
O‘zPFL O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslari uchun akkreditatsiyadan o‘tkazishni boshlandi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati 2018 yilgi O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslari uchun OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonini boshladi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
Unga ko‘ra Superliga, Pro-Liga va O‘zbekiston kubogi uchrashuvlarini bevosita stadionning o‘zidan turib yoritishni maqsad qilgan barcha turdagi OAV vakillari o‘z ro‘yxati (“zayavka”lari)ni 9 fevraldan 20 fevralgacha O‘zPFL matbuot xizmati elektron pochtasiga (media@the-uff.com) jo‘natishlari talab etiladi.
Akkreditatsiya “zayavkasi” namunasi va talablari bilan O‘zPFL rasmiy saytining «Hujjatlar» bo‘limidagi «Akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi» faylini ko‘chirib olish orqali tanishishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, 2013 yildan O‘zPFL Matbuot xizmati tomonidan «Akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi» ishlab chiqilgan bo‘lib, unda jurnalistlarga akkreditatsiya berishda ular ishlaydigan OAVning muhimlik darajalari belgilab chiqilgan. Jumladan, O‘zbekiston qonunchiligiga asosan ro‘yxatdan o‘tgan va kundalik tashrif buyuruvchilari soni 5000dan ortiq bo‘lgan sportga ixtisoslashgan internet-nashrlarining muhimlik darajasi nisbatan yuqori hisoblanadi.
Ta’kidlash lozim, ushbu mavsumdan boshlab, barcha turdagi akkreditatsiya kartalari faqat O‘zPFL matbuot xizmati tomonidan beriladi.
Fikrlar