
Ilhom Mo‘minjonov nega aynan "Surxon"ni tanladi?
Namanganning "Navbahor" klubida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan Ilhom Mo‘minjonov yaqinda "Surxon" bilan shartnoma imzolaganidan xabaringiz bor. Tajribali mutaxassis nega aynan termizliklar taklifini qabul qilgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.
- «Navbahor»dagi ajoyib faoliyatingizdan keyin ko‘pchilikni Mo‘minjonov endi qaysi klubda ishlarkin, degan savol qiziqtirayotgandi. Endilikda ma’lum bo‘ldiki, siz “Surxon” jamoasi bosh murabbiyiga aylandingiz. Xo‘sh, nima uchun “Surxon”ni tanladingiz? Termizliklarning nimasi sizni qiziqtirdi?
- Menga «Surxon» jamoasidan jiddiy taklif tushdi. Bundan tashqari, menga yana ikkita klubdan aniq chorlov bo‘lgandi. Ammo endi ularning nomlarini aytmaganim ma’qul. Shunchaki, oldimda turgan variantlardan «Surxon» jamoasini tanladim. Natijada ular bilan bir yillik shartnoma tuzdim. «Navbahor» klubiga bergan motivatsiyam va jamoaga qo‘shgan hissamni endi Surxondaryo futboliga va «Surxon» jamoasiga sarflayman. Bilasizmi, «Surxon»ning ham xuddi «Navbahor»dagi kabi jonkuyar muxlislari ko‘p ekan. Pro-ligada ishtirok etishiga qaramasdan, «Surxon»ning o‘z maydonidagi o‘yinlariga 4000-5000 atrofida muxlislar kelishar ekan. Mana, «Navbahor»da o‘zimni sinab ko‘rdim va namanganliklarni pastdan yuqoriga olib chiqa oldim. Endi esa o‘zimni yana bir karra murabbiylikda sinab ko‘rmoqchiman va yangi jamoamni pastdan yuqoriga olib chiqishga jiddiy bel bog‘laganim uchun ham «Surxon»ni tanladim. Surxondaryo xalqi futbolga juda qiziqadi. Ularga yana avvalgi mavqelarini qaytarishda yordam bermoqchiman. Ushbu jamoani tanlashimda pul hech qanday rol o‘ynagani yo‘q. Men bu erga yana oldingidek katta shijoat bilan ishlagani keldim. Shu bois «Surxon»da ish boshlaganim mening murabbiylikda bir pog‘ona orqaga qadam tashlaganimni anglatmaydi. Biz uchun hali hammasi oldinda. O‘ylaymanki, «Surxon»ni tanlab xato qilmadim. Chiroyli o‘yinlarimiz bilan muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz va buning uchun ularning qo‘llab-quvvatlashlarini kutib qolamiz.
Ilhom Mo‘minjonov bilan uyushtirilgan intervyuning to‘liq matnini quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin>>>
Fikrlar