Afsonaviy darvozabon Oliver Kanning vakillari yurtimizga tashrif buyurishadi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yurtimizda futbolni yuqori bosqichga olib chiqish, futbolni rivojlantirishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish borasida xorij tajribasidan keng qamrovli foydalanish maqsadida turli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashuv chog‘ida yurtimizga Evropaning kuchli akademiyalari vakillarini olib kelish va ularning tajribasini o‘rganish borasida yordam berishni so‘ragan va FIFA prezidenti bu borada amaliy yordam berishga va’da qilgandi.
Ana o‘sha va’daga ko‘ra, joriy yilning 18 mart kuni Germaniyaning afsonaviy darvozaboni, Evropa chempioni va Jahon chempionati kumush medali sovrindori Oliver Kanning akademiyasi ijrochi direktori va menedjeri yurtimizga tashrif buyurishadi.
“Oliver Kan akademiyasi” Germaniyada asosan darvozabonlar tayyorlash yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, Germaniyaning 8 karra chempioni hisoblangan Oliver Kanga qarashli akademiyada darvozabonlar murabbiylarini tayyorlash, selektsiya ishlari, transfer masalalari bo‘yicha ham ta’lim beriladi.
18 mart yakshanba kuni “Oliver Kan akademiyasi” ijrochi direktori Morits Mattes va akademiya menedjeri Robert Niemann O‘zbekistonga tashrif buyurishadi.
Tashrif davomida germaniyalik mutaxassislar O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha suhbatlashishadi. Undan tashqari, Morits Mattes O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida yurtimizdagi darvozabonlar murabbiylari uchun seminar o‘tkazadi.
Shuningdek, nemis mutaxassislari “Paxtakor” va “Bunyodkor” stadionlarida bo‘lib, bu erda yaratilgan shart-sharoitlar, akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishishadi. Bundan tashqari, Superliga 3-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” AGMK uchrashuvini bevosita stadiondan tomosha qilishadi.
Shu yilning aprel oyida germaniyalik afsonaviy darvozbon Oliver Kanning o‘zi ham O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.



Fikrlar