Kechinovdan Bezerragacha

  • 12 dekabr, 2018, 10:33
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbolning bezagi gol bo‘lganidek, hujumchining tashrif qog‘ozi ham aynan uning gollaridir.  Ayniqsa, har qanday chempionatda to‘purarlar poygasidagi kurash qizg‘in kechadi. Chunki istalgan hujumchi borki, to‘purar bo‘lish uning uchun asosiy maqsadga aylanadi. Biroq bu vazifani bajarish ham mashaqqat, buning uchun futbolchidan ko‘p narsa talab qilinadi. Birinchi navbatda hujumchida golni sezish qobiliyati kuchli bo‘lishi lozim, albatta, mehnat ham asosiy o‘rinda turadi. Biz xuddi shunday hislatlar mujassamligini bu yil “Paxtakor” hujumchisi Tiago Bezerrada ko‘rdik.

Tecno

Gonsalveshni ortda qoldirib

Tiagoning chempionatimizda ishtirok etayotganiga 1,5 yil bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, Bezerraning yurtimizdagi dastlabki mavsumidagi ishlari u qadar yorqin ko‘rinish olmagandi. O‘tgan yili u 14 ta uchrashuvda maydonga tushib raqiblar darvozasiga 4 ta gol urgandi. O‘shanda braziliyalik o‘yinchining mahorati borasida ko‘pchilikda shubha uyg‘ongandi. Lekin bir jihatni ham hisobga olish kerak, Bezerra ilk bor O‘zbekiston chempionatiga keldi va unga bizning mamlakatga moslashish, chempionatimizga ko‘nikish uchun unga vaqt kerak edi. Shu sababli o‘tgan yilgi yarim mavsumni uning ko‘nikish yili bo‘ldi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy mavsumda esa Tiago qanday futbolchiligini, nimalarga qodirligini ko‘rsata oldi. U “ochilmagan” qirralarini ushbu mavsumda barchaga ko‘z-ko‘z qildi. Har qanday holatda ham bu yilgi to‘purar futbolchisi “Paxtakor” a’zosi bo‘lishi katta ehtimol bo‘lib turgandi va ayniqsa, portugaliyalik hujumchi Ismoil Gonsalveshning imkoniyatlari Bezerranikiga nisbatan kattaroq edi. Oxirgi tur oldidan Ismaning hisobida 16 ta, Tiagoda esa 14 ta gol bor edi. Ammo “Bunyodkor”ga qarshi kechgan oxirgi bellashuv chinakamiga Bezerraning o‘yiniga aylandi. U bungacha dublga ham erishmagandi va bitta o‘yinda bittadan gol urib kelgandi. Oxirgi turda esa Bezerra birdaniga xet-trikka erishib, yakunda Gonsalveshdan o‘zib ketib, 17 ta gol bilan O‘zbekiston chempionatining to‘purariga aylandi.

To‘purarlar kurashining e’tiborga molik jihatlari

To‘purarlar tarixiga nazar tashlab o‘tsak chakki bo‘lmasdi. Shu paytgacha hammasi bo‘lib 27 nafar futbolchi to‘purar maqomiga erishgan. Umumiy hisobda esa milliy chempionatimiz tashkil etilganidan beri 32 ta to‘purar o‘yinchilar aniqlandi. Chempionatimizning ilk to‘purari Valeriy Kechinov bo‘lgan va uning maqsadiga erishish uchun 24 ta gol kerak bo‘lgan. Orada esa bir mavsumda qo‘shto‘purarlarga ham guvoh bo‘ldik. Masalan, 1996 yili “Do‘stlik” hujumchisi Ja’far Irismetov bilan “Navbahor” vakili Oleg Shatskix 23 tadan gol urishgan. 1998 yilda esa “Paxtakor” vakillari – Igor Shkvirin bilan Mirjalol Qosimov hisobida 22 tadan gol mavjud edi. Qizig‘i, keyingi yili yana qo‘shto‘purarlikka guvoh bo‘ldik. Bu safargisi esa vodiydan edi. “Neftchi”dan Umid Isoqov hamda “Andijon”dan Baxtiyor Hamidullaev 24 tadan golga mualliflik qilishdi. 2003 yilda esa “Qizilqum”dan Marsel Idiatullin, “Navbahor”dan Shuhrat Mirxoldirshaev 26 marta gol urishdi. Oxirgi qo‘shto‘purarlik 2010 yilda kuzatilgan. O‘shanda “Neftchi” hujumchisi Alisher Holiqov bilan “Olmaliq” vakili Nosir Otaqo‘ziev raqiblar darvozasini 13 bor ishg‘ol etishgandi. E’tiborlisi, chempionatimiz to‘purarlari tarixida eng oz gol urgan hujumchilar ham Holiqov bilan Otaqo‘ziev hisoblanishadi. Bir mavsumda eng ko‘p gol urish borasida esa Ja’far Irismetovga hech kim bas kela olmasa kerak. U 2000 yilgi mavsumda “Do‘stlik” safida naqd 45 ta golga mualliflik qilgandi.

Yana qiziqarli faktlar

Yana bir gap: eng ko‘p to‘purarlikka erishgan hujumchi – bu Ja’far Irismetovdir. U faoliyati davomida uch marotaba eng yaxshisi bo‘lgan. Shuningdek, Oleg Shatskix, Baxtiyor Hamidullaev, Shuhrat Mirholdirshaev va Umid Isoqov ikki martadan to‘purarlik nomiga sazovor bo‘lishgan. Agar klublar miqyosida qaraydigan bo‘lsak, shu paytgacha “Paxtakor” sharafini himoya qilgan futbolchilar eng ko‘p to‘purarlikka erishishgan. Bezerraning to‘purarligini qo‘shib hisoblaganda ushbu jamoaning jami olti nafar futbolchisi ana shunday maqomga sazovor bo‘lishdi. Shuningdek, endilikda pro-ligaga ravona bo‘lgan “Neftchi”ning oldingi mavqei qanday bo‘lganini hamma yaxshi biladi. Ana shu kezlarda farg‘onaliklar safidan olti bor to‘purar o‘yinchi o‘z so‘zini ayta olgan. Shuningdek, “Bunyodkor”dan 5 ta, “Navbahor”dan 4, sobiq “Do‘stlik”dan 3 va “Andijon” bilan “Lokomotiv”dan 2 tadan to‘purar futbolchi tarixdan joy olgan. Darvoqe, Bezerraning xorijlik ekanligini hisobga olsak, chempionatimizda legioner to‘purarlar ham ko‘payib boryapti. Jahonning sobiq yulduzi braziliyalik Rivaldo 2009 yili “Bunyodkor” safida 20 ta gol urib, O‘zbekiston chempionatidagi ilk xorijlik to‘purarga aylangandi. Shundan so‘ng 2011 yili yana o‘sha “Bunyodkor” safida bu safar serbiyalik Milosh Trifunovich 17 ta gol bilan eng yaxshisi bo‘ldi. Ahamiyatlisi, “Bunyodkor”dagi ketma-ket uchinchi to‘purarlik ham legioner o‘yinchiga nasib qildi. Bu safar ukrainalik Oleksandr Pishur 19 ta gol urdi. Bezerragacha oxirgi legioner to‘purar turkmanistonlik Artur Gevorkyan bo‘lib turgandi. U “Nasaf”da o‘ynab yurganida bir mavsumda 18 ta to‘p kiritishni uddalagandi. Nihoyat, “Paxtakor” tarkibida Tiago Bezerra o‘zini ko‘rsatdi va ahamiyatlisi, ushbu jamoa safida birinchi marotaba legioner to‘purar o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ydi. Tan olish lozimki, ushbu chempionatda Bezerra o‘rnas olsa arziydigan legionerga aylandi. Zero, uning o‘yinlari va gollari o‘zi haqida hammasini aytib turibdi.   

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!