Asror Aliqulov: Pro-liga saviyasi oldingidek emasligi uchun bajarib bo‘lmas ishni uddaladik deb o‘ylamayman

  • 4 noyabr, 2019, 18:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan haftada pro-liganing «A» guruhida 26-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. G‘uzorda «Sho‘rtan» «Mash’al» bilan kuch sinashdi va mazkur to‘qnashuvda qayd etilgan 1:1 hisobi muborakliklarning Superligaga qaytishi uchun etarli bo‘ldi. 26-turdan keyin «Mash’al»ning hisobida 55 ochko mavjud. 2-o‘rindagi «Istiqlol»da esa 49 ochko bor. Navbatdagi turda esa «Mash’al» «Iftixor» bilan o‘ynashi kerak edi. Ammo farg‘onaliklar chetlatilgani bois o‘z-o‘zidan muborakliklarga texnik g‘alaba yoziladi. Buning ustiga «Mash’al»ning «Istiqlol» bilan o‘zaro o‘yinlaridagi  ustunlik ham vohaliklar tomonida. Shunday ekan, Asror Aliqulov bosh murabbiylik qilayotgan «Mash’al» muddatidan oldin Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Yodingizda bo‘lsa, mavsum o‘rtalarida «Mash’al» klubida bosh murabbiy o‘zgarib, Aleksandr Xomyakovning o‘rnini Asror Aliqulov egallagandi. Aytish mumkinki, uning «Mash’al» boshqaruv ostida ishlashi uning o‘zi uchun ham o‘ziga xos sinov edi. Boz ustiga jamoa tarkibi deyarli yosh o‘yinchilardan tuzilgandi. Ko‘pchilik esa hattoki, hali pro-ligada ham debyut qilmagan futbolchilar bilan Superliga yo‘llanmasi uchun qanday qilib kurasha olishlariga hayron qolishgandi. Biroq «Mash’al» nom jihatidan ham pro-liganing etakchilaridan biri edi. Faqat buni amalda isbotlash kerak edi xolos. Bundan tashqari, klubda ilk bor bosh murabbiylik qilayotgan Aliqulovda ham bunday holatda o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatish borasida imkoniyat yuzaga kelgandi. Asror Chorievichning bungacha murabbiy sifatidagi bilim va saviyasidan kelib chiqqan holda uning iste’dodli ekanligini payqagandik. «Mash’al» esa Aliqulovni bosh murabbiylikka tayinlab to‘g‘ri yo‘l tutganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

alikulov

- Avvalo aytishim kerakki, jamoamizning bu muvaffaqiyatida sobiq murabbiy Aleksandr Xomyakovning ham katta hissasi bor, - deya gap boshladi, Asror Aliqulov. - Bu jamoani yiqqan aynan Aleksandr Andreevich bo‘ladi. Keyinchalik Xomyakov jamoadan ketgach, uning ishi menga topshirildi. O‘sha paytda qo‘rquv bo‘lmadi-yu, ammo eplab keta olamanmikin, degan hadiksirash bo‘lgandi. «Mash’al»ning Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani butun murabbiylar shtabi va hammamizning yutug‘imizdir. Shuningdek, mavsum davomida etakchi jamoalar, aytaylik, «Istiqlol», «Sho‘rtan» kabi klublardan ko‘proq ochkolarni yig‘ishni maqsad qilgandik. Agar asosiy raqobatchilarga imkoniyatni boy berib, asosan pastki o‘rindagi jamoalardan ochko olaversangiz, u holda Superligaga chiqish imkoniyatlari pasayib ketgan bo‘lardi. Biz har bir uchrashuvga tayyorlandik, ammo e’tibor bersangiz, «Mash’al»ning har bir o‘yini og‘ir o‘tgan. Masalan, «Sho‘rtan», «Istiqlol» kabi jamoalar «Iftixor» va boshqa raqiblar darvozalariga 8 yoki 10 talab gol urgan bo‘lsa, biz o‘shalarni qiynalib yutgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Shuning uchun bizda oson uchrashuvlar bo‘lmadi. O‘ylaymanki, bu yosh futbolchilarimizning o‘sishiga ham ta’sir qilgan. Shu bois ham har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘raverganmiz. Yigitlarimizdagi chidamlilik va o‘ziga bo‘lgan ishonch mana shunday o‘yinlar orqali oshib boravergan. Albatta, biz uchun eng muhim bellashuvlar – oxirgi turlardagi «Istiqlol» hamda «Sho‘rtan»ga qarshi bahslar edi. Mazkur o‘yinlar chempionatda kimning birinchi o‘rinni olishini hal qilib berdi. Kerakli ochkolarni qo‘lga kiritganimiz tufayli muddatidan oldin Superligaga chiqishimizga sababchi bo‘ldi.

Klubda ishlash tizimi o‘zgardi, yuqorida aytganimizdek tarkibning o‘zagi yosh futbolchilar bilan shakllantirildi. Bunday paytda esa ancha-muncha murabbiy ular bilan ishlab maqsadga erisha olishi qiyin kechadi. Bu esa xuddi tavakkalchilikka ham o‘xshab ketadi.  

alikulov2

- Jamoamizdagi futbolchilarga qarasak, ularning aksariyati pro-ligada debyut mavsumini o‘tkazishdi, - deya mavzuni davom ettirdi, Asror Chorievich. - Adashmasam, tarkibimizdagi sanoqli o‘yinchilargina ilgari elitada o‘ynagan bo‘lishlari mumkin. Masalan, bulardan biri Bahodir Murtazoev bo‘lsa, ikkinchisi Nikita Pavlenko. «Nasaf»dan esa Normurodovni olgandik. Qolgan o‘yinchilarimizning esa aytarli malakalari ham yo‘q edi. Ularga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga harakat qildik. Ammo ular o‘yin davomida keraksiz xatolarga ko‘p yo‘l qo‘yishadi. Biz esa mana shunday xatolarga tayyor turishimiz kerak edi. Bunday holatlarda esa darvozamizga gol urish ehtimollari ham oshib ketadi. Biz esa gol o‘tkazmaslik va xatodan keyin darhol o‘sha xatoni to‘g‘rilashga katta e’tibor berdik. Futbolchilarimiz yosh bo‘lishgani sababli «Sho‘rtan», «Istiqlol», «Oq-tepa» kabi jamoalarning jismoniy holatidan kuchsizroq edi. Biz esa ko‘proq jamoaviy o‘yinni shakllantirishga urg‘u berdik. Bizda ahil-inoq jamoa bo‘lgani uchun ham shunday yutuqqa erishdik.

Aytish joizki, ilk bor «Mash’al» bilan pro-ligada bosh murabbiylik qilayotgan Aliqulov uchun ham Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani uning murabbiylik faoliyatida o‘ziga xos titul bo‘ldi. Har holda eslashga arziydigan ilk yutuqqa erishdi deyish mumkin. Uning o‘zi esa bu holatga shunday izoh berdi:

alikulov6

- To‘g‘risi, bunday muvaffaqiyatdan keyin u qadar o‘zimni yo‘qotib qo‘yayotganim ham yo‘q. Doim g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Futbol – bu xalq, muxlislar uchun. Bunday g‘alabadan osmonga uchib ketmaslik kerak. Yutdingmi – bunga futbolchilarning muxlislar oldida bajaradigan ishlaridan biri deb qarash kerak. Murabbiylikda ham shunaqa. Tan olaylik, pro-liga saviyasi oldingidek emas. Shuning uchun men bajarib bo‘lmas ishni uddaladik deb o‘ylamayman. Biz ishladik, bizga sharoit yaratib bergan hamma insonning hissasi bor. Albatta, g‘alabalar bo‘laversin, har bir yutuqdan keyin navbatdagisiga intilish kabi tushuncha har bir futbolchida bo‘lishi kerak. Ya’ni, bu bilan to‘xtab qolmaslik darkor. Masalan, o‘zimizda ham shunaqa hissiyot. Navbatdagi turdagi raqibimiz «Iftixor» edi, ammo bu o‘yin o‘tkazilmasligi bois yigitlarimizga ko‘proq dam berdik. Chunki yil davomida og‘ir mavsumni o‘tkazdik. Endi «Neftchi» bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Darhaqiqat, joriy yildagi pro-liga musobaqasida chalkash holatlar ko‘p kuzatildi. Klublarning qing‘ir o‘yinlariga aralashib chetlatilganligi musobaqa jadvali va o‘yinlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, musobaqa formati talab darajasida emasligi ham ko‘rinib qoldi,  qolaversa, o‘yinlar saviyasi ham tushib ketdi. «Mash’al» ustozi esa bu borada o‘z fikrini bildirib o‘tdi. 

alikulov4

- Pro-ligadagi formatni noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki bir nechta bo‘g‘inlarga bo‘lib tashlashdi. «A», «V» va yana uning ichida ikkita guruh…Qolaversa, mavsum davomida klublar chetlatilyapti…Undan ko‘ra futbol o‘ynashni xohlaydigan jamoalarni jalb qilish kerak. Pro-ligadagi bunday narsalar esa baribir futbolchilarga ham ta’sir qiladi. Shu bois bu yaxshi format emas. Saviya haqida esa hozircha gapirmay turganimiz ma’qul. Bugun yig‘ilib, shu o‘yinni o‘tkazib olishimiz kerak, qabilidagi o‘yinlar futbolga xos bo‘lmagan holatlar. Bu esa yoshlarning va futbolning saviyasiga salbiy ta’sir qiladi. Bizning «A» guruhimizda esa bir-biriga teng kuchli jamoalar yig‘ilgan. Ammo keyinchalik «Sherdor» ham, «Iftixor» ham qarshilik ko‘rsata olmay qolishdi. Shuning uchun oltita jamoa bilan bir yil davomida tinmay o‘ynayverdik. Ishtirokchilarni ko‘paytirish kerak. Hadeb bir jamoa bilan o‘ynayversangiz ham zerikib ketasiz. Shu bois bu format noto‘g‘ri. Lekin zo‘rma-zo‘raki, birovni majburlab qo‘yadigan jamoalar kerak emas.

Pro-ligada kelishilgan o‘yinlar yoki totalizator tufayli ayrim jamoalar chetlatilganini ko‘pchilik biladi. Qiziq, Aliqulov boshqaruvidagi «Mash’al»ga ham o‘yinni kelishish bo‘yicha taklif bilan chiqishanmidi? Bunga murabbiy quyidagicha javob berdi:

alikulov3

- Yo‘q, bizga hech kim kelishish haqida taklif bilan chiqmagan. Boya aytdim-ku, biz uchun har bir o‘yin og‘ir kechgan. Murabbiy sifatida menda har bir uchrashuvdan avval futbolchilarimiz yosh bo‘lishgani uchun ular o‘z saviyasida o‘ynay olisharmikin, degan fikr bo‘lardi. Albatta, mashg‘ulotlarda ularni shug‘ullantiraverganingiz sari ularga ishonasiz. Ammo ikkinchi tomondan ularga mahorat ham etishmay qolardi. Masalan, bugun yaxshi o‘ynagan o‘yinchi, keyingi o‘yinda umuman tanib bo‘lmas darajaga tushib qolgan holatlari kuzatiladi. Aynan shu tomonlama futbolchilarda ham, murabbiylarda ham ancha toliqish bo‘lgan. Albatta, o‘zimiz bilan birga ishlagan barcha futbolchilarga minnatdorchilik bildiramiz. O‘z navbatida rahbariyatga ham rahmat. Ular moliyaviy tomondan qiyinchilik bo‘lishiga qaramay, qo‘ldan kelganicha bizga sharoitlarni yaratib berishdi.

Asror Chorievich «Mash’al»ga bosh murabbiy etib tayinlanganida ham asosiy maqsad Superligaga chiqish ekani haqida aytgandi. Mana, mavsum oxiriga kelib u gapining ustidan chiqdi. Xo‘sh, Aliqulov bosh murabbiylikka aylanganidan so‘ng jamoada avvalo nimani o‘zgartira oldi?

- Biz yuqori cho‘qqilarni zabt etmoqchi bo‘lsak, unda o‘yin uslubimizni o‘zgartirishimiz kerak edi, - deb gapini davom ettirdi, murabbiy. - Faqat bitta uslub bilan siz kutgan darajada g‘alabalar qozona olmaysiz. O‘ziga yarasha himoyaviy va hujumkor o‘yin uslublarini qo‘llash kerak bo‘ladi. Pro-ligadagi jamoalarning saviyasi «Mash’al»nikidan baland emas. Faqat bu borada «Istiqlol» bilan «Sho‘rtan»ni tan olish kerak. Ayniqsa, nom jihatidan «Sho‘rtan»da yaxshi futbolchilar to‘plangan. Boshqalarning bizdan ustun emasligini yoshlarimizga uqtirib keldik. Biror-bir uchrashuvda hech bir jamoaga tashabbusni berib qo‘ymadik. Faqat himoyalansak ko‘p kuch yo‘qotamiz, chunki to‘p bizda bo‘lmagan paytda ham kuch ishlatiladi. Shu bois himoya bilan hujum o‘rtasidagi balansni ham ushlab turishga harakat qildik.

alikulov5

Aliqulov «Mash’al» bosh murabbiyi sifatida Superliga yo‘llanmasiga ega chiqqani tarixga kirdi. Xo‘sh, bu holat uning murabbiylik faoliyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Shu haqida o‘ziga murojaat qildik.

- Ko‘p ishladik, ko‘p mehnat qildik. Albatta, bu muvaffaqiyat murabbiylikdagi bir pog‘ona hisoblanadi. O‘z ustimizda ishlayversak, bundan ham yuqoriga intilishga harakat qilamiz. Albatta, murabbiylikda o‘qib, izlanayotganlarimiz ham foyda beryapti. Bu borada Islom Ahmedov va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga minnatdorchilik bildiraman. Murabbiylar shtabida esa Botir Qoraev, Aktam Berdiev, Dilyaver Vaniev – biz hammamiz birgalikda ishladik.

Asosiy maqsad bajarilganidan keyin o‘z-o‘zidan xotirjamlik paydo bo‘ladi. Buning ustiga bunday vaziyatda bosh murabbiyning elkasidan xuddiki tog‘ ajralgandek tuyuladi. Bunday paytda yangi mavsum haqida o‘ylab, rejalar tuzib chiqishni boshlashi ham tabiiy.

- Bungacha shunday ediki, har bir o‘yin o‘tganidan keyin darhol navbatdagi uchrashuv haqida o‘ylashni boshlardik. Endi esa bir o‘yinni o‘tkazib keyingi uchrashuv haqida o‘ylamayotgan holatim birinchi marta yuz berayotgan bo‘lsa kerak. Bungacha o‘yindan-o‘yinga yashab keldik, shuning ustida ishladik. Endi esa shu holat menda sezilmayapti. Albatta, kelasi yil uchun o‘ylayapmiz. Qaysidir futbolchilarga qiziqish bildiryapmiz, - deya javob berdi.

Tabiiyki, Superligaga munosib bo‘lish uchun katta ishlarni bajarish kerak. Ayniqsa, tarkib masalasida jamoaning hozirgi yoshlari bilan ishtirok etib natija ko‘rsatish o‘ta murakkab. Shuning uchun bu masalada qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa ham kerak. Aliqulov esa bunga shunday javob berdi:

- Hozirgi futbolchilarning barchasi «Mash’al»ning Superligaga chiqishi uchun katta mehnat qilishdi. Shu bois ularning hammasida kelasi yili Superligada «Mash’al»ning sha’nini himoya qilishlari uchun imkoniyati bor. Biroq endi bu pro-liga emas, balki Superliga! Bu erda saviya umuman boshqacha bo‘ladi. Shunday ekan, futbolchilarimiz o‘z ustilarida yanada ko‘proq ishlashsa va Superligaga mos ekanligini ko‘rsata olishsa, albatta ularda imkoniyat bo‘ladi. Hammasi o‘zlariga bog‘liq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!