Forslar «tuzog‘i»ga chap bera olmagan terma jamoalarimiz haqida | 2016 yil

 

Futbol yoki futzal o‘yinlarida biz uchun eng noqulay bo‘lgan raqib - Eron terma jamoasi muxlislarimizni biroz cho‘chitib qo‘yganini tan olishga majburmiz. Ko‘pincha futbolchilarimiz terma jamoalar  miqyosidagi bellashuvlarda  eronliklarga imkoniyatni boy berib qo‘ymoqda.

O‘tgan yilgi mavsumni eronliklarga qarshi bahsdagi mag‘lubiyat bilan boshlab bergan futzal bo‘yicha milliy terma jamoamiz oktyabr oyi boshlariga kelib estafetani futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizga topshirishdi. Oradan hech qancha kun o‘tmay 19 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston qizlar terma jamoasi eronlik tengdoshlarini yirik hisobda mag‘lub etishdi. Noxush an’anaga chek qo‘yildi deb turgan bir paytda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz eronlik raqiblari ustidan zafar qucha olishmagani mayli, lekin biror marta Eron U-19 terma jamoasi darvozasini ishg‘ol eta olishmadi.

Quyida terma jamoalarimizni o‘tgan mavsum davomida eronlik raqiblariga qanday qilib qarshilik ko‘rsata olmagani haqida batafsilroq ma’lumot beramiz.

Orzular ushalmagan damlar ...

O‘tgan yil avvalidagi futzal bo‘yicha Osiyo Chempionati final uchrashuvini yodga olaylik. «O‘zbekiston» sport majmuasiga yig‘ilgan barcha muxlislar (birgina sektorni to‘ldirib o‘tirgan eronlik muxlislardan tashqari) milliy terma jamoamizni g‘alabasiga chindan ham ishongan edi. Dilshod Irsalievning 6-daqiqadagi goli bilan hisobda oldinga chiqib olganimizdan so‘ng ishonch yanada ortdi. Hatto Qodrat Bahodiriyning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi darvozamiz to‘ridan joy olganligi ham g‘alabaga bo‘lgan ishonchni so‘ndira olmadi.

Biroq barcha xursandchilikka Muhammad Keshavarzning goli chek qo‘ydi. Bu ham etmaganidek, terma jamoamizning asosiy darvozaboni Rustam Umarov jarohat sabab maydonni erta tark etdi. Uning o‘rniga maydonga tushgan Klim Tugaev ham ishonchli o‘ynab, murakkab vaziyatlarda jamoamiz joniga oro kirdi. Ammo eronliklar o‘yin so‘nggiga qadar hisobdagi ustunlikni saqlab qoldi. Shu bilan Fors ko‘rfazi vakillari o‘zbekistonliklar ustidan 2016 yildagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi va o‘z yurtlariga chempionat bosh sovrini bilan qaytib ketishdi. Biz esa kumush medallar bilan qolaverdik.

Futzal bo‘yicha Osiyo Chempionati

Final | 21 Fevral, 2016

O‘zbekiston – Eron 1 – 2

Gollar: Dilshod Irsaliev 6 – Qodrat Bahodiriy 9, Muhammad Keshavarz 14


Noxush an’ana davom etdi ...

Ortda qolgan yilning oktyabr oyiga kelib yana o‘sha Eron terma jamoasiga duch keldik. Bu safar eng muhim musobaqa – futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionati saralash bosqichidagi bahs oldidan barcha muxlislar g‘alaba qozonishimizga ishongan bo‘lsa-da,  o‘yin oson o‘tmasligini juda yaxshi anglab turishgan edi. Afsuski, ushbu hadiklar bejiz emas ekan. O‘z maydonimizda eronliklardan uch ochko olib, noxush an’anaga chek qo‘yishni «oq bo‘rilar» eplay olishmadi.

O‘zbekiston terma jamoasining 9 o‘yin iborat g‘alabali seriyasi ushbu uchrashuvda tanazzulga yuz tutdi. Eronga qarshi bahsdagi 0-1 hisobidagi mag‘lubiyatga «sharmandalik» deya ta’rif berishni istamaymiz. Lekin raqib darvozasi tomon biror marta aniq zarba bera olmaslik – bu haqiqiy sharmandalik.

JCh–2018 saralashi. «A» guruhi

3-tur | 6 oktabr, 2016

O‘zbekiston – Eron 0:1

Gol: J.Husayni (27)


Yigitlar o‘rnini qizlar egallaganda ...

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz, yuqorida aytib o‘tilgan mag‘lubiyat alamini olishga faqatgina yoshlar musobaqasida O‘zbekiston qizlar terma jamoasi muvaffaq bo‘ldi xolos. 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasi Kubogining final bahsida maydonga tushgan hamyurtlarimiz Eron terma jamoasini yirik 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Bu g‘alaba ularga turnir g‘olibligini taqdim etdi.

19 yoshgacha bo‘lgan Qizlar o‘rtasida Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasi Kubogi

Final | 17 oktyabr, 2016

O‘zbekiston - Eron 3:0

Gollar: Tojiniso Rashidova, Nilufar Qudratova (dubl)


Yana hammasi avvalgidek...

Bahraynda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida yana hammasi avvalgi holiga qaytdi. 2016 yildagi O‘zbekiston va Eron futbolchilarining so‘nggi to‘qnashuvi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati chorak finaliga to‘g‘ri keldi. Bu bosqichgacha Avstraliya (3:2), Tojikiston (2:1) va Xitoy (1:1) yoshlari bilan o‘ynagan Jasur Abduraimov shogirdlari mag‘lubiyat nimaligini bilmadi. Biroq yana o‘sha forslar hamyurtlarimizni to‘xtatib qolishdi. Rizo Ja’fariyning dubli Eron terma jamoasi yoshlariga 2017 yili Janubiy Koreyada o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi. Bizni yigitlar esa quruq qo‘l bilan vatanimizga qaytib kelishdi. Jamoa bosh murabbiyi bir paytlar milliy terma jamoamizning sobiq bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning o‘sha mashhur so‘zlari bilan barcha aybni o‘z bo‘yniga oldi.

Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati.

Chorak final | 24 oktyabr, 2016

O‘zbekiston - Eron - 0:2 (0:1)

Gollar: Rizo Ja’fariy (14, 47)


Maqola so‘nggida shuni takidlamoqchimizki, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar shunchaki aniq faktlarga asoslangan xabarlarning jamlanmasi edi xolos. Jiddiy tarzdagi tanqid “ohangi“dan yiroq holda bitilgan bu so‘zlardan terma jamoalarimizning sha’niga ta’sir ko‘rsatmaydi deb umid qilamiz. 

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi borasida shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz mumkinki, poezd o‘z o‘rnidan qo‘zg‘alib bo‘ldi. Endi esa yo‘limiz ravon va yakuniy bekat Rossiya shaharlaridan biri bo‘lishi uchun terma jamoamizni chin yurakdan qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak.

Shu yil 23 va 28 mart kunlari O‘zbekiston terma jamoasining Suriya va Qatar terma jamoalariga qarshi uchrashuvlarida stadiondan turib yoki oynayi jahon qarshisida oila a’zolarimiz yoki do‘stlarimiz davrasida yigitlarimizni birgalikda qo‘llab-quvvatlab turish barchamizga nasib etsin.

Фикрлар

Фикр қолдириш учун авторизациядан ўтинг!