Kun tahlili: Malkom qaysi pozitsiyada o‘ynaydi?

CHERY AUTO

 

Tecno

“Barselona” “Bordo” yarim himoyachisi Malkomni o‘z safiga qo‘shib olib, yozgi transfer bozorining eng diqqatga sazovor haridini amalga oshirdi. Kataloniyaliklar Malkomni transfer qilgani emas, aksincha uni qay uslubda olib kelgani bilan o‘ziga tortadi. Xabaringiz bor, braziliyalik hujumchi “Roma” bilan yakuniy kelishuvni imzolash uchun jo‘nab ketish arafasidagina barchasi o‘zgarib ketdi.

Bu “Barsa” tomonidan qat’iy qaror evaziga ro‘yobga oshirildi: ular tarkibni kuchaytira oladigan va o‘zlari ko‘z ostiga olib yurgan futbolchini rimliklarning “og‘zidan olib ketdi”.

“Bordo” “Roma” bilan kelishib bo‘lgan, Malkom ham “Roma”ga o‘tishga rozi. Faqatgina samolyotga o‘tirib, imzo qo‘yish uchun Rimga uchib ketishi kerak edi. Shu onda “Barselona”dan frantsuz klubiga ancha yaxshi taklif tushdi. 1 Liga vakili rahbariyati bunday kutilmagan taklifdan keyin o‘z qarorlarini o‘ylab qoldi. Bu vaqtda Malkom samolyotga o‘tirgan, uning onasi allaqachon Rimda kutayotgan edi.

Keyingi 24 soat ichida samolyot yo‘nalishi Barselonaga qarab o‘zgarib ketdi va Malkom u erda ijtimoiy tarmoq uchun “Olg‘a, “Barsa” deya rasmga tushardi.

Uzoq vaqtdan beri davom etgan braziliyalik vingerning transfer ertagi 38 soat ichida hal qilindi. Shunday qilib, u endi “ko‘k-anorranglilar” a’zosi, ammo tabiiy savol tug‘iladi: u “Barsa”da qaerda o‘ynaydi? Uning kelishi Usmon Dembelening kelajagiga nuqta qo‘yadimi?

Yangicha ko‘rinish

Kataloniyaliklarni ushbu yozda afsonaviy sardor Andres Inesta tark etdi, klub unga munosib o‘rinbosarni olib kelolgani yo‘q. Shu sababli, Ernesto Valverde 4-2-3-1 o‘yin uslubini sinab ko‘rishi mumkin. Valverde bosh murabbiy etib tayinlanganidan beri qayta qurish siyosatini olib bordi. Messining hujumda markaziy erkin futbolchiga aylantirilishi va qanotlar bo‘ylab harakatlanish imkoni berilganligi Valverdening muhim qarorlaridan biri bo‘ldi.

Endi Messi “aldamchi o‘nlik” vazifasida va barchasi (yana) uning atrofida qurilmoqda. Luis Suares o‘tgan mavsumdagi omadsizligiga qaramay, markaziy hujumchi vazifasida qoldirilishi aniqroq. O‘tgan mavsumda “Barsa” vingerlar xizmatidan deyarli foydalanmadi. Biroq, Malkomning kelishi va Koutino, Dembelelarning jamoaga moslashib ketishlari barchasini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Koutino vaqtining ko‘p qismini chap qanotda hukmronlik qilish bilan o‘tkazdi. Agarda Malkomga ham imkoniyat berilsa, sevimli pozitsiyasi o‘ng qanot hujumida paydo bo‘lishi mumkin. Uning yuqori texnikasi raqibga qiyinchilik tug‘dirishi aniq. Usmon Dembele esa har ikkala qanotda ham birday o‘ynay oladi. Ikki amplua uchun uchta mohir ijrochi! Ajoyib g‘oya.

“Aldamchi to‘qqizlik”

Valverde o‘tgan mavsumdan 4-3-3 o‘yin tizimida “aldamchi to‘qqizlik” bilan harakat qila boshlagan edi. Biroq tez fursatda Dembele va Suaresning jarohat olishi o‘yin sxemasiga qayta o‘zgartirish kerakligini taqozo qildi.

Endi esa barchasi ko‘ngildagidek bo‘lib turganda, Messi yana markazdan joy olishi va Suares zaxiraga “mixlanishi” mumkin.

Hozirda ko‘pchilik yangi vingerning kelishi Dembelega tahdid sifatida ko‘rilmoqda. “Barsa” ayni vaqtda yana bir vingerga ehtiyoj sezmayotgan edi. Endi klubda ikkita jahon saviyasidagi vinger bor. Garchi, ikkalasi turli o‘yin uslubiga ega bo‘lsada, bir amplua uchun kurashishga majbur.

O‘ng qanotda, Malkom o‘zining jangovar uslubini namoyish qilishi mumkin. Tez yugurib, kuchli zarba yo‘llash va oniy tahdid tug‘dirish. Bu uning uslubi. Kataloniyaliklar Pedro davridan beri bunaqa futbolchini qayt ko‘rmagan edi.

Bunda chap qanotda esa Dembele ancha ijodkorroq o‘ynashiga sharoit yaratiladi. Ularning ortida Koutino harakat qilishi, klubni shonli davriga qaytishiga yordam berishi mumkin.

“Klassik Valverde”

“Barsa”da variantlar talaygina. Shulardan yana biri Malkom tufayli klubning 4-4-1-1 o‘yin sxemasiga o‘tish varianti. Bunday tizimda Valverde chempionlik sari yo‘l topa olgandi. Suaresning ortida Messi, uning ortida esa kuchli kvartet! Koutino, Buskets, Rakitich va Malkom. Dembele bunday uslubda ishonchli o‘ynay olmadi. Malkom esa o‘yinni chuqur himoyadan boshlashga ancha ko‘nikkan. Shu sababli Malkom o‘ng qanot yarim himoyasidan joy egallashi mumkin.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!