
Akmal Shorahmedov: Mensiz AGMK kuchsizlanib qolmaydi, futboldan ketish oldidan "Neftchi"ni Superligaga olib chiqamiz
Tajribali himoyachi Akmal Shorahmedovning “Neftchi” klubi bilan shartnoma imzolagani muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.
Superligada ko‘zga ko‘ringan va o‘z o‘rniga ega bo‘lgan himoyachining pro-ligaga yo‘l olgani ko‘pchilik uchun kutilmagan xabar bo‘ldi. Lekin Shorahmedov o‘z qarorini e’lon qilib bo‘ldi.
Albatta, ushbu futbolchi orqali “Neftchi”ning yanada kuchayishga erishishi tabiiy. Futbolchi esa sports.uz muxbiriga nima uchun bunday qarorga kelgani haqida gapirdi.
“Neftchi”ga o‘tishining sabablari
- O‘tgan yili O‘zbekiston kubogi finalida “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda jiddiyroq jarohat olgandim. Gapning ochig‘ini aytaman, o‘shanda futbol o‘ynay olmaymanmi, deb o‘zim ham qo‘rqdim. O‘sha paytda jarohatda yurgan bo‘lishimga qaramasdan, Ilhom Mo‘minjonov meni “Neftchi”ga chaqirishni boshladi. Hayotda ham Ilhom Mo‘minjonov va Anvar Soliev bilan munosabatlarimiz yaxshi. Ular jamoamizga yordam berishimni iltimos qilishdi. Rosti, AGMK klubi jarohatlangan paytimda ahvolim bilan qiziqmadi. Shuning uchun xafa bo‘ldim. O‘zim jarohatimni davolatish uchun muolaja qilib yurdim. “Neftchi” esa klubga o‘tmasang ham mayli, ammo jarohatingni davolatish kerak, deb serbiyalik mutaxassisni menga alohida biriktirishdi. Shunday qilib, bu jamoa jarohatimni davolatishimga yordam berdi. Bundan tashqari, Superliganing bir qancha klublaridan takliflar bo‘ldi. Lekin odamgarchilik yuzasidan va “Neftchi” murabbiylariga bo‘lgan hurmatim sababli, farg‘onaliklarga yordam berishni ma’qul ko‘rdim. Hozir shunday yoshdamanki, terma jamoada to‘p surishga intilib, yuqoriga ko‘tariladigan darajada emasman. Lekin saviyam oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha qoladi. Endi bundan buyog‘iga yuqoriga qarab o‘sa olmayman. Garchi yoshim ulg‘ayib borayotgan bo‘lsa ham, jismoniy holatim yaxshi. Bundan yaxshirog‘i bo‘lmaydi.”Neftchi”ga yordam bera olishimga ko‘zim etdi. Klubda pulni olib, o‘ynamasdan beparvolik qila olmayman. Murabbiyning talabchanligi ham kuchli. Yuriy Sarkisyan ishlayotgan paytda ham “Neftchi”ni hurmat qilardim. Futboldan ketish oldidan “Neftchi”ni Superligaga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Mo‘minjonov va serbiyalik mutaxassisdan ham murabbiylik tajribalarini o‘rganaman.
Pro-liga – bu uning uchun orqaga tashlangan qadammi?
- Bu orqaga qaytish. To‘g‘ri, hozirda Superligada to‘p surish bilan pro-ligani o‘rtasida farqi bor. Lekin menga manzur bo‘lgan hamda menga ishonch bildirayotgan insonlar bilan birga ishlagim kelyapti. Superliga – bu voz kechishi qiyin bo‘lgan Angliya chempionati emas. Menimcha, pro-ligadagi 5-6 ta jamoa Superliganing 6-o‘rnidan past bo‘lgan klublarni mag‘lub eta oladi.
AGMKdagi faoliyati to‘g‘risida
- AGMK jamoasiga rahmat aytmoqchiman. Ikki yil davomida ushbu klubda to‘p surdim. Shu bois rahbarlar, Mirjalol Qosimov, murabbiylar shtabi, jamoa a’zolari, klub xodimlariga minnatdorchilik bildiraman. Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslarida ishtirok etishida ozgina bo‘lsa ham hissamni qo‘sha oldim. Bu hayot. Men ketganim bilan AGMK kuchsizlanib qolmaydi. U erda yaxshi futbolchilar ko‘p. Jamoaga omad tilab qolaman. Men uchun esa birinchi o‘rinda munosabat turadi. Buni ko‘pchilik biladi. Hech qachon pul uchun talashmaganman. Garchi yoshim katta bo‘lsa-da, jismoniy holatim joyida. Farg‘onada muxlislar bilan to‘la stadionda to‘p surib rohatlanmoqchiman. To‘g‘risi, vodiyda futbol o‘ynash men uchun yoqimli.
Superliga yo‘lidagi kurash haqida
- Futbolda nom muhim rol o‘ynamaydi. Superligaga chiqish qiyin bo‘ladi. Buni barchamiz yaxshi tushungan holda o‘ta jiddiy tayyorgarlik olib boryapmiz. Farg‘onaga Superliga qaytsa, yana ko‘plab yoshlar o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Lekin kubok bahslarida Superliga klublarini mag‘lub etishimizga ishonaman. Boya aytganimdek, meni Superliga klublari chaqirdi. Ammo Mo‘minjonov va Solievga so‘z bergandim. To‘g‘risi, “Neftchi”ni Superligaga chiqadi, deb o‘ylagandim. Shuning uchun ham bu erda to‘p surishga rozi bo‘lgandim. Lekin endi ko‘proq ishlashimiz kerak, klubni olib chiqish uchun. Shuningdek, kubok musobaqasida munosib qatnashmoqchimiz. Pro-liga bahslarini “FutbolTV”da jonli efirda ko‘rsatishyapti. Xayrulla Hamidov aytganidek, bu yil pro-liga yanada qiziqroq o‘tadi.
Fikrlar