
Turk futbolining bo‘lajak yulduzi faoliyatini "Tottenxem"da davom ettirishi mumkin
Londonning "Tottenxem" klubi "Roma" yarim himoyachisi Jengiz Underni qo‘lga kiritish uchun jiddiy bel bog‘ladi. Bu haqda Corriere dello Sport nashri xabar bermoqda.
Unga ko‘ra “shporlar” dastlab 21 yoshli turkiyalik futbolchi uchun “bo‘rilar”ga 35 mln evro taklif qilishgan, ammo yakunda rad javobini olishgan. Endi ular bu borada o‘zlarining 52 mln evrolik yangi takliflarini yuborishmoqchi. Ma’lumotlarga ko‘ra “Roma” ushbu mablag‘ evaziga Underni qishki transferlar chog‘idayoq sotishga rozi bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Underga Myunxenning “Bavariya” klubidan ham qiziqishlar paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, Jengiz Under “Roma” safiga 2017 yilning yozida “Beshiktosh”dan 13 mln evro evaziga ko‘chib o‘tgan edi. U joriy mavsum rimliklar safida jami 17ta o‘yinda maydonga tushdi va o‘z hisobiga 4ta gol hamda 5ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi.
Fikrlar