
Artyom Potapov: "Boshqa klublardan takliflar bo‘ldi, lekin Surxon"ni kuchaytirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar menga ma’qul"
O‘tgan mavsumda “Surxon” safiga qo‘shilgan va debyut mavsumidayoq iliq taassurot qoldirgan rossiyalik darvozabon Artyom Potapov yakunda Superliganing ramziy terma jamoasidan ham joy olgani yodimizda turibdi.
Bu yil 30 yoshni qarshi oladigan posbon “Surxon” sardori sifatida etakchiligini ham namoyish qildi. Shuning uchun rahbariyat allaqachon u bilan shartnomani uzaytirib qo‘ygan.
Kuni kecha esa Sports.uz jurnalisti Potapov bilan suhbatlashdi.
- Artyom, “Surxon”dagi debyut mavsumingiz kutganingizdek bo‘ldimi yoki bundan ham yuqori natijalarni kutganmidingiz?
- O‘ylaymanki, bundan yuqorisini kutish qiyin edi. Nima deyishim mumkin? Agar ochiq aytadigan bo‘lsam, jamoaning dastlabki yig‘iniga qo‘shilgandim. O‘sha paytda klubni yangi rahbariyat qabul qilib olgandi. Barchasi yosh o‘yinchilar edi. O‘shanda mahalliy futbolchilar bilan “Surxon” qanday natija ko‘rsatishi va qaergacha borishini hech kim bilmasdi. Xudoga shukr, barchasi yaxshi yakunlandi. Murabbiylar, o‘yinchilar barchamiz bir jamoa bo‘lib harakat qildik. O‘ylaymanki, maksimal darajada natijani bajardik.
- Chetdan qaraganda siz nafaqat saviyali legioner, balki jamoaning etakchisiga ham o‘xshadingiz. Bunga qanday erishdingiz?
- Shunday xulosaga ega bo‘ldikki, men va bir qator legionerlar boshqalarga nisbatan biroz yosh jihatidan katta bo‘lganligimiz uchun jamoadagi mas’uliyatni bo‘ynimizga olishimiz kerak edi va biz buni his qilgandik. Boshqa jamoalarda ham bunday holatlar bo‘lib turadi. Ya’ni, kattalar va yoshlar ham shunga yarasha. Bizni klubda ham ko‘proq yoshi katta mas’uliyatni zimmasiga olib, yoshlarga etakchi bo‘lishimiz kerakligini qalban his qildik. Bir so‘z bilan aytganda, jamoani o‘z qo‘limizga olib, etakchilik qilishimiz kerak edi. O‘z o‘rnida ta’kidlashim kerakki, jamoa murabbiylariga hamda yoshlarga har tomonlama yordam berishimiz kerak edi. Bunga erishish uchun harakat qildik. Boshida menga “kapitan” bo‘lishimni aytishgandi. O‘shanda men uchun mas’uliyat kuchli ekanini his qilgandim. Mendan ko‘p narsa talab qilinishini, jamoadoshlarimni etaklashimni bilgandim. Yoshlarga har jihatdan yordam berishim kerakligini, jamoani qo‘lga olishim lozimligini ham his qilgandim.
- Klub bilan shartnomani uzaytirdingiz. Boshqa jamoalardan takliflar bo‘lmadimi yoki “Surxon”da ko‘proq qolishni xohladingizmi?
- Boshqa klublardan takliflar bo‘ldi. Ammo bu erda boshqa faktorlar ham bor edi. Birinchidan, rahbariyatni menga bo‘lgan iliq munosabati, ikkinchidan, murabbiylarning munosabati ham men uchun yoqimli edi. Muxlislarni ham alohida aytishim kerak. Futbolni yaxshi ko‘rishlari va bizni ajoyib qo‘llab-quvvatlashlari menda iliq taassurot qoldirdi. Rahbariyatning loyihalari, “Surxon”ni kuchaytirish uchun amalga oshirayotgan ishlari menga ma’qul keldi. Bu yo‘lda jamoa uchun munosib o‘ynab, yordam berishni o‘z oldimga maqsad qilganman.
- Klubda eng hazilkash va jiddiy o‘yinchi kim?
- Qiziqarli va o‘ylantiradigan savol. Yoshlarni orasida hazilkash yigitlarni ko‘rdim. Ayniqsa, Diyor Ramazonovni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Bu yigit hamisha xursand va xushchaqchaq yuradi. Diyor Ramazonovni doim kayfiyati yaxshi yurganiga guvoh bo‘laman. Eng jiddiysi, menimcha, Behruz Shoydulov. U ham har zamonda kuladi, lekin kam gapiradi va ko‘pincha jiddiy yurganiga guvoh bo‘laman.
- Superligada siz uchun yoqimli, pozitiv kayfiyatni bag‘ishlagan va og‘ir o‘yin qaysi bo‘ldi?
- Bunday uchrashuvlarni alohida ayta olmayman. Bunaqa o‘yinlar deyarli bo‘lmadi. G‘alaba bilan tugagan uchrashuvlar xursandchilikka sabab bo‘ldi. Xursandchilikni xohlagan g‘alaba qozonishing va darvozangdan to‘p o‘tkazib yubormasliging kerak. To‘p o‘tkazmasdan g‘alaba qozonganimizda yanada xursand bo‘laman. Eng og‘ir uchrashuv menimcha Farg‘onada bo‘lgandi. O‘shanda “Neftchi” bilan durang o‘ynagandik. Barcha o‘yinchilari tajribali edi, qanotlardan uyushtirilgan hujumlari juda xavfli chiqqandi. Bizda bir qator yoshlar bor edi hamda vaziyatni ushlab qolishga harakat qildik. O‘sha oqshomda juda charchagandik. Yigitlarga qoyil, hamma oxirigacha kurashgan.
- 2024 yildan nimalarni kutyapsiz? “Surxon”ning syurprizlar ko‘rsatishiga qanchalik ishonasiz?
- To‘g‘risi, oldindan biror narsa gapirishni odat qilmaganman. Ko‘p narsa tayyorgarlikka va o‘yinchilarni mahoratiga bog‘liq. Ikkinchi davrani qanday o‘tkazish ham muhim. Chunki birinchi davradan ko‘ra ikkinchisi qiyinroq o‘tadi. Albatta, yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Hamma maksimal harakat qiladigan bo‘lsa, o‘yindan-o‘yinga tajribamiz ortib, o‘yinimiz ochilib boraveradi. Har bir uchrashuvda uch ochko bizga kerak, buni doim xohlaymiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Avval ko‘plab klublarda o‘ynagansiz. Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston. Xorvatiyaga ham borgan ekansiz...
- Ha, Xorvatiyaga bir marta borib qaytib kelganman.
- Ya’ni, faoliyatingizda o‘ynagan klublar va chempionatlarni Superliganiki bilan solishtira olasizmi?
- Har bir ligani o‘ziga xos jihatlari bor. Masalan, ba’zi chempionatlarni ko‘rdimki, maydonlari sifatsiz. Premer-ligada esa maydonlari zo‘r. Tashkiliy tuzilmani alohida aytishim mumkin. Belarusda ham yaxshi edi. Bahor va kuz fasllarida o‘ynashni biroz murakkabligi bor edi. Chunki sovuq muhitda to‘p surish qiyinchilik tug‘dirardi. Albatta, O‘zbekistonda ham o‘ziga xos yaxshi holatlarni ajratib ko‘rsatishim mumkin. Masalan, maydonlarning sifati, muxlislar. Ayniqsa, vodiydagi ishqibozlar ancha faol bo‘lishganiga guvoh bo‘ldim. Bizdagi “Surxon” muxlislarini ham alohida ta’kidlab o‘taman. O‘zbekistonni ob-havosi ham o‘ziga xos va qulay. Sovuq bo‘lmagan muhitda to‘p surish yoqimli bo‘ldi. Bu erdagi yana bir yaxshi taraflaridan biri hech qanday korruptsiyani ko‘rmadim. Hammasi halol va vijdonan bo‘ldi. Shunday omillar har bir futbolchini maza qilib o‘ynashga zamin yaratdi. Yoshlarni ham o‘sishiga turtki bo‘ldi. Bunday sharoitlar va imkoniyatlar uning taraqqiyotiga xizmat qiladi, maza qilib to‘p tepishga turtki beradi.
- O‘zbekiston chempionatida siz eng yaxshi darvozabonlar sifatida kimlarni alohida e’tirof etgan bo‘lardingiz?
- Bu erda o‘yinlar soni va sifati bo‘yicha baho berishim kerak-da. Hamma jamoada har xil darvozabonlar. Masalan, kimdir birinchi davrada, yana kimdir ikkinchi davrada ko‘proq o‘ynagan. Doimiy ravishda darvozasini qo‘riqlagan “Navbahor”dagi O‘tkir Yusupovni ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. U butun mavsumni to‘liq o‘tkazdi. Milliy terma jamoada va Osiyo Chempionlar ligasida ham barqaror ishtirok etdi. Jiddiy va yaxshi posbon ekanligi ko‘rinib turdi.
- O‘zbekistondagi xavfli hujumchi deb kimni aytgan bo‘lardingiz?
- Nimeli. U nafaqat menga do‘st bo‘lgani uchun, balki yaxshi insonligi sababli va mashg‘ulotlarda ham doim birga bo‘lganimiz bois uni ayta olaman. Mahorat nuqtai nazaridan Cheranni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Nafaqat boshi bilan yaxshi o‘ynaydi, balki vaziyatlar yaratish bo‘yicha ham tajribali ekanligi ko‘rinib turdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar