Shunchaki dahshat! Husanovning yangi maoshi ma'lum qilindi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov muvaffaqiyatli o‘tgan mavsumdan keyin Angliyaning "Manchester Siti" klubi bilan yangi shartnoma imzoladi.
Manchester superklubining 22 yoshli o‘zbek futbolchisi bilan tuzilgan yangi kelishuvi besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, 2031 yilning yozigacha amal qiladi.
Angliya klubi shartnoma uzaytirilganini rasmiy tasdiqladi, biroq moliyaviy jihatlar ochiqlanmadi.
Biroq ayrim manbalar kelishuvning moliyaviy tomonlari haqida ma’lumotlar chiqara boshladi. Unga ko‘ra, yangi shartnoma shartlariga binoan, Husanovning yillik maoshi taxminan 7,5 million yevroni tashkil etadi.
Shu tariqa, himoyachi oyiga o‘rtacha 625 ming yevro, haftasiga 144 ming yevro atrofida ish haqi oladi. Kunlik daromadi taxminan 20,5 ming yevro, soatiga 856 yevro, daqiqasiga esa 14 yevrodan ortiq pulga to‘g‘ri keladi.
Agar ushbu maosh miqdori butun besh yillik shartnoma davrida saqlanib qolsa, Husanovning bu muddat ichidagi umumiy daromadi taxriban 37,5 million yevroga yetishi mumkin. Bu hisob-kitoblarga o‘yinlar uchun beriladigan mukofotlar, jamoaviy sovrinlar va shaxsiy yutuqlar uchun qo‘shimcha bonuslar kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Husanov 2025 yilning 20 yanvar kuni Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti» safiga qo‘shilgan edi. O‘shanda manchesterliklar yosh o‘yinchi uchun 40 million yevro to‘lab, raqobatchilarni dog‘da qoldirgan.
Angliya klubidagi dastlabki bir yarim yil ichida o‘zbekistonlik futbolchi 47 ta o‘yin o‘tkazib, asosiy tarkibdan mustahkam joy oldi va jamoa yetakchilaridan biriga aylandi.
2025/2026 yilgi mavsumda himoyachi «Manchester Siti» safida Premer-ligada 27 ta, Yevropa Chempionlar ligasida oltita, bosh sovrin qo‘lga kiritilgan ikki turnir - Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogida beshta dan uchrashuvda ishtirok etdi. Mavsum yakuniga ko‘ra, Husanov klubning «eng yaxshi futbolchi» nomiga da’vogar bo‘lgan uchlikka kirdi.

Fikrlar