Engilmas yakkakurashchimiz Elyorjon Narmurzaev 24 noyabr kuni ringa chiqadi
Joriy yilning 24 noyabr kuni Rossiyaning Magas shahrida aralash yakkakurashlar (MMA) bo‘yicha M-1 Challenge 86 xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.
Ushbu janglar kechasining asosiy qarama-qarshiligi turnirning yarim engil vazn toifasida Xamxat Dalgiev (9-1) va M-1 Challenge amaldagi chempionlik kamari sohibi Ivan Buxinger (32-5) o‘rtasida kechadi.
Bundan tashqari shouda yana 11 ta jang o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shulardan birida qo‘l jangi va jangovar sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, kikboksing bo‘yicha jahon chempionati g‘olibi o‘zbekistonlik Elyorjon Narmurzaev (4-0) ham ishtirok etadi. -77,1 kg vazn toifasida kechadigan to‘qnashuvda unga rossiyalik Aleksandr Butenko raqiblik qiladi.

Elyorjon Narmurzaev aralash yakkakurash janglari qoidasi bo‘yicha o‘tkazilgan 4 professional jangda qatnashib, barchasini muddatidan oldin yakunlagan.
Ma’lumot uchun: M-1 Challenge — M-1 Global tomonidan tashkil qilingan aralash yakkakurashlar (MMA) bo‘yicha turnirlar seriyasi. U dastlab 2008 yili “jamoaviy jahon chempionati” sifatida tashkil qilingan. O‘shanda ishtirokchi jamoalar saralash guruhlariga bo‘linib, aylana tarzda o‘zaro to‘qnash kelishgan va guruhdagi g‘oliblar pley-offda aniqlangan. 2010 yildan boshlab, seriya formati chempionlik tituli uchun kurashda yakkama-yakka raqiblikka o‘zgartirilgan.
Fikrlar