Akademik eshkak eshuvchilarimizning navbatdashi muvaffaqiyati
Joriy yilning 7-15 aprel kunlari Italiyaning Pedkulo shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha an’anaviy "Paolo De Aloe" xalqaro turniri va o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston sport delegatsiyasi ham ishtirok etdi deya xabar bermoyda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.
An’anaviy "Paolo De Aloe" xalqaro turnirida 25 davlatdan tashrif buyurgan sportchilar qatorida vakillarimiz ham omadlarini sinab ko‘rishdi. Ayollar o‘rtasida 2000 metrga o‘tkazilgan yakkalik bahslarida sportchimiz Malika Tagmatova marraga uchinchi bo‘lib etib keldi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Aynan shu yo‘nalishda erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda yana bir vakilimiz Mehroj Mamatjonov ham uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ushbu xalqaro turnir va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida milliy va yoshlar terma jamoalarimiz a’zolari bo‘lgan 25 nafar sportchimiz qatnashdi. Ular murabbiylarimiz Sergey Tyan, Artyom Kudryashov va Fozilbek Xonxo‘jaev qo‘l ostida shug‘ullanishdi.
Shuningdek, 23 davlatdan jami 400 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etadigan tadbirlarda vakillarimiz 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan sportchilarning texnik-taktik uslublarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Fikrlar