Shavkat Imomov: Kimdir Arveladze nima qildi yoki faqat katta pul olyapti deb gapirishi mumkin, ammo u yaxshi ishlayapti

  • 30 oktabr, 2018, 22:52
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbolning barcha bo‘g‘ini izchil ravishda rivojlantirilyapti. Masalan, murabbiylar borasida ham oxirgi paytlarda e’tiborga molik o‘zgarish va islohotlar qilinmoqda. Chunki futbolchini chinakam futbolchi bo‘lib etishishi avvalo murabbiyga, uning bilim va salohiyatiga bog‘liq. Shu maqsadda O‘FA avvalo murabbiylarning malakasini oshirishga jiddiy qaramoqda. Dastlab bolalar futbolida ishlayotgan murabbiylarning tajribalarini yanada rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘FAda murabbiylar qo‘mitasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shavkat Imomov viloyatlarda bo‘lib, u erdagi bolalar futbolida mehnat qilayotgan murabbiylarni saralab, imtihonlar o‘tkazmoqda va bunga asosan O‘FA talabiga javob beradiganlari o‘z ish faoliyatini davom ettirishyapti. Aksincha, quruq murabbiy nomi bilan yurganlar bilan esa xayrlashilyapti. Yaqinda Shavkat Imomov bilan uchrashib, sohaga taalluqli bir qator masalalar yuzasidan fikr almashdik.

Tecno

U jumladan yurtimizda faoliyat olib borayotgan xorijiy murabbiylar haqida quyidagicha fikrini bildirib o‘tdi:

- Chempionatimizda xorijdan kelgan murabbiylar ham bor. Masalan, Shota Arveladze va Andrey Kanchelskisni aytishimiz mumkin. Bunday mutaxassislar o‘zbek futboli uchun nima bera olishadi?

- Arveladzening ishini ko‘ryapmiz. U Evropa futbolida ishlagan. Asta-sekin o‘sha erdagi tizimni bizga olib kiryapti. Ammo uning qo‘l ostidagi futbolchilar bir kunda o‘zgarib qolishmaydi. Bunga vaqt kerak. Kimdir Arveladze nima qildi yoki faqat katta pul olyapti deb gapirishi mumkin. Ammo u yaxshi ishlayapti. “Paxtakor”da jamoani tayyorlash tizimi anchagina o‘zgargan. Kanchelskisning ishini esa hali ko‘rganimiz yo‘q. O‘z o‘rnida shuni aytmoqchimanki, Noyabr va dekabr oylarida oldingi kurslarimizda o‘qigan murabbiylarimizning bilimlarini yangilash maqsadida kurslarni tashkillashtiramiz. Ushbu kursga Superligadagi murabbiylarni ham taklif qilmoqchimiz va shu bilan birga Ektor Kuperni ham ushbu kurslarimizga jalb qilmoqchimiz. Bundan maqsadimiz nima? Kuper terma jamoamizni tayyorlayotgan tizimini o‘zimizning murabbiylarimizga ham tushuntirib beradi. Yaqinda Kuper matbuot anjumanida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga qaramaymiz, chunki ular o‘z klublarida tayyorlanib kelishadi. Biz faqat taktika tomondan ishlab, jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yamiz deb aytgandi. Shu bois uning yo‘nalishini o‘zimizning murabbiylarga ham tushuntiramiz. Terma jamoalarimiz va klublarimiz bitta tizimda ishlashlari kerak. Ana shunday effekt bo‘ladi.

Suhbatning to‘liq matnini ertaga saytimizda o‘qishingiz mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!