
"Andijon" klubi a’zolari yangi bosh homiy va viloyat hokimi bilan uchrashdilar. Unda qanday masalalar ko‘rildi?
Mamlakatimizda sportga va xususan futbolga qaratilayotgan e’tibor siyosat darajasigacha ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, bu borada muhtaram Yurtboshimizning futbolni rivojlantirishga doir tegishli qaror va farmonlari e’lon qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 apreldagi PQ-115-sonli “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Andijon” futbol klubiga “O‘zavtosanoat” aktsiyadorlik jamiyati bosh homiy sifatida biriktirildi.
Mamlakatimizda futbolning ommaviyligini yanada oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, murabbiy va hakamlarni xalqaro talablar asosida tayyorlash, mahoratini yuksaltirish, futbol infratuzilmasini yaxshilash hamda o‘rnatilgan standartlarga moslashtirish kabi muhim maqsadlar asosiy mezon sifatida belgilab olingan.
Jumladan, “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ubaydullaevich Ro‘ziqulov hamda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov “Andijon” futbol klubi a’zolari bilan uchrashdilar.
Xabaringiz bor, “Bobur Arena” stadioni chimi butunlay yangilandi va sifatli darajaga keltirildi. Shu bilan birga arenani yanada ko‘rkam va chiroyli holatga keltirish uchun rekonstruktsiya ishlari ham olib borilyapti. Avvaliga Ro‘ziqulov Abdurahmonov bilan birga “Bobur Arena”da amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, maydon chimining yangilangan holda ideal ko‘rinishga keltirilgani rahbarlarning e’tiborini tortdi.
Shundan keyin stadion binosida “Andijon” jamoasi a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi. Dastlab klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev jamoa haqida to‘liq ma’lumot berdi. “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi jamoa a’zolari bilan shaxsan birma-bir tanishib chiqdi.
Ma’lumki, moliyaviy tomondan echimini kutayotgan masalalar ko‘ndalang turgani bois uchrashuv davomida rahbariyat bosh murabbiy va futbolchilar bilan suhbatlashdi. Ushbu uchrashuv ochiq va do‘stona ruhda tashkil etildi. Ulug‘bek Ro‘ziqulov bugungi zamonaviy futbol klubi qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerak bo‘lsa, “Andijon” jamoasida ham shunday shart-sharoitlar yaratishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu borada yo‘naltiriladigan mablag‘lar maqsadli sarflanishi, klub manfaati yo‘lida xizmat qilishi zarurligiga alohida urg‘u qaratdi.
Bundan tashqari, istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov bilan ham suhbat jarayonida yanada qulay sharoitlar yaratilishi, xorijda malaka oshirish uchun ham imkoniyatlar taqdim etilishi, terma jamoalarga munosib, iqtidorli yoshlarni etkazib berish kabi qator muhim vazifalar ham belgilab olindi.
Qolaversa, ashaddiy muxlislar bugungi muhim uchrashuvdan va jamoadagi ijobiy o‘zgarishlardan nihoyatda mamnun ekanliklarini izhor etgan holda "Bobur Arena"da rahbariyatga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi futbolchilar bilan uchrashuvdan so‘ng klub qarorgohiga borib, jamoaning shug‘ullanishi uchun sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi. Mashg‘ulot maydonlari bilan tanishar ekan, u erda joylashgan tabiiy maydonlarning sifatini yanada yaxshilash hamda buning ortidan futbolchilarga sharoitlarni yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlarni berdi. Jumladan, tabiiy va sun’iy maydon barpo etish hamda u erdagi asosiy maydonning ham sifatini talab darajasiga keltirish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalarni yukladi.
Shu bilan birga futbolchilarning sog‘ligi ham muhim hisoblanadi. Shu sababli zamonaviy tibbiyot anjomlari va vitaminizatsiyalar bilan ta’minlanishi ustivor vazifalardan biri ekanligi ham qayd etib o‘tildi.
Bugungi uchrashuvlar keng qamrovli bo‘lib, hal qilinishi kerak bo‘lgan barcha masalalar muhokama qilindi.
Umuman olganda, “Andijon” futbol klubi rivojlanishning yangi bosqichiga qadam bosmoqda.
Fikrlar