
Gamburg-2017: Bokschilarimizning ringga chiqish vaqtlari ma’lum bo‘ldi
Xabaringiz bor, bugun Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionati yarim final bellashuvlariga start beriladi. To‘liq tarkib bilan mundialga yo‘l olgan terma jamoamiz bokschilaridan 6 nafari final uchun ringga chiqish imkoniyatiga ega.
49 kg:
21:15 Hasanboy Do‘smatov (O‘zbekiston) - Yuberjen Martines (Kolumbiya)
Vakillarimiz orasida eng engil vaznda (49 kg) yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Hasanboy Do‘smatov birinchi bo‘lib ringga ko‘tariladi. Raqib ko‘pchilikka tanish bo‘lgan kolumbiyalik Yuberjen Martines.
Bu bokschilari bir yil oldin to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga mezbonlik qilgan Rio Olimpiadasi finalida to‘qnash kelishgan. O‘shanda Hasanboy yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozongan edi.
Umid qilamizki, bu galgi bellashuvda ham vakilimiz raqibiga revansh olish imkoniyatini bermaydi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
64 kg:
22:00 Iqboljon Xoldorov (O‘zbekiston) – Freyudis Royas (AQSh)
64 kg vazn toifasida raqiblari ishonchli tarzda mag‘lub etib kelayotgan Iqboljon Xoldorov final uchun kechadigan jangda amerikalik Freyudis Royasni sinovdan o‘tkazadi. Albatta, yarim finalda kuchsiz raqib bo‘lmaydi, ammo bokschimiz ishonchli harakat qilib, oltin medal uchun kurashni davom ettiradi.
91 kg:
23:00 Sanjar Tursunov (O‘zbekiston) – Evgeniy Tishenko (Rossiya)
Sanjar Tursunovni jahon chempionatining kashfiyotlaridan biri deyish mumkin. Biroq uni final ostonasida o‘ta jiddiy raqib kutib turibdi. Rio Olimpiadasida ushbu vaznda o‘zining tengsizligini isbotlay olgan rus bokschisi osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, o‘ta murosasiz o‘tishi kutilayotgan qarama-qarshilikda Sanjarga omad tilab qolamiz.
Fikrlar