HILOLA BADALOVA – ENGILMAS KARATE USTASI
Hilola Badalova – mamlakatimizning eng iste’dodli sportchilaridan. U nafaqat sportda, balki o‘zi qo‘l urgan har qanday sohada faol va etakchi bo‘lishga urinadi.
Bugun go‘zal sportchi qizimiz o‘zining tug‘ilgan kunini nishonlamoqda. SPORTS.uz axborot portali vaziyatdan foydalanib, Hilola Badalova bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola etadi.
– Karatega qiziqish qachondan boshlangan va bunga nima sabab bo‘lgan?
– Karate bilan shug‘ullanayotganimga o‘n yil bo‘lyapti. Aslida yakkakurashning bu turi bilan shug‘ullanishni kech boshlaganman, ya’ni 11 yoshimda. Bolaligimdan karate, taekvando, dzyudo kabi sport turlari yoqardi. Maktabda o‘qib yurgan paytlarim nimjon, ozg‘in qiz bo‘lganman. Shuning uchun ota-onam meni sportga berishga cho‘chishgan. Kunlardan bir kun maktabda qo‘shimcha darsga qoldim. Darsdan keyin, maktabni aylanib yursam, sport zaldan bolalarning ovozi eshitigan. Qiziqib eshikni ochib qarasam, kimdir kata mashqlarini, texnikani o‘rganayotgan, kimdir qop tepib, urayotgan edi. Shu payt birinchi murabbiyim Temur aka menga: “formang bormi, qiziqasanmi? Qo‘lingdan nima keladi? Qani, ko‘rsatchi”, dedilar.
Formamni almashtirib, zalga kirdim va to‘g‘rimda turgan qopni zarb bilan tepdim. Bog‘chada gimnastika bilan shug‘ullanganim uchun oyog‘imni baland ko‘tara olgan edim. Buni ko‘rgan ustozim meni darro shogirdlikka oldi. Meni maktabdan dadam olib ketardilar. Darsim tugagan bo‘lsa-da, chiqavermaganim uchun qadirib, zalgacha kelibdilar. Dadam karate bilan shug‘ullanishimga qarshilik qilmadilar.
Karatechi bo‘lishim bu – taqdir ekan. Shu bilan mashg‘ulotlarga kirishib ketdim. Aytmoqchi, birinchi musobaqamdayoq sovrindorlar qatoridan joy olib, bronza medalini qo‘lga kiritganman. Bundan yaqinlarim juda va juda xursand bo‘lishgan.
– Karateni tark etish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
– Ba’zan qiynalib ketgan vaqtlarimda shunaqa fikr bo‘lgan, ammo sportchi irodali bo‘lishi kerak, shuning uchun chidab, sabr bilan harakat qilishda davom etyapman. Misol uchun, bir kun mashq jarayonida qo‘limdan hech narsa kelmagan. Judayam ko‘nglim tushib ketdi. Shunda: “bo‘ldi, men boshqa mashg‘ulotlarga qatnashmayman, qo‘limdan kemayapti”, degandim. Ota-onam esa: “Shu paytgacha qilgan harakatlaring, qiynalganlaring endi bekor ketadimi? Sen yoshligingdan o‘zing sportni tanlagansan, trener topib, qatnashgansan. Endi tashlab ketasanmi?”, deb meni yana sportga ruhlantirganlar.
Keyin o‘ylab ko‘rib, sportga bo‘lgan qiziqishim yana zalga etakladi. O‘shanda ota-onam to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishmaganida, kim bo‘lishimni bilmas edim. To‘g‘ri, dizayner bo‘lishim mumkin edi, lekin hozir ham dizayner, ham karatechiman. Bundan esa juda xursandman.
– Sport bilan bir qatorda dizaynerlik sohasida ham anchagina muvaffaqiyatlarga erishgan ekansiz. Siz uchun qaysi biri qadrliroq?
– Aslini olganda, ikkalasi ham men uchun qadrli. Bu sohalar bir-biriga juda yaqin, deb hisoblayman. Ikkisini ham ketma-ket olib borishga harakat qilaman. Tizzamdan jarohat olgan vaqtimda litseyda o‘qirdim. O‘sha payti karate bilan shug‘ullana olmaganim uchun o‘zimning yangi milliy va zamonaviy liboslardan iborat kollektsiyamni tashkil qilganman. Bu ko‘rgazma ko‘pchilikning yodida qolgan. O‘shanda bu sohada ham muvaffaqiyatga erisha olishim mumkinligini tushunganman. Misol uchun, karateda qaysidir mashqni bajara olmasam, e’tiborimni yangi libos yaratishga qarataman. Bu keyin o‘sha uddalanmagan vazifani bajarishimga ko‘mak beradi
– Hozir ham sportdan tashqari, ham ishlab, ham mashg‘ulotlarni davom ettirar ekansiz. Bu ishlarga qanday ulgurasiz? Yana bu yoqda dizaynerlik ishlari...
– Buning hammasi juda oddiy. Bir-biriga halaqit qilmaydi. Sababi ishim har kuni soat 17:00 gacha, mashg‘ulotim esa 18:00 dan 20:00 gacha davom etadi. Dizaynerlik bilan esa shanba va yakshanba kunlari mashg‘ul bo‘laman.
– Birinchi g‘alabangiz haqida ham aytib o‘tsangiz. Umuman, siz uchun eng qadrli g‘alaba qaysi bo‘lgan?
– Birinchi marta 2010 yilda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan chempionatda qatnashganman. Unda 3ta jangda yutib, 3-o‘rinni egallaganman. Garchi oltin medal ololmagan bo‘lsam-da, juda xursand edim. Chunki hech kim sovrindorlar qatoriga kirishimni kutmagan. Sababi raqiblarim tajribali edi. Men esa birinchi marta ishtirok etayotgan edim. Shundan keyin musobaqalar musobaqalarga ulanib ketdi. Medallar ko‘p, lekin albatta ulardan birinchisi eng qadrlisi bo‘ladi.
Shuningdek, birinchi oltin medalning ham qadri bo‘lakcha. Mamlakat birinchiligida 6 ta jangdan o‘tib, ettinchisida eng kuchli qiz bilan tushib qolganman. O‘shanda boshqa ishtirokchilarning janglari 2 daqiqa davom etgan bo‘lsa, bizniki 7 daqiqagacha cho‘zilgan. Keyin “Oltin ochko” qoidasiga ko‘ra, bahs kim birinchi bo‘lib aniq zarba bergunicha davom etgan. So‘nggi hisob 10:9 bo‘lgan va hakamlar mening qo‘limni ko‘tarishgan.
– Ko‘p chet davlatlarda bo‘lasiz. Qaysi mamlakatlar ko‘proq yoqadi?
– Germaniya, Frantsiya, Ozarbayjon, Malayziya, Indoneziya, BAA, Qatar, Turkiya, Qozog‘iston, Koreya, Braziliya kabi davlatlarda bo‘lganman. Yaponiyaga esa tizzamdan jarohat olganim uchun bora olmaganman. Borgan davlatlarim orasidan eng yoqqani Germaniya bo‘lgan. U erning odamlari, manzaralari menda juda yaxshi taassurot uyg‘otgan. Ular qonun-qoidaga, madaniyatga katta ahamiyat berishadi. Menga yoqqan tomoni ham shunda. Masalan, bo‘yim 1,83 sm. Jamoada ham eng balandi menman. Shuning uchun ham chet elga borganimizda bo‘yim haqida ko‘p gapirishadi. Bu menga unchalik yoqmaydi, lekin faqatgina Germaniya va Frantsiyada bo‘yimga hech kim ahamiyat bermagan. U erning odamlari hammani boricha qabul qilishar ekan.
– Karateda ancha muvaffaqiyatga erishish bilan birga tajriba ham orttirdingiz. Kelajakda murabbiylik qilish niyatingiz bormi?
– Albatta, niyatim bor. Hozir ham uyimda kichkina zalim bor. U erda barcha sharoitlar yaratilgan. Hattoki shug‘ullanishga bolalar ham kelib turishadi. Kelajakda katta zal ochib, yurtimizni dunyoga tanitadigan ko‘plab shogirdlarni etkazib berishni niyat qilganman, lekin hozirdan murabbiy bo‘lish qanchalik qiyinligini tushunyapman. Murabbiylarimga karatening sir-asrorlarini sabr bilan o‘rgatishganligi, tajribalarini bo‘lishishganliklari uchun minnatdorlik bildiraman.
– Shu o‘rinda, murabbiylaringiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Birinchi murabbiyim Temur aka Mirakilov bo‘lganlar. Ulardan karatening ilk saboqlarini olganman. Keyin O‘zbekiston karate terma jamoasida Xo‘jamqul Xo‘jaqulovdan bu sport turining sir-asrorlarini o‘rgandim. Men karate bo‘yicha terma jamoaga 2013 yilda “To‘maris malikasi” sharq yakkakurashlar musobaqasida gran-pri sohibasi bo‘lganim uchun taklif etilganman. Murabbiyimning roziligini olib, mashg‘ulotlarni boshladim. Bir oy o‘tgandan keyin juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yangi texnikalarni o‘rgandim. Tajribam ortdi.
– Kelajakdagi maqsadlaringiz qanday. Shu haqda to‘xtalib o‘tsangiz...
– Birinchi o‘rinda jahon chempionligini qo‘lga kiritishni maqsad qilganman, albatta. Kelajakda esa katta dizayner bo‘lib, o‘zbek liboslarida yangilik yaratib, uni dunyoga yanada mashhur qilish. Bundan tashqari, o‘zim rejalashtirgandek chempion bo‘ladigan, yurtimizni bayrog‘ini yuqorilarga ko‘taradigan shogirdlarni tarbiyalash maqsadini ham o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.
– Karateni musobaqalardan tashqarida, hayotiy vaziyatlarda ham qo‘llaganmisiz?
– Karateni o‘zimni himoya qilish uchun o‘rganganman. Birinchi musobaqamda medalgacha etib borib, bronza medalni qo‘lga kiritganimdan so‘ng, o‘zimda muvaffaqiyatlarga erisha olishimga ishonch uyg‘ongan. 2011 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati finalida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan sportchini engishga muvaffaq bo‘ldim. Qiziqarlisi, uni mengacha hech kim yuta olmagan ekan. Shundan keyin yanada katta marralarni zabt etishim kerakligini anglaganman.
Savolga qaytadigan bo‘lsak, karate qo‘l kelgan vaziyatlar ko‘p bo‘lgan. “To‘maris malikasi” ko‘rik tanloviga tayyorgarlik payti qo‘shimcha mashq bajarib, hammadan oxirida ketishga to‘g‘ri kelgan. Ustiga-ustak kech ham bo‘lib qolgan. Uyim zaldan unchalik uzoq emas edi, ammo uylarni oralab, piyoda ketardim. Bir gal orqamdan bitta bola kuzatib kelayotganini sezdim. Tezlashsam, tezlashadi. To‘xtasam, to‘xtaydi. Keyin qo‘rqqanimdan yugurdim. Yugursam, u ham ortimdan yuguryapti. Keyin jahlim chiqdi. Nima qilishni bilmay, oldiga bordim va zarb bilan qorniga tepdim. U buni kutmagandi. Zarbamdan erga yotib qoldi. Qo‘rqib ketganimdan qanday uyga kelib qolganimni ham sezmay qoldim.
– Olimpiya o‘yinlariga taevandoning WTF turi kiritilgan. Unda qatnashishga harakat qilib ko‘rmaganmisiz?
– Bir marta harakat qilib, uch oy tinimsiz mashg‘ulotlar olib borganman. Menga yoqdi. Murabbiylar harakatlarim yaxshiligini aytishib, katta musobaqaga chaqirishdi. Lekin, baribir, men taekvandoga o‘rganishim va ko‘nikio‘shim uchun ancha vaqt ketadi. Bundan tashqari, taekvandoning harakatlari biroz qo‘pol tuyilgan. Ayniqsa, ko‘proq boshga tepishi menga uncha ma’qul kelmagan.
– Professional janglarda qatnashish niyatingiz bormi?
– Avvalombor, qiz bola baribir o‘zini asrashi kerak. Professional janglar og‘ir kechadi, zarbalar qattiq bo‘ladi. Agar zarba o‘tkazib yuborsangiz, boshingizdan jarohat olishingiz, bu hattoki, miya chayqalishiga olib kelishi mumkin. Hattoki, suyak sinishi ehtimoli ham bor.
Karateda ham jarohatsiz bo‘lmaydi. Misol uchun, Osiyo chempionatida labim ichidan yirtilgan. Burnim ham bir marta singan.
Professional jang esa xavfliroq. Har xil holatlar kuzatilishi mumkin. Qiz bola go‘zalligini, salomatligini asrab qolishi kerak. Professional jangda esa bu ancha qiyin.
– Oldinda sizni qanday musobaqalar kutyapti?
– Hali ma’lum emas. Hozircha sport formamni saqlab turish uchun mashg‘ulotlarni davom ettiryapman. Sentyabrning oxiri oktyabrning boshida karate bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasiga saralash bo‘ladi.
– Qaysi mashqlar sizga ko‘proq yoqadi?
– Kata mashqlarini bajarish juda ham yoqadi. Hatto bir necha musobaqalarda katada yuqori natijalarni ko‘rsatganman. Men uchun maxsus texnikaning ham o‘z o‘rni bor. Bunda oltita taxtani sindira olaman.
– Karate bo‘yicha qaysi davlatlar sportchilarini kuchli, deb hisoblaysiz?
– Yaponiyalik sportchilarni ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Bundan tashqari, karate bo‘yicha irlandiyalik, ukrainalik raqiblarimizni ham o‘ziga yarasha kuchli, deb aytish mumkin. Ozarbayjonlik karate ustalari ham munosib raqib ekanliklarini ko‘p musobaqalarda ko‘rsatishgan.
– Taekvando bilan karateni bir-biriga o‘xshatishadi, lekin farqli jihatlari ham bor. Sizningcha, farqi va o‘xshashliklari nimada?
– O‘xshash tomoni kiyadigan kimanomiz bir xil. Jang paytida sakrab turamiz, oyoqda bir xil mashq bajaramiz. Taekvandoda oyoqni ko‘p ishlatishadi. Taekvandochilar raqibni kuzatish, kutish bilan aloqa bog‘lashadi. Ularda nokaut holati ham bo‘lishi mumkin. Biz karatechilarda esa bunday holat deyarli kuzatilmaydi. Jang paytida raqibga qarshi o‘z texnikamizdan foydalanamiz. Karateda qo‘l, oyoq ikkalasi teng ishlatish kerak. Fikrimcha, agar taekvandochi bilan karatechi jang qilsa, taekvandochi biroz qiynalishi mumkin, chunki taekvandochilar asosan oyoq bilan ishlaydi.
Suhbatingiz uchun rahmat. Faoliyatingizda omad tilaymiz!
Fikrlar