
AGMK legioneri: "Mirjalol Qosimov juda yaxshi murabbiy, mening taqdirimni klub hal qiladi"
Tojikistonlik iqtidor egasi Alisher Jalilov ilk bor O‘zbekiston chempionatida qatnashgan holda AGMK klubida faoliyat olib bordi. 29 yoshli yarim himoyachi o‘zidan yomon taassurot qoldirgani yo‘q.
Biroq u bundan ham ko‘prog‘iga qodir edi. Chunki Jalilovning potentsiali yuqori ekanini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Xo‘sh, Alisherning keyingi taqdiri endi qanday kechadi?
Bu masala bo‘yicha Sports.uz jurnalisti tojikistonlik legioner bilan bog‘landi.
- Alisher, AGMK klubida debyut mavsumingizni o‘tkazdingiz. Ayting-chi, siz uchun qanday o‘tdi?
- Nima deyishim mumkin? Yangi kelgan paytimda jarohat oldim. Tuzalib yana safga qaytdim. Afsuski, menda yana bir bor jarohat takrorlanib qoldi. Shu sabab aytishim mumkinki, klubdagi debyut mavsumim o‘zim kutganchalik omadli chiqmadi.
- AGMK bilan shartnomangiz muddati yana bormi? Klub bilan Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etmoqchimisiz yoki...
- AGMK klubi amaldagi shartnomamning yakunlanishiga yana bir yil bor. Shuning uchun hozirda mening hech qanday rejalarim yo‘q. Hozircha shu erdaman.
- Siz faoliyatingiz davomida ko‘plab murabbiylar bilan birga ishlagansiz. Ularning orasida Mirjalol Qosimov nimasi bilan ajralib turadi?
- Mirjalol Qosimov juda yaxshi murabbiy. Bir jihatini alohida ta’kidlab o‘tishim kerakki, ko‘p rotatsiyani amalga oshiradi, juda ko‘p. Ochig‘i, ilgari bunday uslubga to‘qnash kelmagan ekanman.
- AGMK bilan sobiq jamoangiz “Istiqlol”dagi raqobat o‘rtasida qanchalik farq qiladi?
- “Istiqlol”da ham raqobat kuchli edi. Shu sababli biz doim chempionlik yo‘lida kurash olib bordik. Shunga yarasha chempionlikni ham bir necha bor qo‘lga kiritganmiz. Osiyo Chempionlar ligasida ham munosib qatnasha olganmiz. Albatta, AGMK jamoasida ham raqobat kuchli. Ikkala klubda raqobat yuqori darajada deb ayta olaman.
- Eshitishimcha, o‘sha “Istiqlol”ga yana qaytishingiz ham mumkin ekan, shu rostmi?
- Boya aytganimdek, shartnomam yakunlanishiga yana bir yil bor. Shuning uchun hozirdan bir nima deya olmayman.
- Umuman aytganda, xizmatingizga yana qaysi jamoalardan takliflar bor?
- Variantlar bor. Lekin bilasiz, klub bilan amaldagi shartnomam bor. Mening taqdirimni klub hal qiladi. Hozir bu masalada aniq gap ayta olmayman.
- Shuningdek, sobiq ustozingiz – Vitaliy Levchenko bilan yana birga ishlashni istarmidingiz? Mabodo, u sizni “Neftchi”ga taklif qilmadimi?
- Albatta, Vitaliy Levchenko ham ajoyib mutaxassis. AGMKga ko‘chib o‘tgan paytimda ham uni faoliyatimdagi eng yaxshi murabbiy deb aytganman. U men uchun eng yaxshisi. Kim meni taklif qilganiga kelsak, bu sirligicha qolaversin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar