Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi

"Ayollar futboli doim og‘ir ahvolda bo‘lib kelgan" - "Navbahor - W" sardori Muqaddam Abdullaeva ko‘p haqiqatlarni ochiq aytdi! (intervyu)
SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning navbatdagi suhbatdoshimiz bugungi kunda o‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega Namangan viloyatining ayollar futbol klubi "Navbahor - W" sardori Muqaddam Abdullaeva.
Assalomu alaykum, Muqaddam! Ijozatingiz bilan ilk savolni klub haqida bermoqchiman. Ayni paytda"Navbahor - W"da kayfiyat qanday?
- Assalomu alaykum. Namanganliklar safida 3 yildan buyon to‘p tepmoqdaman. Jamoamiz yildan yilga yangilanib, kuchayib bormoqda va yaxshi darajaga etdik, deb o‘ylayman. Jamoadagi qizlarga kelsak, barchasi tajribali futbolchilar. Turnir jadvalida esa, biroz omad etishmayapti.
Ayollar futboli uzoq vaqt davomida qarovsiz qoldi, hech kim e’tibor qaratmadi. Lekin hozir jamoalar uchrashuvi kuzatuv ostiga olingan. Bu "Navbahor - W" klubida qanday ko‘rinishda?
- Ayollar futboli biroz vaqt qiyin ahvolda bo‘lmagan, hozir ham shunday! Superligada erkaklar klubi bo‘lishi uchun majburlikdan ayollar jamoasini ochib qo‘yishgan va aytganingizdek, u qarovsiz holda. Kezi kelsa, hurmat ham qilishmaydi. Maoshlar ham juda kam va o‘z vaqtida berilmaydi (mukofot pullarini-ku, gapirmasa ham bo‘ladi). E’tibor qaratiladigan klublar ham sanoqli, bizning jamoada ham sharoitlar havas qiladigan darajada emas. Afsus... Ayollar futboli achinarli ahvolda.
Unda bugun sizni futbolda ushlab turgan sabab nima? Qay maqsadda futbol o‘ynayapsiz?
- Yagona sabab - futbolga muhabbat. Ayollar futbolini sevgiga o‘xshataman (kulib), qiyinchiliklari bor, azoblari bor, lekin foydasi yo‘qligini bilgan oshiqning sevgisiga o‘xshaydi. Shuni bilgan holda futbol o‘ynamoqdamiz.
Qachondir o‘sha muhabbatingizdan voz kechishga to‘g‘ri kelsa nima qilasiz? Masalan, turmushga chiqsangiz?
- Albatta, bu dunyoda hech narsa abadiy emas! Har bir inson nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechadi. Mening ham boshqa ilojim yo‘q.
Yaqin orada bu voqeaga guvoh bo‘lishimiz mumkinmi?
- InshaAlloh, lekin oldindan biror narsa aytolmayman. Alloh nasib qilsa, albatta, yaqin kunlarda shu lahzalar keladi.
O‘zi yaxshi ko‘rganingiz bormi?!
-Yaxshi ko‘rish faqat Allohga nisbatan bo‘ladi, insonlarga muhabbat esa, faqat ota-onaga.
Namangan futboli muxlislari bilan butun O‘zbekistonda shuhrat qozongan. "Navbahor"ning har bir bahsi katta qiziqish bilan kutilishi sizlarga ham biroz yordam bersa kerak?
- Ayollar futboliga muxlislar juda kam kirishadi. Chunki ayollar klubi borligini ham bilishmaydi. Qiziqish bo‘lishi uchun ayollar futboli reklamaga muxtoj! Yaqinda bir tokshouda o‘tkazilgan maxsus so‘rovnomadan bildik-ki, O‘zbekistonda ayollar futboli borligini deyarli hech kim bilmaydi.
Faqat reklama bilan hal bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Negaki, Superliganing ham ba’zi jamoalarida bu muammo echim topmagan, garchi o‘yinlar jonli efirda translyatsiya qilinsa ham.
- Muhimi jamoa borligini bilishadi-ku. Biz esa...
Tasavvur qiling, bugun sizda shunday imkoniyat bor, jamoani o‘zgartirish uchun nima qilgan bo‘lar edingiz?
-Ayollar jamoalariga shunchaki qaramaslik, balki erkaklardan kam bo‘lmagan holda sharoit yaratishni istar edim. Shu bilan birga, ayollar qiyin va mashaqqatli yo‘lni tanlaganligi uchun maoshlarini oshirilishini ta’minlagan bo‘lardim.
Sir bo‘lmasa qancha maosh olasiz?
-Bu sir bo‘lib qolsin! Ayollar klublarida aytishga arzigulik maosh berilmaydi.
Sizga boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘ldimi?
- Oldin "Bunyodkor", "Metallurg" ayollar klubida o‘ynaganman. Ayrim sabablarga ko‘ra, "Navbahor"ga qaytishga majbur bo‘ldim. Hozir ham takliflar bo‘lyapti, lekin nasib qilgani bo‘ladi.
Oilangizda sizni kasbingizni qanday qabul qilishgan?
- Hech qachon qarshilik qilishmagan. Har doim meni tanlovimni ma’qullashgan.
Futbolchi, umuman olganda, sportchi qizlar orasida yigitlarga o‘xshab kiyinadigan, sochini turmak qiladigan qizlar ham bor. Bu qanchalik to‘g‘ri, deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘ri, yigitlarga o‘xshab kiyinadigan, sochini turmaklaydigan qizlar nafaqat futbolda, balki boshqa sport turlarida ham juda ko‘p uchraydi. Lekin men bunga qarshiman! Bu Allohga noshukurlik, deb o‘ylayman. Ming erkakcha kiyingan bilan erkak bo‘lib qolmaydi. Undan ko‘ra, go‘zal bo‘lib, yigitlarni kuydirib yurganga nima etsin(kuladi).
Rasmlaringizni qiziqib ko‘rganimda, ro‘mol o‘rab tushgan rasmlaringiz bor ekan. Rostan ham o‘raganmisiz?
-O‘tgan yili oilamizda og‘ir judolik bo‘ldi, opam vafot etdilar. Shu sababli, o‘ranib yurdim. Futbol tufayli yana echishga majbur bo‘ldim, afsuski.
Oxiratlari obod bo‘lsin. Bo‘sh vaqtlaringizda qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanasiz?
- Omin! Juda ham uyquchiman(kulib), uxlash bilan shug‘ullanaman. Uyqudan ortsam, ovqat pishirish va tikishga vaqt ajrataman.
O‘yindan oldingi mashg‘ulotlar haqida gapirsangiz. Necha mahaldan shug‘ullanasizlar?
- Hozir mashg‘ulotsiz maydonga tushamiz. Ko‘rib turganingizdek, barchasi e’tiborsizlik tufayli!
Haqiqatlar va samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Ayollar futboliga e’tibor kuchayishi va faoliyatingizda omad tilayman.
- Sizga ham rahmat. InshaAlloh, shu kunlarni intizorlik bilan kutamiz.
Fikrlar