
"Andijon" "Al-Hilol" va Neymar qila olmagan ishni uddaladi yoxud vodiy derbisi haqida
Superliganing 19-turini bezab berishi taxmin qilingan vodiy derbisi – “Andijon” hamda “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi qarama-qarshilik kutilganidek nihoyatda hissiyotlarga, hujumlarga va albatta kurashlarga boy bo‘ldi. “Bobur Arena” esa shu kuni o‘zgacha muhitda bo‘ldi, haqiqiy futbol muhiti hukmron edi. Tabiiyki, Namangandan ham anchagina ishqibozlar jamoasini qo‘llash uchun stadionga etib keldilar.
Bellashuvdan avval jamoalarning o‘zaro o‘yinlar statistikasi taqdim etilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. “Andijon” oxirgi bor o‘z uyida 2016 yili ushbu raqibini mag‘lub etgandi. Qolaversa, namanganliklar joriy mavsumda iyul oyidan beri g‘alaba qozona olmayotgandi. Bir so‘z bilan aytganda, vodiy derbisi har tomonlama katta qiziqishlarga sabab edi.
O‘yin mehmonlar uchun omadli, mezbonlar uchun omadsiz boshlangani rost. Buni 2-daqiqadayoq kiritilgan goldan bilish mumkin. “Navbahor” futbolchisi Abror Ismoilov jarima maydoni ichida yaratilgan imkoniyatdan foydalanib qoldi va hisobni ochdi. Ko‘pchilik bunga mezbonlar qanday javob berarkin, deya kutishdi. Mezbonlar esa ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘zgartira oldi. Aynan tanaffusdan so‘ng o‘yin surati yanada ko‘tarildi. Bunga “Burgutlar”ning parvozi va gollari sabab. 54-daqiqa o‘tib borayotganida chap qanotdan oshirilgan to‘pni “Navbahor” jarima maydoni ichida hammadan baland sakragan himoyachi Ilhom Alijonov boshi bilan chiroyli tarzda gol urib hisobni tenglashtirdi. Bu uning Superligadagi uchinchi goli bo‘ldi.
Maydonda esa chinakam kurash va jang kechdi. Ikkala jamoa a’zolari maydonning har bir qarich eri uchun kurashdilar va yakunda “Andijon”ning qo‘li baland keldi. Bosh hakam bellashuvga 9 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. 89-daqiqada bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov zaxiradan Suhrob Berdiev bilan Sardor Abdunabievni o‘yinga qo‘shdi. Aynan ushbu o‘zgarish yakunda samarasini berdi. Mezbonlarning navbatdagi xavfli hujumidan keyin jarima maydoni ichida Berdiev akrobatik tarzda O‘tkir Yusupov darvozasini ishg‘ol etib, “Bobur Arena”ni chinakamiga larzaga keltirdi. Bejizga o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Xomyakov Berdievga oxirgi 8 daqiqaning qahramoni deya ta’rif bergani yo‘q. Bu vaziyatda murabbiyning topqirligi ham ish berdi va Suhrob barcha ishonchlarni oqladi. Umuman olganda, bu kecha “Andijon”ning barcha a’zolari olqishlarga sazovor edi.
Rostini aytganda, uchrashuvdan oldin ko‘pchilik vodiy derbisida kuchlar teng kelishini taxmin ham qilishgandi. Lekin o‘yin mobaynida har ikki jamoa g‘alaba uchun borini berib o‘ynadi va bunda “Andijon” o‘z kuchini haqli tarzda namoyish etib, oxirgi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi. Xomyakov jamoasi o‘z irodasini ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning o‘yin uchun tuzgan rejasi va strategiyasiga alohida to‘xtalish o‘tsak ham arziydi. Chunki bu borada murabbiy aqlli qarorlar qabul qilgani yakunda o‘z samarasini berdi. Ha, Xomyakov va uning jamoasi Superligadagi yoqimli sarguzshatlarini shu tariqa davom ettirmoqda. Andijon xalqiga esa xushkayfiyat ulashmoqda. Bardavom bo‘lsin...
“Andijon” – “Navbahor” – 2:1 (0:1).
23 sentyabr. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 15231 tomoshabin.
Hakamlar: Abdurashid Xudoyberganov, Olim Abduvosilov, Rishat Nugmonov.
VAR: Asker Najafaliev
AVAR: Alisher Usmonov
Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘aev
Komissar: Shoxruh Said.
“Andijon”: Igor Litovka, Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Abduvohid G‘ulomov, Ilhom Alijonov (Abdurahmon Komilov, 82), Levan Arveladze (Ilhom Abdug‘aniev, 75), Farhod Bekmurotov (Suhrob Berdiev, 89), Muhammadkarim Toirov, Farhod Sohibjonov (Sardor Abdunabiev, 89), Armin Boshnyak, Rubin Xebay.
“Navbahor”: O‘tkir Yusupov, Milosh Milovich, Filip Ivanovich, Shahboz Jo‘rabekov, Igor Golban, Oston O‘runov, Jamshid Iskanderov (Jasur Yaxshiboev, 65), Abror Ismoilov, Doniyor Abdumannopov (Asad Sobijonov, 60), Jamshid Boltaboev, Toma Tabatadze.
Gollar: Abror Ismoilov, 2 – 0:1. Ilhom Alijonov, 54 – 1:1.Suhrob Berdiev, 90+4 – 2:1.
Ogohlantirishlar: Abduvohid G‘ulomov, 69 – Oston O‘runov, 40. Toma Tabatadze, 90+6. O‘tkir Yusupov, 90+9.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar