
"Manchester Yunayted"dan "Arsenal"ga o‘tgan 6 futbolchi
Kecha "kanonirlar" tarkibidan "mankunianliklar" safiga ko‘chib o‘tgan 7 ta futbolchi haqida hikoya qilgan edik. Bugun esa teskari yo‘nalish bo‘yicha harakat qilgan 6 ta futbolchi haqida to‘xtalib o‘tamiz.
1. Jimmi Rimmer
"Manchester Yunayted" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Rimmer 1965-1974 yillar davomida jamoa darvozasini 34 o‘yinda qo‘riqlagan. Jimmi 1968 yili klub bilan Evropa Chempionlar kubogida zafar quchgan. 1974 yili "mankunianliklar" quyi ligaga tushib ketgach, Rimmer "Arsenal"ga o‘tib ketdi. U London jamoasi safida 3 mavsumda 124 o‘yin o‘tkazdi.
2. Brayan Kidd
Kiddning taqdiri ham Rimmernikiga o‘xshash. Brayan ham "MYu" akademiyasida tahsil olgan. U 1967-1974 yillar davomida Manchesterliklar libosida 203 o‘yinda 52 ta gol urdi. 1974 yili u chempionshipga tushib ketgan "MYu"da o‘ynashdan ko‘ra, "Arsenal"ga o‘tishni afzal bildi. Shundan so‘ng 3 mavsum "kanonirlar" uchun to‘p surgan hujumchi 77 bellashuvda 30 ta gol kiritishning uddasidan chiqdi.
3. Jim Leyton
Leyton 1988-1991 yillarda "Manchester Yunayted" darvozasini qo‘riqladi. U 3 mavsumda "mankunianliklar" libosida 73 ta o‘yin o‘tkazdi. 1991 yili "qizil iblislar" o‘z darozabonini "Arsenal"ga ijaraga berib yuborishga qaror qilishdi. Jim London jamoasida yarim mavsumda birorta ham o‘yinda maydonga tushmagachach, "Reding"ga ijara asosida o‘tib ketdi.
4. Mett Viks
Viksning taqdiri juda ham g‘alati bo‘lgan. Mett 1994 yili "Arsenal"ga o‘tdi. Oradan bir yil o‘tgach u Londonni Manchesterga o‘zgartirdi. Keyingi mavsumda esa Viks yana "kanonirlar" safiga qaytdi. Biroq u ushbu ikki jamoa uchun ham aytarli hech narsa qilmadi.
5. Mikael Silvestr
Frantsuz futbolchisi 1999 yili "MYu" bilan shartnoma imzoladi. U Manchester klubi tarkibida 9 mavsum davomida 361 o‘yinda 10 ta gol urib, 11 ta sovrinni boshi uzra baland ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. 2009 yili himoyachi "Arsenal"ga o‘tib ketdi. Silvestr London jamoasida 2 mavsumda 43 o‘yinda 3 ta gol urdi. Biroq bu jamoa bilan hech qanday sovrin yuta olmadi.
6. Denni Uelbek
Uelbek "Manchester Yunayted" akademiyasidan chiqqan. U 2008 yildan boshlab 6 mavsum mobaynida jamoa uchun 142 o‘yinda 29 ta gol urdi. Samaradorligi yuqori bo‘lmagan hujumchini 2014 yili "Arsenal"ga sotib yuborishdi. Denni 3 mavsumda "kanonirlar" uchun 49 o‘yinda 13 marta raqiblar posbonlarini ranjitgan.
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar