"Ayol bokschi" Iman Xelif Sport arbitraj sudiga apellyatsiya berdi
2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarida ayollar boksining 66 kg vazn toifasida chempioni bo‘lgan Iman Xelif Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya berdi. Uning shikoyati World Boxing tashkiloti tomonidan joriy etilgan majburiy gender testlari qoidasiga qarshi yo‘naltirilgan. Bu haqda sud matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, CAS Xelifning qoidalarni to‘xtatib turish haqidagi iltimosini rad etdi. Olimpiada chempioni o‘z shikoyatida World Boxing musobaqalarida gender testini oldindan topshirmasdan qatnashish huquqini talab qildi. Shuningdek, u o‘z nomzodini 4 sentyabrdan start oladigan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashish uchun tasdiqlashni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, World Boxing tashkiloti yaqinda ayollar va erkaklar musobaqalarida ishtirok etish uchun barcha sportchilarni gender testidan o‘tkazishni majburiy tartibda joriy etgan edi.



Fikrlar