Klassik kurashchilarimiz JChni medalsiz yakunlashdi
Buxarest shahrida davom etayotgan sport kurashlari bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan toifadagi jahon chempionati bellashuvlarida ayollar kurashi bo‘yicha bahslarga navbat berildi. Kecha klassik kurash bo‘yicha barcha vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.
Afsuski, ushbu yo‘nalishda terma jamoamiz vakillari shohsupaga ko‘tarila olishmadi. 60 kg vazn toifasida Islom Bahromov bronza medali uchun kechgan bahsda turkiyalik raqibiga imkoniyatni boy berib, medalsiz qoldi. Bundan avval -63 kg vazn toifasida To‘rabek Tirkashev ham xuddi shu bosqichda omadsizlikka uchragan edi.
Bugun ayollar kurashi bo‘yicha ikkinchi kun bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Vakilalarimiz orasida Nankin Olimpiadasining ishtirokchisi Shahodat Jo‘lliboeva (-55 kg) ilk davrada kanadalik raqibasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Qolgan qizlarimiz kun davomida final yo‘llanmasi uchun gilamga chiqishadi.

Fikrlar