«Barselona» – «Atletik» uchrashuvi g‘olib va mag‘lublari kim?

La Liganing yakuniga etgan navbatdagi turida «Barselona» klubi yana bir bor qoqildi. Kataloniyaliklar Bilbaoning «Atletik»ini o‘z uyida enga olmadi va 1-1 hisobidagi durangga erishdi.

Ushbu durangdan keyin «ko‘k-anorranglilar» qatorasiga uchinchi marta o‘yinni g‘olib sifatida tark eta olmayapti. Xo‘sh, ushbu uchrashuv kimlar uchun foyda bo‘ldi-yu, kimga ziyon?

G‘olib: Lionel Messi

Messi uchrashuvning startini zaxiradan turib kuzatdi, biroq birinchi taym shuni ko‘rsatdiki jamoa uning xizmatlariga judayam muhtoj. Ernesto Valverde ikkinchi bo‘limda o‘n daqiqa kutgach boshqa sabri chidamadi va argentinalik «sehrli quroli»ni jangga tashladi. Messi maydonga tushganidan keyin kataloniyaliklarning hujumlari jiddiylasha boshladi.

Dastlabki 30 daqiqa ichida Messi boshqa futbolchilar 90 daqiqada ham erisha olmagan natijalarni ko‘rsatdi. Uning bir zarbasi darvoza to‘siniga tegdi, boshqasini Unay Simon qaytardi, yana birini esa Oskar De Markos qaytardi. Jamoadoshlarini ikki-uch bora xavfli vaziyatga chiqardi. Munirning golida esa aynan Leo katta ishni bajardi.

Ushbu o‘yin Messining «o‘nlik» vazifasidagi navbatdagi master-klassi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mag‘lub: Jerar Pike

«Soqolli»ning kuchiga shubha bilan qarayotgan bo‘lsangiz, Pikening o‘tgan haftada ko‘rsatgan o‘yiniga bir nazar tashlang. U Chempionlar Ligasi doirasida «PSV»ga qarshi «toza o‘yin» o‘tkazishda bosh-qosh bo‘ldi. Uch kun o‘tib «Jirona»ga qarshi o‘yinda ajoyib o‘yinini o‘tkazdi. Bu mubolag‘a emas, u «Jirona» darvozasiga boshi bilan chiroyli gol urdi.

Biroq Pike soqolidan qutulganidan keyin uning o‘yinida pasayish sezilarli bo‘ldi. «Barselona» yangi imidjdagi Pike bilan besh golni o‘tkazib yubordi. Eng achinarlisi, bu gollarning barchasi Pikening xatosi bilan sodir bo‘ldi. Aniqroq aytganda, «Leganes»ning birinchi golida uning qisman xatosi bor edi. Qolgan to‘rt gol 100 % uning pala-partish o‘yinidan keying sodir bo‘ldi.

«Atletik»ka qarshi bahsda ham u jamoadoshlaridan ortda qolib ketdi va De Markos ofsayddan qutulib gol urdi.

G‘olib: Oskar De Markos

De Markos hujumdagi futbolchiga aylanib bormoqda. Marselo Belsa qo‘li ostida «o‘nlik» pozitsiyasida davron urayotgan futbolchi qanot himoyasichisiga aylantirildi. Eng qizig‘i bu ish berdi! U o‘zi uchun yangi bo‘lgan pozitsiyada o‘ynab ketolgan edi.

Belsadan keyin u biroz oldinga siljiy boshlagandi. Biroq ayni vaqtdagi murabbiy Eduardo Beritstso uni o‘ng qanot himoyachisiga to‘liq aylantirdi. Beritstsoga ko‘ra De Markosda kuchli himoyachi bo‘lish uchun barcha xususiyatlar etarli ekan. Muhimi uning qanotdan hujumlarga qo‘shilishi klub foydasiga ishlamoqda.

Mag‘lub: Ivan Rakitich

Agarda Rakitich «Barselona» libosida eng yomon o‘yinini o‘tkazgan bo‘lsa, u ham «Atletik»ka qarshi o‘yin bo‘ldi deyishimiz mumkin. Xorvatiyalik futbolchi odatda Valverdening eng ishonchli futbolchisi hisoblanadi. Ammo u himoyada yordam berishda va hujumdagi hissasi bo‘yicha jamoasiga umuman yordam bera olmadi.

Himoyada u «Barselona»ga hech qanday yordam bermadi, odatda u bu ishni a’lo darajada bajarib kelardi. To‘p bilan esa bu safar sarosimaga tushib qolaverdi va imkoniyatlarni birin-ketin yo‘qqa chiqardi.

G‘olib: «Real» & «Atletiko Madrid»

Madrid derbisidagi natijaga qaramay ikkala poytaxt klublari «Barsa»ning o‘yinidan faqat yutishdi. Boisi La Liga peshqadamligida oradagi farqlar sezilarli tarzda o‘zgarmasdan qolmoqda.

«Barselona»ning durangi «Real»ga azaliy raqibi ustidan ikki ochko o‘zib ketishiga imkoniyat tug‘dirgandi. Diego Simeone shogirdlariga esa kataloniyaliklarga etib olishga sharoit yaratgandi. Ayniqsa mavsum startini kuchsiz tarzda boshlagan «Atletiko» uchun yakuniy natijalar qoniqarli bo‘ldi.

Mag‘lub: «Tottenxem»

«Ko‘k-anorranglilar» dahshatli haftani boshidan kechirdi. Ikki durang va bir mag‘lubiyat! Endi ular «Tottenxem»ga qarshi saf tortadi, bu esa kayfiyatni ko‘tarib olishning ayni vaqti. Valverde esa jamoasida ba’zi jabhalarda ijobiy o‘zgarishlarni qilmoqda.

Avvalo, o‘tkazib yuborilgan gol Jerar Pikening mantiqsiz xatosi ortidan sodir bo‘ldi. «Atletik» «Kamp Nou» egalarini qarshi-hujumlar bilan dog‘da qoldira olmadi. Ikkinchidan, Valverde jamoaga 4-3-3 o‘yin sxemasini qaytardi. Bunda yarim himoyachi Koutino chap qanot vingeri sifatida ham 4-3-3, ham 4-2-3-1 o‘yin tizimida to‘liq uchrashuvni o‘tkazdi.

4-2-3-1 o‘yin uslubida Messi markaziy zonadan himoya majburiyatlaridan ozod qilingan holda joy oldi. Bunda u haqiqiy tomoshabop o‘yin o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda faqatgina omad «Barselona»dan yuz o‘girdi. Umuman olganda «Barsa» mavsumga kirisha boshlaganini ko‘rdik. «Tottenxem» «yaralangan sher»ga qarshi o‘ynashni istamagani aniq.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!