
Anvar Berdiev: "Baribir mashg‘ulotlardagi ishlanmalarni barchasini o‘yinda ijro eta olmaymiz"
Pro liganing 13-turida “Sho‘rtan” “Olimpik Mobiuz”ni qabul qildi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan keyin “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Avvalo, xalqimizni o‘tib ketgan bo‘lsa ham Qurbon Hayit bayrami bilan tabriklayman. Futbolchilarimga alohida minnatdorchilik bildiraman. G‘alaba uchun borini berib harakat qilishdi. Endi bu o‘yinni unutib, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz.
- Mashg‘ulotlarda ishlangan reja ish berdimi?
- Albatta. Hisob 3:0 bo‘lganidan so‘ng mashg‘ulotlarda ishlangan kombinatsion o‘yinimiz ozgina bo‘lsa ham o‘z ishini berdi. Baribir mashg‘ulotlardagi ishlanmalarni barchasini o‘yinda ijro eta olmaymiz. Chunki raqib ham bizga qarshi futbol o‘ynaydi. Qaerdadir o‘xshadi, qaerdadir kamchiliklar bo‘ldi.
- Hozir jazirama issiq. Murabbiy sifatida oldingizga vazifa qo‘yilgan. Rahbariyat Superligani talab qiladi. Bugungi bahs esa 18:00 ga belgilangan. O‘yin vaqtini kechroqqa belgilash uchun rahbariyat bilan gaplashib ko‘rsangiz bo‘ladimi?
- Yaxshi savol. Buni e’tiborga olamiz. Keyingi uchrashuvlarda rahbariyatdan o‘yin vaqtini kechroqqa qo‘yishlarini iltimos qilamiz. Albatta, futbolchilar xohlaymizmi-yo‘qmi bunday issiqda bor kuchini ishlatib to‘p surishi qiyin. Hatto, biz zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib qiyin nafas olyapmiz. Futbolchilar esa maydonda 90 daqiqa harakat qilishyapti. O‘yin salqinda bo‘lsa yanada jozibador bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Jasur Xolto‘raev zaxiraga olinadigan yoki zaxiraga qo‘shiladigan futbolchilar sifatida ko‘rinyapti. Bunga sabab vaziyatlardan foydalana olmayotgani bilan bog‘liqmi yoki jismoniy holatimi?
- Xolto‘raev undan oldingi turni o‘tkazib yuborgandi. Bu safar o‘ynadi va uni harakatlaridan mamnunman. Lekin hujumchi birinchi navbatda gol urishi kerak. Jasurni zaxiraga olishimni sababi issiqda biroz qiynalib qoldi. Umid qilamizki, Xolto‘raev keyingi uchrashuvda bundan ham ko‘proq yordam beradi, deb o‘ylaymiz.
- Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ishonchingizni oqlashdimi?
- Hisob 3:0 bo‘lganidan keyin xohlaymizmi-yo‘qmi, zaxiradan maydonga tushganlar o‘yinga qo‘shilib ketishi qiyinroq kechadi. Chunki qolgan futbolchilar o‘yin taqdiri deyarli hal bo‘lgan deb o‘ylashadi va yarim jamoa harakat qiladi. Ammo hamma yigitlardan ko‘nglim to‘ldi va qo‘ldan kelganicha kurashishdi. Eng yosh o‘yinimiz Asilbek Anvarov yaxshi o‘ynadi va uni harakatidan qoniqdim.
Fikrlar