
Anvar G‘ofurov shogirdi haqida: Menga chiroyli bolami yoki xunuk - farqi yo‘q
O‘zbekiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Dinamo" bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar 0:0 hisobidagi durangga imzo chekdi.
4 ochkosi bor samarqandliklar ayni damda Superliga turnir jadvalida o‘n birinchi, 2 ochkosi bor "qalg‘irg‘ochlar" esa o‘n uchinchi pog‘onani band etib turibdi.
Bellashuvdan so‘ng "Bunyodkor" ustozi Anvar G‘ofurov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida uning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Ikki jamoaga ham ochkolar kerak edi. Har ikki klubda ham vaziyatlar bo‘ldi. Samaradorlik ustida ishlayapmiz, ammo bizga biroz sovuqqonlik etishmayapti. Kubok uchrashuvlarida birinchi qadamlarni qo‘yishga harakat qilamiz. Bizga nimadir halaqit berayotgandek tuyulyapti. O‘ylaymanki, bizda ko‘tarilish uchun zinalar bor. Ishlashimiz kerak.
- Gol urilmayotgani resurslar etishmayotganidanmi yoki tajribasizlikdanmi?
- Bizda tajribali futbolchilar bor. Bilmadim, balki futbolchilar bir-birini tushuntirib bera olmayotgandir. Balki o‘z talablarimizni yigitlarga singdira olmayotgandirmiz. Men ham "Bunyodkor" yaxshi o‘yin ko‘rsatib, o‘z mavqeini tiklashini xohlayman. Imkonit bo‘lsa, yaxshi futbolchilarni taklif qilib, raqobatbardosh jamoa shakllantirishga harakat qilamiz.
- "Bunyodkor" 5 ta turda 3 ta qizil kartochka oldi. Bu jarayonga munosabat? Tohir To‘xtasinov ham maydonga tushishi bilan qizil kartochka olib chiqib ketdi
- Biz ham yaxshi niyatda Tohirni maydonga tushirgandik. U hujumda ancha aktivlik olib kelishini kutgandik. Baribir hech bir futbolchi bu kabi harakatlarni atayin bajarmaydi. Ba’zan qisqa muddatga miya ishlamay qoladi. Biz ularga bunday o‘ynamaslik kerakligini tushuntiryapmiz. Shunday bo‘lsa-da, mazkur narsalar futbolning bir qismi.
- Farhod O‘tkirov bilan nima sodir bo‘lyapti? Uni birinchi taym tugashi arafasida zaxiraga oldingiz va maydon chetida ancha vaqt nimadirlarni tushuntirdingiz?
- Bu oddiy ish jarayoni. Unga o‘ziga yarasha talablar bo‘lgandi. U o‘tgan bellashuvda bu talablarni bajarmagandi, ammo mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatdi. Chiroyli yo xunuk bola, kimdir menga yoqmaydi yoki yoqadi - bu kabi mezonlar menda yo‘q. Mashg‘ulotda kim o‘zini ko‘rsatsa, marhamat. Uni ertaroq zaxiraga olmoqchi edim. Biroq unga imkoniyat berdim. U men bergan ko‘rsatmalarni qilishini kutdim. O‘tkirov nimaga qodir ekanligini ko‘rsata olmayapti. Buyog‘iga ham unga imkoniyat beramiz. Shunday bo‘lsa-da, bu har doim shunday bo‘ladi, deganimas.
- "Bunyodkor" ochko yo‘qotdimi yoki oldimi?
- Bu savolga javob bersam, har xil gaplar ko‘payishi mumkin. Menimcha, o‘zimizda ayb. Maydonda o‘zimiz harakat qilamiz. Bizdan boshqa hech kim natijaga ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Fikrlar