari, eng ko‘p o‘ynagan va to‘liq 90 daqiqadan to‘p surgan futbolchiga aylandim. Bu men uchun eng esda qolarli yil bo‘lgandi. Mening eng katta muvaffaqiyatim – ozmi-ko‘pmi, o‘z muxlislarimga egaman va meni hurmat qilishadi, doim qo‘llab-quvvatlaydilar.

- Ammo sizni O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalariga chaqirishmagan. Bu sizni o‘ylantiradimi?

- Hattoki tushlarimga ham kirib chiqadi (kuladi). Ochig‘i, meni nega terma jamoalarga chaqirmasligini bilmayman.

- Bugungi kundagi O‘zbekiston chempionati haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Imkon bo‘ldi deguncha chempionat o‘yinlarini ko‘rib boraman. Hozirgi paytga kelib chempionat ancha kuchaygan. Barcha jamoalarning saviyasida o‘sish bor. Faqat stadionlarda muxlislarni yanada ko‘paytirish kerak.

- Siz uchun o‘zimizning klublardan aniq takliflar bo‘lmaganmi?

- Hali hech qaysi o‘zbek klubidan taklif olmaganman. Hattoki, 5 yildan beri Turkiya chempionatida to‘p surishimni bilishmasa ham kerak.

- Demak, hali beri O‘zbekistonga qaytish niyatingiz yo‘qmi?

- Hozircha yo‘q. Chunki Turkiyada ishlarim chakki emas. Lekin kun kelib albatta milliy terma jamoamiz formasini terlataman! Aslini olganda esa o‘zimizga qaytish uchun sabab bo‘lish kerak. Ya’ni, jiddiy taklif bo‘lsagina o‘ylab ko‘rishim mumkin. Hozircha esa mening maqsadim Evropaning boshqa klublarida ham to‘p surish niyatim bor.

- U holda ayting-chi, sizga boshqa chempionatlardan ham takliflar bormi?

- Hozirda faqat Turkiyaning o‘zidan ko‘p takliflar tushadi. Bir jamoa sizni legioner sifatida taklif qildimi, sizga bo‘lga hurmati va e’tibori boshqacha bo‘ladi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi borasida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Bunday vaziyatda o‘zingizni boshqacha his qilasiz. Baribir u erda legioner maqomida to‘p surishning gashti o‘zgacha.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!