"Andijon" sport direktori: "Afsuski, Jaloliddinov Evropadan tushgan takliflarni bekor qildi, 2-davrada ham jamoani Yorqin Nazarov boshqaradi"

  • 7 iyul, 2021, 10:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Boshqa klublar qatori “Andijon” ham yozgi yig‘indagi rejalarni tuzib chiqmoqda. Ayniqsa, tarkibni kuchaytirish asosiy masalalardan biriga aylangan.

Tecno

Shu sababli, muxlislar klubda qanday o‘zgarishlar bo‘lishiga qiziqmoqda. Shularni inobatga olib, klub sport direktori Bobur Alimardonovga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.

- “Andijon” klubi transfer oynasi ochilgan paytda tarkibda qanchalik o‘zgarishlarga qo‘l urmoqchi?

- Rahbariyat bilan kelishgan holda tarkibni kuchaytirish harakatidamiz. Hozir futbolchilar bilan muzokara jarayoni davom etyapti. Hali kim bilandir 100 foiz kelishuvga erishmaganmiz. Muzokaralar tugab, hammasi hal bo‘lgach, matbuot xizmatimiz xabar beradi.

- Legionerlar masalasida ham klub ish olib borayotganidan xabardormiz. Ayni paytda qaysi xorijlik o‘yinchilar bilan muzokaralar davom etyapti?

- Mahalliy o‘yinchilar qatori turli legionerlar bilan ham gaplashyapmiz. Ammo ular bilan ham hali muzokara yakuniga etmagan. Sababi, biz erkin agent maqomidagi futbolchini jalb qilmoqchi emasmiz. O‘zingiz bilasiz, erkin o‘yinchi sport formasida bo‘lmasligi mumkin. Jamoasiz yurgan o‘yinchi mavsum o‘rtasida kelib yordam berishi qiyin, degan fikrdamiz. Ayni paytda o‘z klubiga ega bo‘lgan va o‘ynab turgan 4-5 legioner bilan gaplashyapmiz. Ularning orasida menimcha ikki legionerni jalb qilsak kerak.

bobur1_1

- Ma’lumki, ancha avval ispaniyalik Dovale bilan klub deyarli kelishuvga erishgandi. Uning masalasi nima bo‘ldi?

- Dovale masalasida o‘ylayapmiz. Albatta, u ro‘yxatimizda, ammo yoshi biroz kattaroq, degan fikrdamiz. Boisi, boshqa gaplashayotgan legionerlarimiz undan kuchliroq, bizningcha. Dovalening o‘yinlarini ko‘rdik. To‘p bilan yaxshi o‘ynaydi, biroq to‘psiz harakati kam. Murabbiyimiz talab qilgan uslub bo‘yicha futbolchi to‘p bilan ham, to‘psiz ham jamoaga yordam berishi kerak. Shu tomonlama solishtirganimizda Toni Dovalening ko‘rsatkichlari pastroq.

- Muzokara olib borilayotgan legionerlar asosan qaerdan?

- Har xil o‘yinchilar bilan gaplashyapmiz. Ko‘proq Ukraina, Moldova, Serbiyadagi o‘yinchilarga e’tibor qaratyapmiz. Ular futbolimizga yaqinroq. Albatta, kuchliroq o‘yinchilarni boshqa davlatlardan ham qidiryapmiz. Lekin murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘liq tununishiga ham e’tibor qilish kerak. Uzoq xorijdan kelgan o‘yinchi murabbiyning nima deyayotanini to‘liq tushunmasligi mumkin. Shu bois, imkon qadar rus tilini biladigan, futbolimizga tezroq moslashadigan legionerlarni ko‘ryapmiz. Sababi, qishki yig‘indan ko‘ra, yozgisi juda qisqa bo‘ladi. Tezda ikkinchi davra bahslari boshlanib ketadi. Mana shu jihatlarini ham e’tiborga olyapmiz.

- Jasur Jaloliddinov masalasi ham hammani qiziqtiryapti. U “Lokomotiv”ga ketdi. “Andijon” bilan shartnomasi qancha muddatga tuzilgan?

- Har xil gap-so‘zlar yuribdi. Hozircha uni shartnomasi biz bilan. Futbolchi “Lokomotiv” bilan og‘zaki kelishuvga erishgan ekan. Jasurni yo‘lini to‘sish niyatimiz yo‘q. U shuni xohlagan ekan, imkon qadar yordam beramiz. Ammo shunday holat bo‘ldiki, afsuski, u xorij klublarining takliflarini bekor qildi. Jaloliddinov bilan kelishuvimizga ko‘ra, agar chetga ketsa erkin agent maqomida ketishi ko‘zda tutilgan. Albatta, o‘zi qaror qildi. “Lokomotiv”ni tanladi. Biz bilan bir yillik shartnomasi bor.

- “Andijon” uni “Lokomotiv”ga sotadimi? “Andijon” bu transferdan foyda ko‘radimi?

- Bu masalaga oydinlik kirita olmayman. Umid qilamizki, “Lokomotiv” rahbariyati bizning rahbariyat bilan o‘zaro gaplashib oladi. Bu yuqori rahbariyat hal qiladigan masaladir. Ular o‘zaro kelishib olishsa, biz qolgan ish jarayonini amalga oshiramiz. Menimcha, ertaga biz ham “Lokomotiv”dan kimnidir olmoqchi bo‘lsak, uni hatto erkin agent maqomida qo‘lga kiritsak ham, klub rahbariga shu futbolchini olyapmiz, deb aytib qo‘yamiz. Klublar o‘rtasida hurmat bor va “Loko” rahbariyati albatta bizning rahbariyat bilan gaplashib oladi.

andjion_3

- Jaloliddinovdan tashqari “Andijon”ni yana qaysi futbolchilar tark etdi?

- Hozircha hech kim bilan xayrlashganimiz yo‘q. Ammo tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar bor. Hali  bu borada rahbariyat qaror qabul qilmadi. Agar kimlar ketishi aniq bo‘lsa, matbuot xizmatimiz xabar beradi.

- Bosh murabbiy masalasi ham kun tartibida edi. Yorqin Nazarov ikkinchi davrada ham jamoani boshqaradimi yoki boshqa mutaxassis keladimi?

- Hozircha hech qanaqa bosh murabbiy varianti ko‘rilmayapti. Ikkinchi davrada Yorqin aka ishni davom ettiradi. Menimcha, rahbariyat murabbiyning ishidan qoniqyapti. Sababi, jamoa o‘yinida yaxshi o‘zgarishlar bor. Mana, Namanganda uzoq kutilgan g‘alabaga ham erishdik. Shu bois Nazarovga ishonch bildirilyapti. Mavsum oxirigacha Yorqin aka lavozimida ishlaydi. Niyatimiz Superligada qolish. Bu maqsad amalga oshadi degan umid bilan Nazarovga rahbariyat ishonch bildirdi.

- “Andijon”ning yozgi yig‘in rejasi qanday?

- Vodiy turniri tashkil qilish niyatidamiz. Bu amalga oshadigan bo‘lsa, klublar bilan kelishib o‘yinlar o‘tkazamiz. Tayyorgarlik jarayonlari asosan Andijonda o‘tadi. 10 iyuldan jamoa yig‘iladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!