"Ancha yillardan beri "Qizilqum"ga tayyor o‘yinchilar chaqirilgan, yosh futbolchilarga imkoniyat berilmagan". Yangi jamoa qurayotgan Asror Aliqulov Superligada o‘z so‘zini aytadimi?

  • 24 yanvar, 2023, 09:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Iste’dodli mutaxassis Asror Aliqulov “Sho‘rtan”dagi bir necha yillik faoliyatidan keyin endi o‘zi uchun yangi chaqiriqni qabul qilish vaqti etib kelganligini his qildi. Endi Superligada “Qizilqum” klubiga ustozlik qiladi.

Hozirda Asror Chorievich jiddiy ishga kirishib ketgan. Uning Superligadagi debyut mavsumi qanday bo‘lishi o‘zi uchun ham juda qiziq. Aliqulov “Qizilqum” bosh murabbiyi sifatida Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Asror Chorievich, yangi mavsumda Superligada bosh murabbiylik debyutingizni o‘tkazishingizni kutganmidingiz yoki bu taklif siz uchun kutilmagan syurpriz bo‘ldimi?

- Kutilmagan desam to‘g‘ri bo‘lar. Lekin “Qizilqum” qiziqayotganini eshitgandim. Syurpriz bo‘ldi, degan so‘zlarga qo‘shilmayman. Murabbiy hamma vaqt ishga tayyor turishi kerak. “Sho‘rtan”da ishlagan faoliyatimdan so‘ng “Qizilqum” qiziqish bildirayotganini eshitgach, xayolan o‘zingizni yuqoriroq saviyada sinab ko‘rishni boshlaysiz. “Qizilqum” taklifini ortiqcha o‘ylanishlarsiz va ikkilanishlarsiz qabul qildim. Katta maqsadlar bilan ish boshladik. Klubni futbolchilar birdaniga tark etdi va yana yangi jamoa tuzishimizga to‘g‘ri keldi. Fikru-hayolim yaxshi jamoa tuzish va uni shakllantirishga qaratilgan.

- Superligada debyutant murabbiy sifatida qanday bo‘larkin, o‘z so‘zimni ayta olamanmi, degan tushuncha ham bormi? Shuningdek, qandaydir bosimni his qilmayapsizmi?

- Bosim yo‘q. Albatta, sizga ishonch bildirgan insonlarning ishonchini oqlay olamanmi, degan narsa baribir qiynaydi. Klubda menga ishonch bildirgan rahbarlarning ishonchini oqlash men uchun muhim. “Sho‘rtan”da ishlagan vaqtimda ham pro liga jamoasini shug‘ullantiryapman, degan fikr bo‘lmagan. Faqat jamoani va futbolchilarni katta futbolga tayyorlayapman, degan ma’noda ishlardim. Hamma vaqt rivojlantirishga, o‘yinchilarni kuchaytirishga va jamoani shakllantirishga e’tibor qilsangiz, siz pro ligada ishlaysizmi yoki Superligadami, menimcha buning orasidagi farq faqatgina futbolchilarni va raqiblarni saviyasida bo‘lib qoladi, xolos. Superligadagi raqiblar pro ligadagidek raqiblar emas. Hammasi kuchli. Murabbiydan ham katta mas’uliyat talab qiladi va bo‘shashishga hech qachon imkon bermaydi. Har bir ochkoga osonlikcha erishilmaydi.

- O‘tgan yili “Qizilqum”da to‘p surgan nomi chiqqan, tajribali o‘ynchilar yoppasiga klubdan ketishdi. Yuqorida aytib o‘tganingizdek, yangi tarkib va yangi jamoa shakllantiryapsizlar. Aytaylik, jamoa o‘tgan mavsumdagidek 5-o‘rinni egallashga yana qodir bo‘ladimi yoki vazifa boshqa qo‘yiladimi?

- Jamoani shakllantiryapmiz. Maqsadsiz futbolning o‘zi yo‘q. Hamma vaqt maqsad bo‘ladi. Birinchi navbatda yaxshi jamoa tuzish orqali yaxshi futbol ko‘rsatish kerak. Ancha yillardan beri “Qizilqum”ga tayyor o‘yinchilar chaqirilgan. Lekin yosh futbolchilarga imkoniyat berilmagan. Biz ana shunday iqtidorli yoshlarga ham yo‘l ochmoqchimiz. Bu erda sifatli futbol ham ko‘rsatishimiz kerak. Har tomonlama katta hajmdagi ishlarni olib boryapmiz. Buni qay darajada uddalaymiz yoki yo‘q, buni chempionat ko‘rsatadi. Muxlislar doim yaxshi natijalarni kutishadi. Yoshlarni ortimizdan ergashtirishimiz kerak va ularga imkoniyat beryapmiz.

asror1_4

- Albatta, bunga “Sho‘rtan”dagi ishingiz orqali guvoh bo‘lganmiz. Qo‘l ostingizdan ko‘plab iqtidorli o‘yinchilar chiqqan. Birgina hozir Eron chempionatida to‘p surayotgan Sherzod Temirovni misol keltirsak bo‘ladi. Shuning uchun “Qizilqum”da ham endi kashfiyot yoshlar etishib chiqishiga ishonsa bo‘ladi. Shunday ekan, bu ayni paytda siz uchun eng muhimimi? Bilamizki, har qanday murabbiyga ham tajribali futbolchilar kerak. Siz uchun tajribali ijrochilar bilan ishlash qanchalik qiziq?

- Ko‘p yoshlar bilan ishlaganim uchun tajribali futbolchilar bilan ishlash qanchalik ekanligini unchalik his qilmaganman. Yoshlar bilan ishlash juda qiziq. Ularni qanchalik kuchaytiryapsiz, qaysi tomonga o‘zgartira olyapsiz, foyda beryaptimi-yo‘qmi, mana shularni kuzatish ancha qiziqarli. Yoshi katta futbolchilar bilan ishlamaganim uchun bu tomonlama qiziq yoki qiziq emas deya olmayman. Tarkibimizda yaxshi saviyadagi o‘yinchilar ham bor. Ular ko‘rsatmangizni qisqa vaqt ichida bajara oladilar. Yoshlarga vaqt kerak. Bizda tajribali va iqtidorli yoshlar ham bor. Shuning uchun ikki tomonlama ham qiziq. Yoshlarning saviyasini ko‘tarishga harakat qilamiz.

- Jamoangizda legionerlarni ham ko‘rishimiz mumkinmi?

- Legionerlarimiz bor. 10 talik limit bizni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Buni yashirishni keragi yo‘q. Shuning uchun o‘tgan yilgi legionerlardan Oleg Tolmasovni qaytardik. Stanislavlevich bo‘yicha gaplashyapmiz va uni ham klubimizga qaytaryapmiz. Ular legioner bo‘lgan taqdirda ham biz bular orqali limitdagi o‘rnimizni yo‘qotmaymiz. Yangi legionerlarni ham taklif qilganmiz. Shartnoma tuzilgach, ovoza qilsak to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ikkitasi afrikalik va bittasi rossiyalik. Rossiyalik markaziy himoyachi kelgan.

- “Qizilqum”da murabbiylar shtabi qanday ko‘rinish oldi?

- Yordamchilarim oldin “Qizilqum” jamoasida ishlagan murabbiylar. Akmal Xoliqov, Obid Xudoyorov, darvozabonlar murabbiyi. Xullas, oldingi shtab qoldi.

asror2_4

- Klubda siz uchun hamma sharoit bormi?

- Hamma sharoit bor, ishlar davom etyapti. Yana bir necha hafta vaqtimiz qoldi. Tarkibni 100 foiz yig‘a olganimizdan so‘ng o‘yinnimizni ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Hozir bor imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qilyapmiz. Havoning keskin sovib ketishi bizga noqulaylik keltirsa ham baribir mashg‘ulotlarni uzluksiz olib boryapmiz.

- Xorij yig‘iniga ham chiqasizlarmi?

- 3 fevraldan 17 fevralgacha Turkiyaning Antaliya shahrida shug‘ullanamiz. U erda 4 ta o‘yin rejalashtirganmiz. Ukraina, Ruminiya, Qozog‘iston klublari bilan o‘ynashimiz mumkin.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!