Yana o‘sha savol: 2018-yilda Messi yoki Ronaldu, eng zo‘ri kim?
Ikki superyulduz Goal nashrining an’anaviy tarzda o‘tkazadigan yilning eng yaxshi futbolchisi g‘olibi bo‘la olmadi. Buni “Real Madrid”ning etakchisi Luka Modrich ilib ketdi. Shunga qaramay 2017-18-yilgi mavsumda ikkala yulduzning qaysi birining ko‘rsatkichlari yuqoriroq bo‘ldi, degan savol barchani birday qiynaydi. Quyidagi tahlil ana shu haqida.
Derbilar, «El Klassiko» va qasos o‘yinlarini unuting, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi zamonaviy futbolning eng buyuk raqobati hisoblanadi. Ular hamon keng jamoatchilikni ikki frontga ajratib kelmoqda. Bu yilgi raqobat biroz boshqacha bo‘lmoqda. Ronaldu «Real»ni uchinchi chempionlik sari etaklaganidan keyin «Yuventus» safiga borib qo‘shildi.
Shunga qaramay kim yaxshiroq degan munoazaralar to‘xtab qolgani yo‘q. Ularning bu yilgi ko‘rsatgan mahoratlari «Oltin to‘p» sovrinini yutib olishlariga yordam berishi mumkin.
Munozaraning asosiy qismi albatta ikkala futbolchining individual statistikalari qanday ekanligi bilan aniqlansa, ularning jamoalari muvaffaqiyatlariga qo‘shgan hissasi ham muhim faktor hisoblanadi. 2017/18-yilgi mavsumda ham sayyoramizning eng yaxshi charm to‘p ustalari o‘z muzeylariga yangi sovrinlarni qo‘shib qo‘yishdi. Bundan tashqari ular o‘z terma jamoalari bilan Jahon Chempionatida ishtirok etdi.
Ronaldu endi Italiyada faoliyat olib borishini hisobga olsak, o‘zaro duellar yuz berishi ehtimoli juda kam. Muxlislar endi ular Chempionlar Ligasida yoki boshqa xalqaro musobaqada ro‘baro‘ kelishlariga umid qilishmoqda. O‘tgan mavsumda ular uch marta to‘qnash kelishdi. O‘zaro duel Ispaniya Superkubogidan boshlangan edi. Ikkalasi ham gol urdi, ammo Ronaldu ikki o‘yin natijasiga ko‘ra yirik 5-1 hisobida argentinalik raqobatchisidan ustun keldi.
Messi buning alamini «Santyago Bernabeu»da 3-0 hisobidagi g‘alaba bilan olishga erishdi. «Kamp Nou»da esa 2-2 hisobidagi durangga imzo qo‘yildi.
«Barselona» Evropa doirasida o‘zini ko‘rsata olmadi. Chorak finalda Rimdagi alamli mag‘lubiyatdan keyin kataloniyaliklar safarda o‘tkazib yuborilgan gollar evaziga musobaqani yana barvaqt yakunlashga majbur bo‘ldi. «Real» esa finalgacha hech qanday muammolarsiz etib bordi. Finalda «Liverpul»ni 3-1 hisobida mag‘lub etgan madridliklar EChLning yangi formatga o‘tganidan keyin qatorasiga uch marta ushbu nufuzli sovringa ega chiqqan dastlabki jamoaga aylandi. Ronaldu esa buni besh marta yutgan ilk futbolchiga aylandi.
Ronalduning mavsumdagi gollari statistikasi a’lo darajada. U har bir o‘yinda bittadan gol urgan. 44 o‘yinda 44 gol! La Ligada 27 uchrashuv o‘tkazgan portugaliyalik futbolchi 26 gol va besh golli uzatmani amalga oshirgan. U shuningdek Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ham ikki golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. U UEFA Superkubogi doirasida sobiq klubi «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘ynadi, biroq gol urishning uddasidan chiqa olmadi.
Chempionlar Ligasidagi ishtiroki ham mukammal bo‘ldi, deyishimiz mumkin. 13 o‘yinda 15 gol! Guruh bosqichida u barcha olti o‘yinda gol urgan dastlabki futbolchiga aylandi. Pley-off bosqichida ham u o‘zining yuqori sport formasini namoyish qildi. Uning «Yuventus» darvozasiga chalqancha urgan goli eng chiroylisi bo‘ldi. Bu golni hatto «keksa sinora» muxlislari ham olqishlab yuborishdi. Uning kiritgan 15 goli qatorasiga olti mavsum, umumiy hisobda etti marta EChLning eng yaxshi to‘purariga aylanishiga etarli bo‘ldi.
Ammo La Ligada kiritgan 26 gol unga «Oltin butsa»ga ega chiqishiga etarli bo‘lmadi. Uni Muhammad Salohdan ikki gol ko‘p urgan Messi (34 gol) yutib oldi. Messi «Oltin butsa»ni besh marta yutib olgan dastlabki futbolchiga aylandi. Argentinalik «afsungar» La Ligada 12 golli pasni uzatdi. Qirol Kubogida esa 6 o‘yinda 4 gol va 4 golli uzatmani amalga oshirdi.
«Barselona»ning Evropadagi ishlari unchalik o‘xshaganiga qaramay Messi EChLdagi statistikasini yaxshi deyishimiz mumkin. 10 uchrashuvda 6 gol va ikki golli uzatma jamoasiga ko‘p hollarda yordam berdi. Ispaniya Superkubogida ham bir gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Messining intizomi mavsum mobaynida Ronaldunikidan ancha yomonroq bo‘ldi. Messi 7 sariq kartochka bilan jazolangan bo‘lsa, Ronalduda bu uchtani tashkil qiladi. Ammo portugaliyalik yulduz bir marta maydonni qizil kartochka olib tark etishga majbur bo‘lgan.
Xalqaro darajada esa ikkala raqobatchi 2017-yilni o‘z terma jamoalariga katta yordam berish bilan yakunladi. Leo Ekuadorga qarshi hal qiluvchi o‘yinda xet-trikka erishishi ortidan Argentina Jahon Chempionatiga so‘nggi yo‘llanmani kiritishga erishdi.
Ronaldu ham Rossiyadagi Mundial sari Portugaliyani ortidan etakladi. Turnir oldidan uchta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan Ronaldu 2 gol urgan bo‘lsa, Messi ikki o‘rtoqlik o‘yinida yana bir xet-trikka erishdi. Bu safar Gaiti Messidan jabr ko‘rdi.
Biroq ikkala tomon ham Jahon Chempionatida porlay olmadi. Ronaldu va Messi nimchorak finaldayoq turnir bilan xayrlashishdi. Ronaldu ilk turda Ispaniyaga xet-trik urish bilan musobaqani ajoyib tarzda boshlay oldi. Marokashga ham bitta gol urdi. Biroq Urugvayga qarshi o‘yinda Ronaldu termasiga yordam bera olmadi.
Messi ham Mundialni ancha sust o‘tkazdi. Faqatgina Nigeriyaga urilgan gol Messi uchun birinchi va oxirgisi bo‘ldi. Nichorak finalda u ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. Biroq bu Argentinani mag‘lubiyatdan qutqarib qolishga etmadi. Frantsiya 4-3 hisobida Argentinadan ustun keldi.
Yana bir marta ikki futbolchi individual jihatdan bir-biriga juda yaqin. Ikkovlon klublari va terma jamoalari uchun gollarni qalashtirib tashlashdi. Biroq ikkala futbolchidan qaysi biri mavsumni kuchliroq o‘tkazdi? Xulosa sizdan.
Fikrlar