
Badiiy gimnastika bo‘yicha respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi (foto)
Gimnastika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida “8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni”ga bag‘ishlab sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha ochiq turnir o‘tkazildi. Turnirda respublikamizning barcha viloyatlari va Toshkent shahridan jami 318 nafar sportchi ishtirok etdi.
2 guruhda ishtirok etgan sportchilar musobaqada o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish bilan birga o‘zlari uchun mahorat saboqlari ham olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Asosiysi musobaqada Respublikamizning chekka hududlarida ushbu nafis sport turi bilan shug‘ullanib kelayotgan sportchilarning ham ishtirok etganligi quvonarlidir.
Bunday musobaqalar badiiy gimnastikaga qadam qo‘ygan va qisqa muddatlarda erishgan mahoratlarini namoyish etish uchun tashrif buyurgan sportchi–qizlar hayotida katta o‘rin tutadi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari esdalik sovg‘alari, medal va diplomlar bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida Toshkent shahri 1-o‘rin, Buxoro viloyati 2-o‘rin va Navoiy viloyati 3-o‘rinni egalladi.
Fikrlar