
Andrey Kanchelskis: Bu murabbiylik faoliyatimdagi ilk derbi
10-tur doirasidagi “Navbahor” – “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi “vodiy derbisi” bahsi oldidan “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Futbolchilik faoliyatim davomida 5 ta mamlakat – sobiq ittifoq, Angliya, Shotlandiya, Italiya va Saudiya Arabistoni derbilarida ishtirok etishga muvaffaq bo‘lganman. Shu boisdan, bunday uchrashuvlarning qanday muhit hamda ruhda kechishi va qanday ahamiyatga ega ekanligi menga ma’lum. Derbi bahslari keskin kurashlar ostida kechgan va bu safargi “vodiy derbisi” ham bundan mustasno bo‘lmaydi, albatta.
Bunday o‘yinlarga futbolchilar o‘zgacha ishtiyoq hamda ruhda tayyorgarlik ko‘rishadi va maydonda barcha imkoniyatlarini ishga solishga harakat qilishadi.
Derbi bahslarida maydonda haqiqiy “jang” yuz beradi hamda bunday o‘yinlarda futbolchilarning individual mahoratlari yuzaga chiqadi va shuning evaziga zafar quchish mumkin.
“Vodiy derbisi” bahslarining jamoalar turnir jadvalida qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar, doimo shiddatli va keskin kurashlar ostida kechganligidan xabarim bor hamda bo‘lajak o‘yin ham shunday ruhda kechishi ehtimoldan xoli emas.
Bu murabbiylik faoliyatimdagi ilk derbi bo‘ladi va ushbu uchrashuv yoqimli xotira sifatida qolishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
Albatta, shogirdlarim ham bo‘lajak bahsning qanday ahamiyatga ega ekanligini juda yaxshi tushunib turishibdi hamda zafar quchish uchun maydonda bor kuchlarini berishadi.
Maqsadimiz – bo‘lajak o‘yinda g‘alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashish, - dedi murabbiy.
Fikrlar