Afruza Hamdamova Xalqaro sport ustasi bo‘ldi, 16 yoshli Muxiddin Madaminov esa endilikda grossmeyster!

  • 22 avgust, 2024, 15:22
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Shaxmat
CHERY AUTO

Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida O‘ttizinchi Abu-Dabi Xalqaro shaxmat festivali bo‘lib o‘tmoqda. 14 avgust kuni start olgan musobaqada yurtimiz sharafini jami 32 nafar shaxmatchi himoya qilmoqda.

Mukofot jamg‘armasi jami 104 ming 50 AQSh dollarini tashkil etuvchi turnirda 250 dan ortiq shaxmatchi "Masterss", "Open A", "Open B" hamda "Juniors" guruhlarida bellashmoqdalar. 

Mazkur turnirda ishtirok etayotgan ikki nafar shaxmatchimiz yuqori marralarni zabt etishga muvaffaq bo‘ldi. 

 Jumladan, 2006 yilda tug‘ilgan Muxiddin Madaminov xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘ldi. U Abu-Dabi shahrida davom etayotgan turnirning "Masters" guruhida ishtirok etmoqda va 6 turdan so‘ng 2,5 ball bilan 152-pog‘onani band etib turibdi. 

Bundan tashqari, Afruza Hamdamova shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida Xalqaro sport ustasi (WIM) unvonini qo‘lga kiritdi. Afruza ham o‘z navbatida Abu-Dabidagi turnirning "Masters" guruhida ishtirok etmoqda. 3 ball to‘plagan shaxmatchi qizimiz ayni vaqtda o‘z guruhida 111-o‘rindan joy olgan.



Ta’kidlash kerak, ayni vaqtda Abu-Dabidagi turnirning "Masters" guruhida hal qiluvchi pallalar yaqinlashmoqda. Ayni damda Nodirbek Yakubboev 5 ball bilan ikkinchi, xuddi shuncha ochko to‘plagan Shamsiddin Vohidov esa ettinchi o‘rinda bormoqda. 4,5 ballga ega Javohir Sindarov 9-pog‘onani band etgan. 

Jami 9 turdan iborat musobaqaning bugun 7-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Hozircha vakillarimiz band etib turgan o‘rinlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin: 

1. Volodar Murzin - (FIDE) 5 ball; 
2. Nodirbek Yakubboev - 5 ball;
7. Shamsiddin Vohidov - 5 ball; 
9. Javohir Sindarov - 4,5 ball;
28. Ortiq Nig‘matov - 4 ball;
29. Abdimalik Abdisalimov - 4 ball; 
42. Saidakbar Saydaliev - 4 ball; 
48. Humoyun Begmurtov - 4 ball; 
70. Muhammadzohid Suyarov -  3,5 ball;  
91. Bahrom Bahrillaev - 3,5 ball; 
111. Afruza Hamdamova - 3 ball; 
152. Muxiddin Madaminov - 2,5 ball. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!