
Zohid Abdullaev: O‘zbekiston terma jamoasiga ishonaman
O‘z vaqtida terma jamoa yig‘inlari va o‘yinlarida ishtirok etgan tajribali Zohid Abdullaevning bu safargi qit’a chempionatidagi ishtirokimiz xususida fikrlari bilan qiziqdik.
"Avvalo men yigitlarimizga oq yo‘l tilayman. Osiyo chempionati juda mas’uliyatli musobaqa. Qit’a chempionatida kuchsiz raqibning o‘zi bo‘lmaydi. Men esa milliy terma jamoamizga ishonaman va ular yurtimizga albatta yorug‘ yuz bilan qaytib kelishadi.
Musobaqa taqvimiga nazar tashlaydigan bo‘lsak so‘nggi tur jamoalarning guruhlardagi o‘rinlarini aniqlab beradi. Ammo menimcha bu narsaga katta urg‘u qaratmaslik kerak. Har bitta o‘yinda oxirigacha kurashish, maydonning har bir qarichi, har bitta to‘p uchun jon olib jon berish kerak. Ana shunda muxlislar ko‘ziga tik boqish mumkin. Natija ham o‘z o‘zidan kelaveradi. O‘zbekiston terma jamoasi tajribali murabbiylar qo‘l ostida, ularning malakasi, mahoratiga shubha yo‘q. Nasib bo‘lsa Ektor Kuper bilan terma jamoamiz nihoyat yuksak marralarni zabt etadi degan umid bor menda", - deb Abdullaevning so‘zlarini keltirib o‘tdi "Metallurg" matbuot xizmati.
Fikrlar