"Uzbek Tigers"da eng kuchlisi Hasanov, "Patriot boxing team"da Silyagin! (foto)

BEPUL PROPAN
 

Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA tomonidan o‘tkazilayotgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalari VII mavsumida ishtirok etayotgan "Uzbek Tigers" bokschilari "S" guruhidagi so‘nggi uchrashuvini ertaga "Patriot boxing team" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Rossiyaning Perm shahrida tashkil etiladigan uchrashuvda har ikki jamoa ham asosan iste’dodli yosh bokschilarni sinovdan o‘tkazishga qaror qildi. Albatta, ertaga ringga ko‘tariladigan charm qo‘lqop ustalari orasida katta tajribaga ega bokschilar ham bor.

"Patriot boxing team" - "Uzbek Tigers" uchrashuvida ringga chiqadigan bokschilar orasida eng tajribalisi 81 kilogramm vazn toifasida mezbonlar vakili Pavel Silyagin hisoblanadi. Bu bokschi ikki yil davomida WSB turnirida mag‘lubiyatsiz ishtirok etgan va ketma-ket ettita jangda zafar quchgan. Biroq, Pavel joriy mavsumdagi ilk jangida qozog‘istonlik Arman Risbekka yutqazib qo‘ydi.

Pavel Silyaginga qarshi ringga chiqadigan hamyurtimiz Madiyor Saidrahimov nufuzli turnirdagi debyutini nishonlaydi.

O‘zbekistonlik bokschilar orasida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Mirzobek Hasanovning imkoniyatlari yuqori sanalmoqda. Bu bokschimiz o‘tgan yili "Uzbek Tigers" safida uchta jang o‘tkazib, ikkita kuchli raqibini mag‘lub etgan va bitta jangda yutqazgan.

Mirzobekning ertangi uchrashuvdagi raqibi Artyom Suslenkov esa turnirdagi birinchi jangini o‘tkazadi.

Umuman olganda esa, "Uzbek Tigers" a’zolaridan Mirzobek Hasanovdan tashqari Abrorjon Qodirov WSB turnirida ishtirok etish tajribasiga ega. Tarkibdan o‘rin olgan uch bokschimiz - Ulug‘bek Do‘smurodov, Madiyor Saidrahimov va Odiljon Aslonov ertaga debyut jangini o‘tkazadi.

"Patriot boxing team" vakillari orasida faqatgina Artyom Suslenkov "yangi" bokschi hisoblanadi. Qolgan bokschilar - Vyacheslav Tashkarakov, Konstantin Bogomazov, Artyom Zaytsev, Pavel Silyagin o‘z jamoasi tarkibidagi uchrashuvlarda zafar quchgan.

Uchrashuvga oid qiziqarli ma’lumotlar, tafsilotlar va yangiliklarni SPORTS.uz axborot portalida kuzatib boring!

 

 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!