
"Al-Fayha" bosh murabbiyi: "Paxtakor" yaxshi o‘ynadi. Ularda 2-3 ta yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ammo gol ura olishmadi"
Osiyo Chempionlar ligasi 6-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Al Fayha" bahsi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bellashuvda toshkentliklar yirik 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Uchrashuvdan so‘ng saudiyaliklar bosh murabbiyi Vuk Rashovich matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Xayrli kech, hammaga! Ushbu o‘yin oldidan bizda bir qator muammolar bor edi. Jarohat olgan futbolchilarimiz ko‘p edi. Bugungi natija uchun yigitlarga rahmat aytaman, ulardan faxrlanaman! Futbolchilar ishonchimizni to‘la oqlay bilishdi.
Futbolda hech narsa tasodifiy emas. Biz bu g‘alaba uchun ancha ter to‘kdik va maqsadimizga erishdik. Yigitlar biz bergan ko‘rsatmalar asosida munosib o‘yin namoyish etdi.
"Paxtakor" yaxshi o‘ynadi. Ularda 2-3 ta yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ammo gol ura olishmadi. Biz esa vaziyatlardan unumli foydalana oldik. Aynan mana shu holat bizning g‘olib bo‘lishimizni ta’minladi.
Futbolchilarimizning ko‘pi yoshlar ekanini inobatga olsak, ularda hali tajriba etarli emas. Tarkibimizda yigitlarning ko‘pi vaqt cho‘zgani yo‘q. Siz e’tibor qaratgan vaziyatlar yosh futbolchilarimiz bilan sodir bo‘ldi.
Bizning birinchi taymda gol urishimiz juda muhim edi va biz buni uddaladik. So‘ng ikkinchi bo‘lim uchun rejalar ishlab chiqdim. Yigitlar ham shu reja va taktik ishlanmalar bo‘yicha harakat qilishdi. Bugun har tomonlama uchrashuvdan qoniqish hosil qildim", - dedi mutaxassis.
Fikrlar