O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

  • 5 oktabr, 2018, 17:04
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Bugun, 5 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Milliy” stadionining anjumanlar zalida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Tecno

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, kamondan otish federatsiyasi xodimlari, viloyatning federatsiya bo‘limi vakillari, sportchi va murabbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov olib bordi. Konferentsiya davomida bungacha erishilgan yutuqlar, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar uchun federatsiyaning avvalgi raisi Jamoliddin Boboxonovning xizmatlari alohida qayd etildi va minnatdorchilik ramzi sifatida unga zarbop cho‘pon kiydirildi.

Shundan so‘ng Otabek Sobitjonovich Imomov nomzodi O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi lavozimiga taklif qilindi. Konferentsiya ishtirokchilari bir ovozdan ushbu nomodni qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa O.Imomov O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining raisi lavozimiga saylandi.

Sir emaski, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston jahonda etakchi mamlakatlar qatorida e’tirof etilmaydi. Ammo, yangi rahbariyat kelajakda sportning ushbu turini rivojlantirish, ommalashtirishni maqsad qilgan.

“Asosiy maqsadimiz davlatimiz rahbari tomonidan sport yo‘nalishi bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni bajarishdir. Kelajakda yangidan-yangi marralarni zabt etamiz. Nasib qilsa Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga nafakat litsenziya qo‘lga kiritamiz, balki medallar uchun ham harakat qilamiz”, – dedi federatsiyaning yangi raisi Otabek Imomov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!