Jurnalistlar pnevmatik miltiqdan o‘q otishdi (foto)

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Markaziy kengashi, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi hamda o‘q otish federatsiyasi hamkorligida 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan sportning pnevmatik miltiqdan o‘q otish turi bo‘yicha jurnalistlar o‘rtasida musobaqa o‘tkazdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini targ‘ib qilish, ushbu sport turlari bilan yaqindan tanishtirish hamda turli darajadagi sport tadbirlari va musobaqalarni yoritadigan jurnalistlarni bevosita sport musobaqasida ishtirok etishlari uchun imkon yaratish shuningdek, bayram munosabati bilan bir guruh jurnalistlarni taqdirlash hisoblanadi.

Musobaqa doirasida sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha ko‘rgazma va bayram tadbiri tashkil etildi. Ko‘rgazmada sportning texnik va amaliy turlariga kiruvchi karting, avtokross, avtoralli, motokross, triatlon, duatlon, harbiy amaliy ko‘pkurash, yozgi biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel sporti kabi sport turlari namoyish etildi.

Ushbu sport turlari bo‘yicha jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionlari bo‘lgan sportchilarning ishtirok etishi texnik va amaliy sport turlarining mazmun-mohiyatini to‘liq ochib berish imkonini berdi.

Musobaqada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 28 ta ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan yuz nafarga yaqin matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Musobaqa xalqaro toifadagi hakam Serebryakov Sergey Valintinovich boshchiligidagi hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. G‘oliblar ikki guruhda ya’ni erkaklar va ayollar o‘rtasida I, II va III o‘rin sovrindorlari sifatida e’lon qilindi. G‘olib va ishtirokchilar "Vatanparvar" tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!