FAKT! “Lokomotiv” safarda “Nasaf”ni o‘zaro 13 uchrashuvning 3 tasida mag‘lub etgan xolos
Superliganing 6-turidagi “Nasaf” - “Lokomotiv” bahsi turning markaziy uchrashuvi sanaladi. Bellashuv 11 aprel chorshanba kuni “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tadi va soat 20:00da boshlanadi.
O‘zaro uchrashuvlar tarixiga oid
Ushbu jamoalar milliy chempionatimizda 26 marta to‘qnash kelishgan. O‘tgan uchrashuvlarning 13 tasida “ajdarlar” g‘alaba qozongan. 5 uchrashuvda murosa ko‘chasi tanlangan. Qolgan 8 bahsda “temiryo‘lchilar”ning qo‘li baland kelgan. To‘plar farqi bo‘yicha ustunlik qarshiliklar tomonida 37-27.
Bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlarda “Nasaf” – “Lokomotiv” 5:1 (2 marta), “Lokomotiv” – “Nasaf” 5:2 ko‘rinishidagi eng yirik hisoblar qayd etilgan.
“Nasaf” bu yilgi chempionatda 5 uchrashuv o‘tkazib, 9 ochko to‘pladi va turnir jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda. “Lokomotiv” 5 o‘yindan so‘ng 5 ochko to‘plab, turnir jadvalida 9-pog‘onada bormoqda. Amaldagi mamlakat chempionning bu yilgi chempionatda unchalik omadi chopmayapti.
Qarshidagi o‘zaro uchrashuvlarga oid
Mazkur jamoalar Qarshida shu paytgacha 13 marta o‘zaro kuch sinashganlar. Bu uchrashuvlarning 9 tasida mezbonlar g‘alaba qozonishgan, 3 uchrashuvda “Lokomotiv”ning qo‘li baland kelgan, qolgan 1 uchrashuvda durangga imzo chekilgan. Qarshidagi o‘zaro uchrashuvlarda darvozalarga jami 41ta to‘p kiritilgan, to‘plar farqi - 26-15ni tashkil etmoqda. Demak, to‘plar farqi bo‘yicha ham ustunlik qarshiliklar tomonida.
“Nasaf” o‘tgan yilgi chempionatda “Lokomotiv”ni Qarshida 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Uchrashuvdagi ikki golga ham hujumchi Dragan Cheran mualliflik qilgan. “Lokomotiv” jamoasi esa so‘nggi bor, 2016 yili Qarshidagi uchrashuvda 2:1 hisobida “Nasaf”dan ustun kelgan.
Qarshidagi so‘nggi besh uchrashuv natijalari
2017 yil. “Nasaf” - “Lokomotiv” 2:0
2016 yil. “Nasaf” - “Lokomotiv” 1:2
2015 yil. “Nasaf” - “Lokomotiv” 1:0
2014 yil. “Nasaf” - “Lokomotiv” 2:5
2013 yil. “Nasaf” - “Lokomotiv” 2:1
Uchrashuvga oid yana ma’lumotlar
Bo‘lajak uchrashuv “Nasaf”ning milliy chempionatdagi 624-o‘yini bo‘ladi. Mazkur jamoalar o‘tgan 5-tur uchrashuvida durangga erishdi. “Lokomotiv” – “Qo‘qon-1912” 1:1, “Navbahor” – “Nasaf” 0:0. “Ajdarlar” o‘tgan ikki turda durang qayd etishdi. “Lokomotiv” jamoasi bu uchrashuvga jiddiy yo‘qotishlar bilan tashrif buyuradi. Jamoaning ikki nafar etakchi o‘yinchisi “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Bular Ikrom Aliboev va Rodriges Nivaldodir.

Fikrlar