
Amerikaliklar o‘zbek boksi qudratidan shokka tushdi!
Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun muvaffaqiyatli o‘tyapti. So‘nggi kunlarda sportchilarimiz medal jamg‘arishni davom ettirmoqda.
Ayniqsa, o‘zbek bokschilarining Parij ringlaridagi shiddatli janglari, raqiblaridan yaqqol ustunlikka ega bo‘layotgani va davomli g‘alabalari xalqaro miqyosdagi mutaxassislarning ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Olimpiya o‘yinlarida erkaklar o‘rtasidagi boks musobaqalari etti vazn toifasida tashkil etilgan. O‘zbekiston to‘liq tarkib bilan ishtirok etdi va besh nafar hamyurtimiz o‘z vazn toifasida finalga chiqdi. Hozirgacha, Hasanboy Do‘smatov (51 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev (71 kg) va Lazizbek Mullajonov (92 kg) so‘nggi hal qiluvchi janglarda ham zafar quchib, Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘ldi.
Finalda yana ikki vakilimiz – Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalakov ham ishtirok etadi.
Boks musobaqalarini yoritib kelayotgan Bad Left Hook jurnali ham o‘zbek bokschilarining natijalarini alohida tilga oldi. Ushbu nashr bosh muharriri Skott Krist 2006 yildan beri boks uchrashuvlarini tahlil qilib keladi. Tajribali mutaxassis quyidagi fikrlarni bildirdi.
- Parijda frantsuzlar boks musobaqasida oltin medalsiz qoldi. Lekin Bilol Bennama va Sufyon Umixa kumush medal bilan taqdirlandi.
Avvalgi o‘zaro bahsda Hasanboy Do‘smatov Bilol Bennamani nokautga uchratgan edi. Frantsiyalik charm qo‘lqop ustasi bu gal revansh olishga umid qilgandi. Lekin Do‘smatov bunga imkon bermadi va ikki karra olimpiya chempioniga aylandi.
O‘zbekistonga boks bo‘yicha ikkinchi oltin medalni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev keltirdi. U finalda raqibi Marko Verdedan yaxshiroq jang qildi. Meksikaga 1968 yilgi Olimpiadadan beri birinchi oltin medalni taqdim qilishga Verdening kuchi etmadi.
O‘zbeklar hozirnig o‘zida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha umuman boshqa darajada ekanini isbotlab bo‘ldi.
Parij Olimpiadasida hayratlanarli darjada barqaror ishtirok etayotgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘zi uchun uchinchi oltin medalni naqd qildi. Ular o‘zlarini o‘ta qudratli kuch sifatida namoyon qilib bo‘ldi. Ayni paytda ular boshqalardan ancha o‘zib ketgan.
Ozarbayjon sharafini himoya qilgan Loren Alfonso kubalik bokschi, mahoratli jangchi. Lekin Lazizbek Mullajonov butun jang davomida o‘zining uslubini o‘tkazib keldi va oltin medalga sazovor bo‘ldi,- deb yozdi Skott Krist.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi avvalgi Olimpiadalarda jami beshta oltin, ikkita kumush va sakkizta bronza, jami 15 ta medal jamg‘argan edi.
Endi Parij Olimpiadasi ishtirokchilarida natijalarni yanada yaxshilash imkoni bor. Buning uchun Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalakov o‘z finallarida g‘alaba qozonishi talab etiladi.
Fikrlar