Ahmadbek Eshmatov: Saudiyaga qarshi o‘yin Abramovning terma jamoaga qanchalik yangilik olib kirganini yaqqol namoyon qiladi

  • 13 noyabr, 2019, 22:10
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvi oldidan muhim ma’lumotlarni berib bormoqdamiz. Ular qatorida jurnalistlarning fikrlarini ham sizlarga havola qilamiz.

Tecno

SPORTS.uz sayti muxbiri Ahmadbek Eshmatov bo‘lajak o‘yin oldidan quyidagicha fikrlarni bildirib o‘tdi.

- Darhaqiqat ushbu o‘yin juda muhim hisoblanadi. To‘g‘ri, Abramov boshchiligida ikki g‘alabani qo‘lga kiritdik. Lekin mazkur bahs, uning terma jamoaga qanchalik yangilik olib kira olganini yaqqol namoyon qiladi deb o‘ylayman. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Shunday bo‘lsa-da, bizning terma jamoada Janubiy Koreya, Avstraliya va Yaponiyadan farqli ravishda ushbu jamoani mag‘lub eta olish “sindromi” shakllanib bo‘lgan desam mubolag‘a bo‘lmas. Shuning uchun ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonamiz, deb ayta olaman.

- Saudiya Arabistonining kuchli jihatlari

- Har doim arablarning hujum chizig‘ida rang-baranglikni kuzatib kelganmiz. Ularda doimo, kuchli hujumchilar bo‘lgan. Jumladan, Sami Al Jaber, Malik Moaz, Yosir Al Qaxtoni kabilarni ta’kidlab o‘tish mumkin. Ayni vaqtdagi terma jamoa ham bundan mustasno emas. Umuman olganda Saudiya Arabistoni terma jamoasi futbolchilari texnik jihatdan juda kuchli ekanligi barchaga ayon. Ayniqsa, oldingi chiziq vakillarining yutug‘i ham shunda. Ular individual mahorati evaziga bir-ikki himoyachini dog‘da qoldira olishadi. Chunki yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, ular texnik jihatdan ajoyib harakat qilishadi. Shu nuqtai nazardan himoyachilarimizga qiyin bo‘lishi turgan gap. Shunday bo‘lsa-da, himoya chizig‘i vakillarimiz raqib hujumchilariga imkoniyat qoldirishmaydi degan umiddaman.

- Raqib tarkibidagi havfli futbolchi

- Salim Al Dovsari.

- Evre Renarning yaqindagina Saudiya Arabistoni termasini qabul qilib olgani bizning foydamizga ishlashi mumkinmi?

- 50/50 degan fikrdaman. Ya’ni, qaysidir ma’noda hali futbolchilarni to‘la o‘rganib olishga vaqt kamroq bo‘lganligi qolaversa, Osiyo futbolida endi ish boshlayotganligini inobatga olsak, balki shunday bo‘lar... Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Tajribali murabbiy, o‘zgacha muhit, yangi “qon” va o‘ziga hos motivatsiyani yuzaga keltirishi mumkin.

- Ertaga tarkibda Vadim Abramovdan syurpriz kutishimiz mumkinmi?

- Bo‘lishi mumkin. Chunki Abramov tomonidan bunday voqeyliklarga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz.

- Guruhimizdagi eng asosiy raqibimiz kim – Saudiya Arabistoni yoki Falastin?

- Albatta, Saudiya Arabistoni. Ikki bor durang o‘ynashi, Falastindan kuchsiz degani emas. “Sherning o‘ligi ham sher” deyishadiku. Lekin “Oq bo‘rilar” bahamjihat harakat qilishsa, har qanday sherlar ham ojiz qolishadi.

- Ertangi o‘yin uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasining taxminiy tarkibi

Darvozabon: Eldor Suyunov

Himoyachilar: Farrux Sayfiev, Islom To‘xtaxo‘jaev, Rustamjon Ashurmatov, Hojiakbar Alijonov

Yarim himoyachilar: Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskanderov, Odil Ahmedov, Otabek Shukurov, Dostonbek Hamdamov

Hujumchi: Eldor Shomurodov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!