
Aleksandr Stoymirovich: "Mamatkazinni yaxshi o‘rgangandik, biroq..."
“Lokomotiv” – “Andijon” (1:2) o‘rtasidagi bellashuvdan keyin mezbonlar murabbiyi Aleksandr Stoymirovich fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Andijon”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Ikki yildan beri bitta jamoada to‘p surayotgan futbolchilar bor. Bu hujumkor ruhda o‘ynaydigan jamoa. Afsuski, bugungi o‘yinda bizga omad kulib boqmadi. Oxirgi 20 daqiqada bizga omad kelmadi. Ikkita xato va ikkita gol o‘tkazdik. “Metallurg” bilan o‘yinda yuz bergan holat “Andijon”ga qarshi uchrashuvda ham yuz berdi. Standartlardan gol urish – bu “Andijon”ning asosiy ustun tomonlaridan biri hisoblanadi. Noto‘g‘ri harakatlarimiz tufayli gollar o‘tkazdik. Ikkinchi golni tushunarsiz holatda olib chiqdik. Nima deyishim mumkin? Futbolchilarim bir-biri bilan tushunmaydimi? Bilmadim. Bir qator vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lsak-da, faqatgina bitta gol urdik, xolos. Oldinga intilamiz. Keyingi bahslarda yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz. Alamli mag‘lubiyatga uchradik. Futbolga qarashlarimiz va ruhiyatimizni o‘zgartirishimiz kerak. Shunda ko‘zlagan maqsadga erishishimiz mumkin. 5-turga kelib kamchiliklarimiz borligini ham ko‘rish mumkin. Ruhiy tomondan o‘zimizni o‘nglashimiz, yaxshiroq tayyorlanishimiz kerakligi ko‘rinyapti. Yangi jamoa, 16 nafar yangi futbolchi kelgan. Faqat oldinga intilamiz.
- 80-daqiqadan keyin jamoangizdan tajovuzkor o‘yin ko‘rdik. Nima uchun shuni o‘yin boshidan ko‘rmadik? Masalan, “Paxtakor” bilan boshqacha bo‘lgandi.
- Har bir jamoaning imkoniyatiga qarab, murabbiylar o‘yin taktikasini tanlaydi. Albatta, hujumkor ruhda o‘ynaydigan klublarga qarshi jamoani tayyorlash qiyin. Bugungi o‘yinda ham hujumni yaxshi ko‘radigan klubga qarshi o‘ynadik va bu ancha qiyin bo‘ldi, biz uchun. Bizda top-darajadagi futbolchilarimiz yo‘q. Bu futbol va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. G‘alabalar uchun harakat qilamiz. “Navbahor”ga qarshi yaxshi natijaga erishish uchun yanada jiddiy tayyorlanamiz.
- Uchrashuvdan avval “Andijon”ni qanchalik o‘rgangandingiz?
- Jamoamizga birinchi golni urgunicha biz barchasini to‘g‘ri nazorat qilayotgandik. Raqibning imkoniyatini to‘g‘ri baholayotgandik. Raqibni yaxshi o‘rgangandik. Ikkinchi to‘pni kutilmaganda o‘tkazib yubordik. Islom Mamatkazinni yaxshi o‘rgangandik. Uni qanday gol urishini bilardik. Biroq himoyachilarimizning xatolari tufayli gol o‘tkazdik va u gol urdi. O‘sha holatda raqib futbolchisi yaxshi harakat qildi. Barchasi ular uchun omadli kechdi. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Barchasiga tayyor turish kerak
- Ikkita qanot himoyachilari haqida nima deysiz? Ular xatolarga yo‘l qo‘yishdi. “Andijon”ning qanot yarim himoyachilari tezkor harakat qilishdi...
- Boshqacha reja bilan o‘yinni boshlagandik. Raqib jamoa safida ham bir qator kuchli futbolchilar bor edi. Ular qanotlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Masalan, “Qizilqum” bilan o‘ynaganimizda ularning gruziyalik futbolchisi Shulaya yaxshi taassurot qoldirgandi. Bu o‘yinda Bektemir Abdumannonov bizni qiyin vaziyatlarga solib qo‘ydi. Futbolchi o‘yindan avvalgi, tayyorgarlik jarayonida ruhiyatni o‘zgartira olishi kerak. Qattiq kurashish lozim. Bizga ko‘plab yangi o‘yinchilar kelgan, jamoani shakllantirish ustida ishlayapmiz. Oxirgi 20 daqiqadagi o‘yin uchun yigitlarga rahmat aytaman. Doim mana shunday o‘ynash kerak. Afsuski, bunday bo‘lmayapti.
- “Andijon”ning qaysi futbolchisi sizga ma’qul keldi?
- To‘g‘risini aytsam, raqib tarkibida bir qancha sifatli o‘yinchilar bor ekan. Lekin men faqat o‘z jamoam haqida gapira olaman. Bizda ham bir qancha yaxshi futbolchilar mavjud.
Fikrlar