
"Andijon" g‘alabaga tashna, ammo hali "Mash’al" maydonida yutmagan!
Bugun Muborakda “Mash’al” hamda “Andijon” jamoalarining to‘qnashuvi orqali Superliganing 17-tur bahslariga start beriladi.
Turnir jadvalida “Mash’al” 16 ochko bilan 10-o‘rinda, “Andijon” esa 9 ochko to‘plab oxirgi pog‘onada. G‘alaba ko‘proq kimga zarur ekanligini payqash qiyin emas-a? Yana bir qiziq tomoni, “Mash’al” ustozi Aleksandr Xomyakov 2019 yilning yarmida “Andijon”da ish boshlab, 2020 yilning mart oyigacha ishlagan. Hozirgi kunda andijonliklarni boshqarib kelayotgan Viktor Kumikov ham o‘z vaqtida “Mash’al”ga bosh murabbiylik qilgan. Shu bois mazkur to‘qnashuv murabbiylar uchun ham muhim.
Mazkur jamoalarning o‘zaro statistikasi shuni ko‘rsatyaptiki, shu kunga qadar “Mash’al” va “Andijon” 33 marta maydonda duch kelgan. Shundan 18 ta o‘yinda “Mash’al” g‘olib chiqqan. Bu borada andijonliklarning ko‘rsatkichi pastroq, ya’ni, ular 10 ta bellashuvda raqib ustidan g‘alaba qozongan. Yana 5 ta uchrashuv durang bilan tugagan. “Mash’al” 50 ta gol urgan, “Andijon” esa 37 ta.
“Andijon” uchun “Mash’al”ning maydonida to‘p surish noqulay. Negaki, hali “Burgutlar” biror marta ham Muborakda g‘alaba qozonmagan. Faqat ikki marta 0:0 hisobida durang qayd etilgan xolos. Qolgan uchrashuvlarda mezbonlar yutgan. Xo‘sh, g‘alabaga juda tashna bo‘lib turgan “Andijon” Kumikov boshchiligidagi ilk g‘alabasini Muborakda qo‘lga kiritadimi? Bu savolga javobni bugun bilib olamiz.
Fikrlar