"Andijon"ga kelib-ketayotgan murabbiylar bilan bog‘liq qiziq holat nima ekanini bilasizmi?

  • 6 may, 2021, 23:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Oxirgi paytlarda “Andijon” klubida qanday o‘zgarishlar bo‘layotganidan yaxshi xabardorsiz. Ayniqsa, jamoa boshqaruvi tadbirkorning qo‘liga o‘tganidan keyin ancha-muncha ishlar bajarildi va bu holat davom etmoqda. Muhimi, jamoa nomini yuksaltirish yo‘lida katta ishlar rejalashtirilgan.

Ko‘rdingiz, o‘tgan yili “Andijon” katta qiyinchilik bilan Superligada jon saqlab qoldi. Bu yildan esa muxlislarning umidi katta. Biroq hozircha natijalar kutilgan darajada emas. Buni “Andijon”ning turnir jadvalida egallab turgan o‘rnidan bilsa ham bo‘ladi. 6 ta uchrashuvda 4 ochko bilan 12-o‘rinda. Kuni kecha bosh murabbiy ham o‘zgartirilganini yaxshi bilasiz. Otabek G‘ulomxo‘jaev egallab turgan vazifasidan ozod etildi va o‘rnini vaqtincha Yorqin Nazarov bajarib turadi. Bungacha ushbu mutaxassis G‘ulomxo‘jaevning shtabida ishlayotgandi. E’tiboringizni esa qiziq bir jihatga qaratmoqchimiz.

O‘tgan yilning avgust oyi oxirlarida klub tepasiga yangi rahbar keldi. U paytda jamoa bosh murabbiyi Viktor Kumikov edi. Biroq rossiyalik mutaxassis boshchiligida “Andijon” hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgandi. Shu sababdan yangi rahbariyat Kumikov bilan do‘stona ravishda xayrlashdi. Bosh murabbiylikka andijonlik sobiq futbolchi Baxtiyor Hamidullaev tayinlandi. Shunday qilib, “Andijon” ikkinchi davraga ushbu murabbiy boshchiligida tayyorlandi. Jamoani qiyin paytda qabul qilib olishdan qo‘rqmagan Hamidullaev ixtiyoridagi bor futbolchilar bilan harakatni boshladi. Uning Superligadagi debyut bahsi Andijonda “Lokomotiv”ga qarshi o‘yin bilan boshlangan bo‘lib, o‘shanda 0:1 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib olgandi. Umuman aytganda, “Andijon” ustozi ikkinchi davrani ikkita mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Keyin ketma-ket to‘rtta bellashuvda mag‘lubiyatsiz seriya qayd etildi. Lekin “Batigol”ning “Andijon”dagi murabbiylik faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Uning klubdagi bosh murabbiyligi 14-turda 22-turgacha davom etdi. Shu vaqt ichida “Andijon” bir g‘alaba, to‘rttadan durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Termizda “Surxon”ga imkoniyat boy berilgach, Hamidullaevga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Aytish lozimki, andijonlik mutaxassis matbuot anjumanlarida ichidagi gapni bemalol, qo‘rqmasdan ommaga aytadiganlar toifasidan edi.

baxtiyor_1

Mavsum tugashiga to‘rtta tur qolgandi. Vaziyat esa jiddiy edi. Og‘ir ahvolga tushib qolgan jamoani qaysi murabbiy boshqarishga rozi bo‘larkin, degan savol ko‘ndalang turardi. Klub rahbariyati Otabek G‘ulomxo‘jaev orqali masalaga echim topdilar. Vazifa bitta: “Andijon”ni Superligada saqlab qolish edi. Oldinda esa “Mash’al”, AGMK, “Qo‘qon-1912” va “Paxtakor”ga qarshi muhim o‘yinlar kutib turgandi. G‘ulomxo‘jaevning “Andijon”dagi ilk o‘yini omadli chiqib, “Mash’al” bilan bahsda 2:1 hisobida g‘alaba qozondilar. Ammo qolgan uchta uchrashuvda raqibning kuchliligi baribir sezildi. Vaziyat shunday tus oldiki, yakunda “Mash’al” bilan bahsdagi g‘alaba tufayli “Andijon” Superligada qolish uchun pley-off uchrashuvida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi hali qiluvchi uchrashuvda andijonliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va Superligada qoldi. Bu yilgi mavsum uchun rejalar va maqsadlar aniq edi. Bosh murabbiy tarkibni futbolga qarashlaridan kelib chiqib, rejalariga va uslubiga mos tushadigan futbolchilar yordamida tuzdi. Biroq mavsum boshida uning to‘rt oydan keyin jamoadan ketishini hech kim kutmagandi. Lekin futbolda doim natija birinchi o‘rinda turadi. Hozircha “Andijon” G‘ulomxo‘jaev boshqaruvida bitta g‘alabaga erishdi. Chempionating ikkinchi turida Andijondagi ochilish uchrashuvida uch ochko qo‘lga kiritilgandi. Undan oldin esa mavsumning dastlabki o‘yinida “Qizilqum”ga imkoniyat boy berilgandi. Keyinchalik “Bunyodkor” maydonida mag‘lub bo‘ldi. O‘z uyida “Mash’al” bilan durang o‘ynagach, Bekobodda “Metallurg”ga yutqazdi. Keyin esa O‘zbekiston Kubogi guruh bahslari bo‘lib o‘tdi. Afsuski, “Andijon” ikkita mag‘lubiyat va bitta durang qayd etib guruhda qolib ketdi. Buning natijasida klub rahbariyati tomonidan Otabek G‘ulomxo‘jaev ham iste’foga chiqarildi. Bu borada murabbiy hamda klub xo‘jayini sports.uz saytiga mazkur vaziyat bo‘yicha atroflicha munosabat bildirib o‘tishdi.

ota_3

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Otabek G‘ulomxo‘jaevdan keyin Yorqin Nazarov bosh murabbiylik vazifasiga kirishdi. Biroq kecha “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvda andijonliklar 1:2 hisobida yutqazishdi. Aslida o‘yin kamida durang bilan tugashi mumkin edi. Ammo Jasur Jaloliddinov penaltidan foydalana olmadi. Nazarovning “Andijon” bosh murabbiyi sifatidagi faoliyati qancha vaqt davom etishini vaqt ko‘rsatadi. Klub rahbari Jur’atbek Quvvatov esa xorijlik murabbiylar bilan muzokaralar olib borilayotganini, ammo Yorqin Nazarovga ham ishonch bildirilishi xususida alohida to‘xtalib o‘tgandi.

yorking_1

Endi “Andijon”  klubining yangi rahbariyati taklif qilgan bosh murabbiylarga e’tibor bering: Bahtiyor Hamidullaev, Otabek G‘ulomxo‘jaev va Yorqin Nazarov! Bularni nima bog‘lab turganini bilasizmi? Barchasi Superligada “Andijon” jamoasidagi faoliyati orqali o‘z debyutlarini o‘tkazishdi. Bunga qadar hech biri hali Superligada bosh murabbiy sifatida ishlashmagan. Ko‘rib turganingizdek, rahbariyat aynan debyutant mutaxassislarga imkoniyat havola qilib kelmoqda. Biroq hozircha ularning bu erdagi faoliyati uzoq davom etmayapti. Endi esa navbat Yorqin Nazarovga keldi. Qiziq, bu murabbiyni oldinda qanday sarguzashtlar kutmoqda?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!