
"Andijon" legioneri bilan xayrlashdi
Mavsum boshida "Andijon" safiga qo‘shilgan tojikistonlik futbolchi Axtam Nazarov bilan shartnoma bekor qilinganini ma’lum qilamiz.
Gap shundaki, u oilaviy sharoitiga ko‘ra, klub rahbariyatiga murojaat qildi va ikki tomon o‘zaro kelishgan holda do‘stona ravishda xayrlashdilar.
Boisi, Nazarov hozir oilasiga yaqin bo‘lishi zarurligi inobatga olindi. Chunki futbolchining yosh qizi ikki marta operatsiya stoliga yotishiga to‘g‘ri keldi. Shu sabab tufayli u oilasi bilan birga bo‘lishini so‘rab murojaat qilgan va buni jamoa rahbariyati to‘g‘ri tushundi.
Axtam bilan mehnat shartnomasi 2024 yilning 31 dekabrgacha mo‘ljallangandi. Endilikda ikki tomonning kelishuviga ko‘ra bitim o‘z kuchini yo‘qotdi. Barcha xujjatlarni rasmiylashtirish bugun oxiriga etkazildi.
Nazarov “Andijon” safida Superligada 5 ta va O‘zbekiston Kubogida 1 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Biz uning keyingi faoliyati muvaffaqiyatli chiqishini tilab qolamiz va shu bilan birga qiziga sog‘lik tilaymiz, - deyiladi “Andijon” matbuot xizmati xabarida.
Fikrlar