
Amorim “Manchester Yunayted”ga ikki nafar “dahshatli” superfutbolchi topib berdi
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim o‘zi ishlagan Portugaliya chempionatida ikki nafar superiqtidor egasi borligini aytdi.
Amorim “Sporting”ni boshqargan bo‘lsa-da, yangi talantlarni “Portu”dan topdi. U klub xo‘jayinlaridan himoyachi Fransishku Moura va hujumchi Samuel Omorodionni olib kelishni so‘rayapti.
25 yoshli Fransishku Moura universal himoyachi hisoblanadi. Lekin bu futbolchi yarim himoya va hujumda ham samarali o‘ynay olishi bilan ajralib turadi. Joriy mavsumda barcha turnirlarda 20 ta uchrashuvda qatnashgan himoyachi jamoadoshlariga ettita golli pas uzatgani uning hujum uyushtirish qobiliyatini ko‘rsatmoqda.
20 yoshli Samuel Omorodion “Granada” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. “Atletiko Madrid” 2023 yili uni 6 million evroga transfer qilgandi. Lekin Diego Simeone bu hujumchi iqtidorini payqamay qoldi. Natijada “Alaves”ga ijaraga berilganidan keyin o‘tgan yoz “Portu”ga 15 million evroga sotib yuborildi.
Omorodion yangi jamoasida dastlabki 16 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 13 marotaba ishg‘ol qilib, mohir to‘purar ekanini namoyish qildi. Uning transfer summasi 45 million evroga ko‘tarildi.
Ruben Amorim mana shu ikki futbolchi “Manchester Yunayted”ni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildiryapti.
Fikrlar