
"Andijon" bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev matbuot anjumaniga nega kelmadi? Kubokdagi asosiy vazifa nima edi? Yorqin Nazarov javob berdi
O‘zbekiston Kubogi doirasida bo‘lib “Turon” – “Andijon” (1:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar murabbiyi Yorqin Nazarov ishtirok etdi.
- “Turon” jamoasini keyingi bosqichga chiqqani bilan tabriklaymiz. Bevosita o‘yinga kelsak, uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tdi. Bellashuv boshlarida yigitlarimiz hali o‘yinga kirishib ketmagan paytda raqib gol urib oldi. Bizda ham, ularda ham xavfli vaziyatlar kam bo‘ldi. Balki havoning issiqligi futbolchilarga ta’sir ko‘rsatgandir.
- “Andijon” asosan standart vaziyatlardan gol uryapti. Qachon o‘yindagi vaziyatdan ham gol uradi?
- Uradi, Xudo xohlasa. Shuning ustida ishlaymiz. Bilasizlar, jamoamiz yosh, ammo bu degani gol ura olmasligimiz kerak, degan tushunchani anglatmaydi. Biz hujumni kuchaytirish borasida ishlashni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, keyingi uchrashuvlarda o‘yin paytidan gollar uramiz va “Andijon” jamoasining g‘alabalari ham bo‘ladi.
- Darvozabon Nizom Ziyovutdinov va Edgar Bernxardt tarkibda yo‘qligi nima bilan bog‘liq?
- Edgar Bernxardt kasal, oyog‘i jarohatlangan. Har kuni o‘zi alohida shug‘ullanyapti. Nizom Ziyovutdinovni AGMK jamoasiga qaytarib berdik. U bizga ijara hisobida kelgandi.
- Jamoaning uchta o‘yinda bir ochkoga ega bo‘lishining asosiy sababi nima?
- “Aral” bilan uchrashuvda yoshlarimizni, zaxiradagi futbolchilarimizni tekshirib oldik. Bugungi o‘yinga yutamiz deb kelgandik, ammo yutqazib qo‘ydik. Kubok bahslaridagi asosiy maqsadimiz o‘yinchilarni tekshirib olish edi.
- Bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev nega matbuot anjumaniga kelmadi?
- Rahbarlar bilan gaplashib qoldi. Sizlar bu erda kutib o‘tiravermaysizlar-ku.
Fikrlar