
“Nasaf” yangi mavsum tayyorgarligini boshlab yubordi
Qarshiliklar qarorgohida ta’mirlash ishlari davom etayotgani bois, tayyorgarlik mashg‘ulotlari Sputnik qo‘rg‘onidagi yoshlar qarorgohiga ko‘chirildi. Bu erda tayyorgarlik mashg‘ulotlari uchun kerakli sharoitlar yaratildi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan olib borilmoqda. Futbolchilarimiz jamoamiz bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanishmoqda.
Mashg‘ulotlarda milliy terma jamoamizga jalb etilgan Sanjar Quvvatov va Odiljon Hamrobekov, shuningdek olimpiya terma jamoamiz yig‘iniga taklif etilgan to‘qqiz nafar futbolchilar: Umidjon Ergashev, Mashhurjon Muhammadjonov, Sherzod Nasrullaev, Dilshod Saitov, Sharof Muhitdinov, Islom Rashidxonov, Islom Kenjaboev, Ilhom Alijonov va Bobir Abduxoliqovlar ishtirok etishayotgani yo‘q.
Ushbu futbolchilar jamoa mashg‘ulotlariga yanvar oyi oxirlarida qo‘shilishlari mumkin. Bundan tashqari yarim himoyachi Saydullo Rahmatov ham mashg‘ulotlarda qatnashmayapti, sababi Rahmatov jamoani tark etgan. Katta ehtimol bilan faoliyatini u boshqa jamoada davom ettirishi mumkin.
Azizjon G‘aniev ham yaqin kunlarda jamoasafiga qo‘shilishi kutilmoqda. Hozircha G‘aniev yaponiyalik shifokorlarning ko‘rsatmasi bo‘yicha yakka o‘zi shug‘ullanmoqda.
Muqaddam ijara asosida boshqa jamoalarda to‘p tepgan futbolchilar ham mashg‘ulotlarga qo‘shilishgan. Bundan tashqari yangi futbolchilar ham murabbiylar ko‘rigidan o‘tishmoqda. Bu futbolchilarning jamoa tarkibida qolish yoki qolmasligi hozircha noma’lum. Shuni alohida ta’kidlash joizki, mashg‘ulotlarda o‘tgan yili o‘rinbosarlar tarkibida to‘p tepib, o‘zini ko‘rsatgan ko‘plab futbolchilar bor.
Tayyorgarlikning dastlabki bosqichi 16 yanvar kunigacha davom ettiriladi. Shu orada futbolchilar tibbiy ko‘rikdan ham o‘tishadi. 16 yanvar kuni esa Navoiyning “Qizilqum” jamoasi bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu uchrashuv Qarshida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Fikrlar