
Ana xolos: Husanovga Gvardiola o‘rniga boshqa murabbiy ustozlik qilishi mumkin
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” o‘yinchisiga aylangani bois, bu klub atrofidagi vaziyat o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini ham qiziqtirib kelmoqda.
TodoFichajes nashrining yozishicha, “shaharliklar” har ehtimolga qarshi bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning o‘rniga jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan mutaxassis topib qo‘yishga qaror qilgan.
Manbaga ko‘ra, klub xo‘jayinlari Pepdan keyin “Manchester Siti”ni boshqa ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso boshqarishini istayapti.
Xabi Alonso o‘tgan mavsum “Bayer”ni tarixda ilk bor Germaniya chempioniga aylantirdi. Shundan so‘ng uning xaridorlari ko‘payib ketdi.
Biroq yangi avlod murabbiylari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Alonsga asosiy da’vogar sifatida “Real” tilga olinmoqda.
“Qirollik klubi” ham Karlo Anchelotti jamoa bilan ichki va xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlarga erishayotganiga qaramay, uning o‘rniga Xabi Alonsoni olib kelishga urinmoqda.
Madridliklar Anchelottini ertaroq ishdan bo‘shatadigan bo‘lsa, yozda Xabi Alonsoni taklif qiladi. Agar natijalar ko‘ngildagidek bo‘lsa, murabbiylar almashinuvi har ikkisining shartnomasi tugaganidan keyin, ya’ni 2026 yilning yozida amalga oshiriladi.
2016 yildan beri “Manchester Siti”ga ustozlik qilib kelayotgan Xosep Gvardiola o‘tgan yili kuzda hamkorlik kelishuvni 2027 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirgan edi.
Ta’kidlash joizki, 54 yoshli Gvardiola zamonaviy futbolning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan hisoblanadi. U doim grand klublarda ishlab kelgan.
Xususan, Pep 2008-2012 yillar davomida o‘zining qadrdon jamoasi “Barselona”ga bosh murabbiylik qilgan. Kataloniyaliklar bilan to‘rt yil ichida jami 14 ta sovrin, jumladan uch marta Ispaniya chempionati va ikki marta Evropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.
Shundan so‘ng, faoliyatini Germaniya grandi “Bavariya”da davom ettirdi. Myunxen superklubida uch yilda ettita sovringa ega chiqdi. Bundesligada uch bor chempion bo‘ldi.
2016 yili “Manchester Siti”ni qabul qilib olgan ispaniyalik mutaxassis katta natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Gvardiola jamoani boshqargan yillar klub tarixida eng muvaffaqiyatli davr hisoblanadi. Manchesterliklar bu mutaxassis kelganidan beri 18 ta sovrinni o‘ziniki qildi.
“Shaharliklar” uning qo‘l ostida olti marta chempion bo‘ldi. Angliya Premer-ligasi tarixida ketma-ket to‘rt marotaba bosh sovrinni yutgan birinchi klub sifatida rekord o‘rnatdi. 2023 yili Angliya trebl qayd etdi.
“Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasidagi birinchi va hozircha yagona bosh sovriniga aynan Xosep Gvaridiola qo‘l ostida sazovor bo‘lgan.
Hamyurtimiz Abduqodir Husanov ana shunday tajribali va mahoratli murabbiy bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Albatta, “Manchester Siti”dagi davr 20 yoshli legionerimiz uchun faoliyatida eng yorqin lahzalarga boy bo‘ladi...
Fikrlar