
Adolatsizlik tufayli JChga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma ololmagan jamoa, Ronaldu uchun so‘nggi mundial. Qisqasi, Portugaliya haqida gaplashamiz
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga bir kun qoldi va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "H" guruhining birinchi vakili Portugaliya terma jamoasi orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Portugaliya futbol federatsiyasi. Laqabi — “tanlangan jamoa”.
Tashkil topgan yil: 1914 yil (FIFAga 1923 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Renatu Santush
Jamoa sardori: Krishtianu Ronaldu
Ilk rasmiy uchrashuvi: Ispaniya – Portugaliya 3:1 (1921)
Eng yirik g‘alaba: Portugaliya – Lixtenshteyn 8:0 (1994)
Eng yirik mag‘lubiyat: Portugaliya – Angliya 0:10 (1947)
Portugaliya terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 9-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi 3-pog‘onadir. “Tanlangan jamoa” 2010 yilda kuchli uchlikka kira olishni uddalagan. Portugallarning eng yomon ko‘rsatkichi esa 43-o‘rin hisoblanadi. Ular 20 asr oxirrog‘ida, aniqroq aytadigan bo‘lsak, 1998 yilning avgust oyida ushbu pog‘onaga tushib ketgan.
Portugaliya terma jamoasining jahon chempionatlaridagi tarixi
Portugaliyaning jahon chempionatlaridagi tarixi juda qisqa. 2002 yilga qadar janubliklar atigi ikki marta mundialda qatnashishgan. 1966 yilda “tanlangan jamoa” uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1986 yilda ular guruh bosqichidan keyin ishtirokini yakunlagan. 2002 yildan buyon portugaliyaliklar jahon chempionatida muntazam ravishda qatnashib keladi. Shuningdek, ular 2006 yilda to‘rtinchi o‘rin egallagan. O‘shanda Ronaldu boshchiligidagi jamoa yarim finalda Frantsiyaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, 3-o‘rin uchun bahsda Germaniya qarshiligini sindira olmagan. 2010 va 2018 yillarda ular 1/8 bosqichda, 2002 va 2014 yillarda guruh bosqichidan keyin uyiga qaytishgan.
Portugaliya terma jamoasining guruhida kimlar bor?
Portugaliya terma jamoasi guruhdan chiqishi kerak. Gana va Janubiy Koreya jang qilishlari taxmin qilingan bo‘lsa-da, mutaxassislar 1/8 final bosqichiga “tanlangan jamoa” bilan birgan Urugvay chiqishini taxmin qilmoqda. Agar Portugallar nimchorak finalda Braziliya tomonidan "uchirib yuborilmaslik" uchun guruhda birinchi o‘rinni egallash juda muhim.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Portugaliya terma jamoasi JChga yo‘llanmani aylanma yo‘llar orqali qo‘lga kiritdi. Ya’ni ular o‘z guruhida 2-o‘rinni egallab, pley-offda qatnashishga majbur bo‘ldi. Umuman olganda, “tanlangan jamoa” hakamlarning adolatsizligi qurboni bo‘ldi. Sababi ularning guruh bosqichidagi 100 foizlik goli hisobga olinmadi. Portugallar mundial yo‘llanmasi uchun kurashni “A” guruhidan boshladi. Shuningdek, guruhda Serbiya, Irlandiya, Lyuksemburg va Ozarbayjon ham bor edi. Santush shogirdlari ilk turda g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi turda adolatsiz durang qurboniga aylandi. Sababi Krishtianu Ronalduning 90-daqiqada Serbiya darvozasiga kiritgan goli inobatga olinmadi. Biroq to‘p haqiqatdan ham chiziqni kesib o‘tgan edi. Shu bois, ular 2 ochkodan quruq qolishdi. Ammo biri-bir Portugaliya so‘nggi turda Serbiyaga mag‘lub bo‘ldi. Ular o‘z maydonida kechgan bahsda raqibiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi va 17 ochko bilan ikkinchi o‘ringa tushib ketdi.
Pley-offning birinchi bosqichida Portugaliyaga Turkiya raqiblik qildi. “Dragau” stadionida bo‘lib o‘tgan bellashuvda “tanlangan jamoa” turklarni 3:1 hisobida mag‘lub etdi va ikkinchi bosqichda yo‘llanma oldi. Hal qiluvchi raundda Ronaldu jamoasiga Italiyani JChdan mosuvo qilgan Shimoliy Makedoniya kutayotgan edi. Ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘lgan bellashuv taqdirini Bruno Fernandeshning dubli hal qildi – Portugaliya – Shimoliy Makedoni 2:0.
Shu tariqa, portugallar qiyin bo‘lsa-da, Qatardagi mundialga borishni yana uddalashdi.
Jamoa etakchilari
Aytish kerakki, Portugaliya hozirda juda ham yulduzli tarkibga ega. Hatto darvoza chizig‘ida ham ancha raqobat borligini ko‘rish mumkin. Boisi, Koshta ham, Patrisiu ham, Joze Sa ham o‘z klubining asosiy futbolchilari hisoblanadi.
Himoyada esa Kanselu, Dalot, Ruben Diash, Pepe va Gerreyru degan nomlar istalgan jamoa hujumini qo‘rqitib qo‘yishi mumkin. Qolaversa, yarim himoyada o‘ynaydigan Bernardu Silva va Bruno Fernandeshga ortiqcha ta’rif berish shart emas, chamamizda.
Hujum chizig‘i esa Portugaliyada anchayin yulduzlidir. Oddiy Krishtianu Ronaldu nomi butun bir jamoaning qanday kuchga ega ekanligini bildiradi. Shuningdek, bu katta ehtimol bilan KriRo uchun so‘nggi mundial hisoblanadi va butun jamoa aynan u uchun o‘ynashi tabiiy. Sababi Ronalduning kollektsiyasida barcha sovrin bor, ammo bitta JCh kubogi bundan mustasno.
Qolaversa, Andre Silva, Joau Feliks va Rafael Leau kabi futbolchilar ham hujum chizig‘ida Ronalduga yordam berishadi.
Hozirda “Transfermarkt” portali “tanlangan jamoa”ning umumiy qiymatini 937 million evroga baholamoqda. Tarkibdagi eng qimmat futbolchi esa “Milan” futbolchisi Rafael Leau hisoblanadi. Uning narxi 85 millon evroga baholangan.
Darvozabonlar: Diogu Koshta (“Portu”), Ruy Patrisiu (“Roma”) Joze Sa (“Vulverxempton”).
Himoyachilar: Diogu Dalot (“Manchester Yunayted”), Joau Kanselu, Ruben Diash (ikkisi ham – “Manchester Siti”), Rafael Gerreyru (“Borussiya” Dortmund), Antoniu Silva (“Benfika”), Pepe (“Portu”), Nunu Mendesh, Danilu Pereyra (ikkisi ham - PSJ).
Yarim himoyachilar: Joau Palinya (“Fulxem”), Ruben Nevesh, Mateush Nunesh (barchasi – “Vulverxempton”), Bernardu Silva (“Manchester Siti”), Brunu Fernandesh (“Manchester Yunayted”), Joau Mariu (“Benfika”), Otavio (“Portu”), Vitinya (PSJ), Vilyam Karvalyu (“Betis”).
Hujumchilar: Andre Silva (“RB Leyptsig”), Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”), Gonsalu Ramush (“Benfika”), Joau Feliks (“Atletiko” Madrid), Rikardu Orta (“Braga”), Rafael Leau (“Milan”).
JCh-2022dagi taqvimi
1-tur
24 noyabr. Portugaliya – Gana;
2-tur
28 noyabr. Portugaliya – Urugvay;
3-tur
2 dekabr. Janubiy Koreya – Portugaliya.
Fikrlar